17-iyun kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Oʻzbekiston va Malayziyaning yetakchi ilmiy-taʼlim muassasalari hamkorligida islom sivilizatsiyasi mutafakkirlari ilmiy merosiga bagʻishlangan 6-xalqaro seminar ish boshladi. Har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinadigan anjumanning bu gal “Ilm, hikmat va taraqqiyot: Islom sivilizatsiyasining insoniyat tarixi va kelajagidagi oʻrni” mavzusida tashkil etilib, islom sivilizatsiyasi merosi, zamonaviy jamiyat taraqqiyotida diniy-maʼrifiy qadriyatlarning oʻrni, ilm-fan va maʼnaviyat masalalariga bagʻishlandi. Unda Oʻzbekiston, Malayziya, Indoneziya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Nigeriya va Shimoliy Makedoniyadan olimlar, tadqiqotchilar va oliy taʼlim muassasalari vakillari ishtirok etmoqda.

Tadbirning ochilish marosimida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, professor Shovosil Ziyodov, Hadis ilmi maktabi rektori Baroat Amonov, Malayziya Milliy universiteti vitse-kansleri, professor Sufyon Jusoh hamda universitetning akademik va xalqaro ishlar boʻyicha prorektori, professor Fariza Sham islom sivilizatsiyasi tarixi insoniyat tamaddunining ajralmas qismi ekanini, Movarounnahr va Malayya oʻlkasida shakllangan ilmiy anʼanalar esa bugungi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmaganini taʼkidladi.

Qayd etilganidek, zamonaviy ilm-fan va texnologiyalar jadal rivojlanayotgan sharoitda tarixiy merosni chuqur oʻrganish, undagi insonparvarlik, maʼrifatparvarlik va bagʻrikenglik gʻoyalarini keng targʻib qilish jamiyat barqaror taraqqiyotining muhim omillaridan hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan mazkur konferensiya turli mamlakatlar olimlari oʻrtasidagi ilmiy muloqotni mustahkamlashga xizmat qilishi alohida eʼtirof etildi.

Tadbir doirasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Malayziya Milliy universiteti oʻrtasidagi hamkorlik memorandumining amal qilish muddati uzaytirildi. Tomonlar bu amal ikki mamlakat ilmiy muassasalari oʻrtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishi, qoʻshma tadqiqotlar va akademik almashuv dasturlari koʻlamini kengaytirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

Ilmiy yigʻinning birinchi kunida oʻnlab maʼruzalar tinglanib, Movarounnahr ilmiy maktablarining islom sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi, moturidiylik taʼlimoti, hadisshunoslik, vaqf instituti, islom iqtisodiyoti, maʼnaviy tarbiya va ijtimoiy barqarorlik masalalari muhokama qilindi.

Anjuman doirasida koʻtarilayotgan mavzular bugungi kunda islom sivilizatsiyasi merosini faqat tarixiy voqelik sifatida emas, balki jamiyat taraqqiyoti, maʼnaviy barqarorlik va ilmiy taraqqiyot uchun muhim intellektual resurs sifatida oʻrganish zarurligini koʻrsatmoqda. Ayniqsa, sunʼiy intellekt va raqamlashtirish tobora rivojlanayotgan, globallashuv qamrovi kengayib borayotgan bugungi sharoitda mumtoz islom ilmlari bilan zamonaviy bilimlar oʻrtasidagi uygʻunlik va ratsional integratsiyani taʼminlash masalasi xalqaro ilmiy hamjamiyat diqqat markazida boʻlib turibdi. Bu jihatdan Samarqanddagi mazkur konferensiya turli mamlakatlar olimlari oʻrtasidagi ilmiy muloqot va tajriba almashuvi uchun muhim maydon vazifasini oʻtamoqda.
Anjuman 18-iyun kuni oʻz ishini davom ettiradi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





