Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyo – Islom madaniyati va sanʼati oʻchogʻi” ilmiy loyihasi doirasida navbatdagi onlayn seminar oʻtkazildi. Unda Diniy-maʼrifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash institutining Namangan mintaqaviy filiali dotsenti, tarix fanlari nomzodi Zafar Najmiddinov “Oʻrta asrlarda Xorazm hududida yozilgan fiqhiy asarlarda mahalliy urf-odatlarning aks etishi” mavzusida maʼruza qildi.

Seminarda Markaz ilmiy xodimlari, IRCICA vakillari, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, OʻzFA Sharqshunoslik instituti, Hadis ilmi maktabi oʻqituvchilari va talabalari, shuningdek, Turkiya va Qozogʻistondan tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Anjumanda Xorazm vohasining oʻrta asrlar huquqiy va ijtimoiy hayotiga doir ilgari jamoatchilikka uncha maʼlum boʻlmagan oʻziga xos jihatlari ochib berildi. Qayd etilganidek, u kezlarda fiqhiy va fatvo asarlari nafaqat sof diniy-huquqiy manba, balki davrning real tarixi, kundalik turmush tarzi va mahalliy urf-odatlarini oʻzida aks ettirgan bebaho ijtimoiy hujjatlar vazifasini ham oʻtagan. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi fondida saqlanayotgan mahalliy mualliflarning asarlari, xususan, Muxtor Zohidiyning “Qunyat al-munya” kitobi geografiyasi va undagi maʼlumotlar buni yaqqol isbotlaydi. Mazkur asarlarning keyinchalik boshqa islom oʻlkalari, xususan, Ibn Nujaymning “al-Bahr ar-roiq” asarida aynan koʻchirilib, manba sifatida foydalanilgani Xorazm huquqiy maktabining keng mintaqaviy taʼsiridan dalolat beradi.
Z.Najmiddinov fiqhiy matnlardagi tarixiy-geografik va madaniy maʼlumotlarning oʻziga xos kuchiga alohida toʻxtalib oʻtdi. Masalan, “Qunya” asarida Xorazmning iqlimiy xususiyatlari — hududning shimoliy kengliklarda (Rossiyaning Qozon shahri bilan bir xil parallelda) joylashgani sababli kun va tunning oʻta qisqarishi yoki uzayishi sharoitida namoz va roʻza vaqtlarini belgilash, hatto ehtiyot peshin namoziga oid fatvolarning mahalliy sharoitdan kelib chiqib shakllantirilgani koʻrsatib oʻtildi.
Eng qiziqarlisi, oʻrta asrlar tarixshunosligidagi ayrim stereotiplarga fiqhiy manbalar orqali aniqlik kiritilganidir. Odatda moʻgʻul bosqiniga qadar Xorazmda yashagan faqihlarning barchasi muʼtaziliy boʻlgan degan qarash mavjud boʻlsa-da, olimning tahlillariga koʻra, davrning eng nufuzli manbalaridan biri hisoblangan “Yatimat ad-dahr” kabi toʻplamlarda muʼtaziliylik qarashlari uchramaydi. Bu esa hududda ahli sunna va jamoa, xususan, hanafiylik mazhabi izchil rivojlanganini isbotlaydi. Bundan tashqari, mashhur ashʼariy olimi Faxriddin ar-Roziyning Xorazmga safar qilib, mahalliy faqih va mutakallimlar bilan ilmiy munozaralar olib borgani Xuroson va Xorazm ilmiy markazlari oʻrtasidagi aloqalar juda erta boshlanganini koʻrsatadi.
Seminarning yana bir diqqatga sazovor qismi – fiqh asarlari orqali oʻsha davr ijtimoiy hayoti va mahalliy urf-odatlari talqini boʻldi. Muayyan fatvolar misolida hayotiy munosabatlar, aholining kundalik ehtiyojlari, urf va shariat qoidalarining oʻzaro uygʻunlashuvi qanday taʼminlangani tahlil qilindi. Ushbu jarayon manbashunoslikda ijtimoiy tarixni oʻrganishning yangi va yuqori darajadagi aniqligini kafolatlaydi.

Seminar yakunida tadqiqotchi bunday xulosani bayon etdi: oʻrta asrlar Xorazm ilmiy va huquqiy muhiti yopiq boʻlmagan, aksincha, u mahalliy urf-odatlarni islom huquqi doirasida sinchiklab tahlil qilgan va oʻz davrida Markaziy Osiyoni boshqa yirik ilmiy markazlar bilan bogʻlagan faol muloqot maydoni sifatida namoyon boʻlgan.
Ishtirokchilar olimning maʼruzasida keltirilgan maʼlumotlarni yuqori baholab, bunday tadqiqotlar milliy oʻzligimizni anglash va boy maʼnaviy merosimizni dunyoga tanitishda muhim oʻrin tutishini taʼkidladi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





