Ma’lumki, butun dunyoda vujudga kelgan koronavirus pandemiyasi tufayli jamiyat hayoti, eng avvalo, inson salomatligi va xavfsizligini o‘ylab tashkil etilmoqda. Jumladan, ta’lim tizimida ham qator yangiliklar amalga oshirilib, yoshlarning doimiy ravishda bilim olishlari uchun darslar onlayn olib borilmoqda. Yurtimizning barcha oliy ta’lim muassasalarida ham o‘quv jarayonlari masofaviy shaklga o‘tkazilgan bo‘lsa-da ustoz va murabbiylar, talaba-yoshlarning faolligi aslo pasaygani yo‘q. Bu jarayonga esa xorijiy pedagoglarning ham jalb etilishi ta’lim samaradorligi o‘sishiga ta’sir etayotgani tabiiy.
Kuni kecha O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasida misrlik moturidiyshunos olim, doktor Ahmad Sa’d Damanhuriy yana dars o‘tishni boshladi. Biz taniqli islomshunos olimni akademiyadagi faoliyatini davom ettirish maqsadida yurtimizga kelgani bilan qutlab, u kishidan yangi o‘quv yilidagi dastlabki dars mashg‘uloti taassurotlari bilan o‘rtoqlashishni so‘radik.
— Ma’lumki, hozirda butun dunyoda ta’lim dargohlarida dars jarayonlari ko‘proq onlayn tarzda olib borilmoqda. Talaba-yoshlar ham bunday mashg‘ulotlarga moslashmoqda. Albatta, boshida ozroq qiyinchiliklar paydo bo‘ldi. Hozir bu muammolar bartaraf etilgan. Talabalarning takliflarini inobatga olib, ularga yanada qulaylik yaratish maqsadida fan bo‘yicha qo‘shimcha tushuntirish ishlarini ham olib boryapmiz.
Umuman olganda, Akademiya talabalari haqida fikr bildiradigan bo‘lsam, ular juda tirishqoq, g‘ayratli ekani intilishlari va yonib turgan ko‘zlaridan sezilib turadi. Ayniqsa, talabalarning bilim olishga rag‘bati va ustozlariga hurmati juda e’tiborimni tortdi. Bundan oldin men boshqa davlatlarning ta’lim muassasalarida ham dars berganman. Ammo u yerdagi talabalar bilan akademiyadagi talabalarning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqi, jumladan, arab tilini bilish darajasi ancha yuqoriligi xursand qilmoqda. Bu dars jarayonlarida ularning o‘z fikrlarini erkin bayon etishida ham sezilyapti. Buyuk allomalar vorislariga saboq berish biz uchun sharaf.
Shuni ishonch bilan aytamanki, agar yurtingiz yoshlaridagi ilm va kasb-hunarlarni egallashga bo‘lgan ishtiyoq shunday kuchayib borsa, kelajakda albatta, O‘zbekistonda buyuk ulamo ajdodlariga munosib olimlar kamolga yetishi va davlatingiz rahbari ta’kidlaganidek, “Uchinchi Renessansga mustahkam poydevor qo‘yiladi”.
Yana bir e’tiborli jihat: O‘zbekistonga xalqingiz uchun ulug‘ va muborak sana – 21-oktabr – “O‘zbek tili bayrami kuni” kelganimdan ham benihoya quvondim. Bu bayramni o‘zbek xalqi katta xursandchilik bilan kutib olganidan bag‘oyatda ta’sirlandim. Hattoki, Afg‘oniston Islom Respublikasida ham bu sananing nishonlanishi O‘zbek tilining nufuzi naqadar yuqori ekanidan dalolat beradi.
Til — inson tafakkuri, muayyan bir xalqning madaniyati, milliy o‘zligining asosidir. Aynan u orqali inson madaniyati, urf-odati, bir mintaqaning o‘ziga xos bo‘lgan xususiyati shakllanib boradi. Men bir olim sifatida shuni aytamanki, har bir millat o‘zining ona tiliga birinchi galda e’tibor qaratishi, muqaddas dini sofligini asrashi kerak. Undan keyin esa global xalqaro hamjamiyatga chiqish uchun ko‘proq tajriba, ma’lumot almashishda hozirgi yoshlar xorijiy tillarni ingliz, fransuz, qolaversa, nemis tillarini ham yaxshi o‘zlashtirishlari lozim. Ona tilini bilmaslik, uni qadrlamaslik oqibatida millat tanazzulga yuz tutishi tarixdan ma’lum. Shu bois, davlatingizda ona tiliga ustuvor e’tibor qaratilayotgani ham bu zaminning buyukligi, uning ertagi taraqqiyotidan dalolat beradi.
Shu o‘rinda, aytib o‘tishim lozimki, Movarounnahr zaminida kamol topgan olimlar tomonidan arab tilida ham katta ma’naviy meros qoldirilgan. Shu bois O‘zbekistonda arab tilini o‘rgatadigan, qolaversa, qadimgi Movarounnahrga xos bo‘lgan qo‘lyozma manbalarni tadqiq etadigan markazlarni ko‘paytirishni taklif qilaman. Bu orqali mazkur manbalarni chuqur o‘rganib, o‘zlashtirib, hozirgi zamonaviy o‘zbek tiliga tarjima qilish orqali Islom olamining eng buyuk allomalari hisoblangan — Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy singari bobokalonlaringizning munosib izdoshlari kamol topadi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi nafaqat O‘rta Osiyo, balki butun dunyoda diniy va dunyoviy bilimlarini o‘rgatadigan yetakchi oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot markazlaridan biri, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu bois mazkur ilm o‘chog‘iga nafaqat O‘rta Osiyodan, balki butun dunyodagi ta’lim muassasalaridan talabalar kelib, tahsil olishga intilishmoqda. Demak, Akademiya nufuzini yanada oshirish yo‘lida barcha professor-o‘qituvchilar va rahbariyatiga ulkan muvaffaqiyat tilayman!
So‘zim oxirida Misrning “Al-Azhar” majmuasi rahbari, shayx Ahmad Toyyibning: “Bizning ruhimiz Makkai Madinaga intilsa, aqlimiz Samarqandga oshiqadi!”, deya yurtingizga bergan nozik ta’rifini yodga olmoqchiman. Zero, dunyo sivilizatsiyasiga o‘zining tengsiz hissasini qo‘shgan buyuk allomalar, mutafakkirlar yurti hamisha qalblarga ezgulik, ilm-ma’rifat nurini taratib turishi shubhasiz. Bunday ulug‘ meros esa bugun kamol topayotgan yosh avlodlar taqdirida ham borligiga ishonaman!