Jazoirda safarda boʻlgan Oʻzbekiston delegatsiyasini Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi Din ishlari boʻyicha vaziri, Jazoir jome masjidi majmuasi rahbari shayx Muhammad Maʼmun Qosimiy Hasaniy rasmiy qabul qildi. Agʻvot shahrida oʻtkazilayotgan Xalqaro tasavvufiy samo madaniy festivali doirasida kechgan ushbu uchrashuvda anjuman direksiyasi vakillari va xorijlik olimlar ham ishtirok etdilar.

Muloqot davomida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari doktori Shovosil Ziyodov Markaz tomonidan soʻnggi yillarda islom tarixi, manbashunoslik va buyuk mutafakkirlar ilmiy merosini tadqiq etish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan akademik faoliyat, nashr etilgan asarlar hamda xalqaro aloqalarning koʻlami haqida batafsil maʼlumot berdi.

Shayx Muhammad Maʼmun Qosimiy Hasaniy mezbon mamlakatning eng yirik diniy-maʼrifiy maskani hisoblangan Jazoir jome masjidi majmuasining tarkibiy tuzilishi, uning qoshidagi ilmiy-tadqiqot institutlari, boy kutubxona fondi hamda zamonaviy taʼlim imkoniyatlari bilan oʻzbekistonlik olimlarni yaqindan tanishtirdi.
Suhbatda tomonlar oʻzaro manfaatli ilmiy-akademik aloqalarni yoʻlga qoʻyish, islom sivilizatsiyasi va qadriyatlarini birgalikda tadqiq etish hamda istiqboldagi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish borasida dastlabki kelishuvga erishdi.

Shu bilan Oʻzbekiston olimlarining Jazoir Xalq Demokratik Respublikasiga ilmiy safari nihoyasiga yetdi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





