Home / FOTO LAVHALAR / Markaz yangi nashrlarining Turkiyadagi taqdimotlari

Markaz yangi nashrlarining Turkiyadagi taqdimotlari

Avval xabar qilinganidek, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari vakillaridan iborat delegatsiya ayni kunlarda amaliy tashrif bilan Turkiyada mehmon boʻlib turibdi.

Safar doirasida mamlakatdagi muzey va kutubxonalar faoliyatini yaqindan oʻrganish bilan birga, yirik ilmiy muassasalarda maʼnaviy-maʼrifiy va taqdimot tadbirlari oʻtkazilmoqda.

Jumladan, Turkiyaning Anqarada joylashgan eng yirik – Millat kutubxonasida markazlarimiz faoliyati va chop etilgan adabiyotlarga bagʻishlangan taqdimot boʻlib oʻtdi. Unda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Yoʻldoshxon Isayev kutubxona maʼmuriyatiga erishilayotgan natijalar haqida maʼlumot berdi.

Delegatsiya aʼzolari markazlar tomonidan nashr etilgan yangi adabiyotlarni taqdim etdi. Kutubxonada Oʻzbekistondan keltirilgan diniy va dunyoviy adabiyotlar jamlangan “Oʻzbekiston burchagi”ni koʻzdan kechirdi.

Keyingi tadbir Anqara Davlat universitetining Ilohiyot fakultetida oʻtkazildi. Professor-oʻqituvchilar qatnashgan anjumanda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi binosining qurilishi, u yerdagi kutubxonaga oid maʼlumot bayon etildi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati va eng yangi nashrlar taqdimot qilindi. Y.Isayev Markaz tomonidan Imom Buxoriyning yaqinda nashrga tayyorlangan “Xalqu afʼolil ibod” va “Kitobuz zuafois sagʻir” asarlari tarjimasi va sharhlariga alohida toʻxtaldi. Taqdimot yakunida fakultet kutubxonasiga Markazning yangi nashrlari taqdim qilindi.

Delegatsiya aʼzolari Anqara Yildirim Boyazid universitetining Ilohiyot fakultetida ham boʻldi. Uchrashuvda Markazlar faoliyati haqida maʼlumotlar berilib, hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash masalalariga oid fikr-mulohazalar bildirildi.

Yana bir maʼrifiy tadbirning mezboni IHTning Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) boʻldi. Bu yerda markazlar faoliyatiga oid taqdimotlar oʻtkazildi. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Baxtiyor Ibotov yigʻilganlarga Markaz yutuqlari va nashrlari haqida maʼruza qilib, buyuk muhaddisning ilk bor oʻzbek tiliga tarjima qilingan “Xalqu afʼolil ibod” va “Kitobuz zuafois sagʻir” asarlari haqida batafsil maʼlumot berdi.

Tadbir davomida fotokoʻrgazma, media ivent (hamkorlikka qiziqtirish va jalb qilishga qaratilgan media tadbir) va “Oʻzbekiston allomalari ensiklopediyasi” taqdimoti ham boʻlib oʻtdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Yangi nashrlar mintaqa xalqlari maʼrifatini oshirishga xizmat qiladi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Imom Buxoriy ilmiy merosi: zamonaviy tadqiqotlar” mavzusida xalqaro davra suhbati …