Home / FOTO LAVHALAR / Islom – insoniylik, bilim va maʼrifat falsafasi: Jazoirda yangi kitob taqdimoti

Islom – insoniylik, bilim va maʼrifat falsafasi: Jazoirda yangi kitob taqdimoti

Jazoirning Agʻvot shahrida oʻtkazilayotgan XII Xalqaro soʻfiylik taronalari madaniy festivali va xalqaro ilmiy simpozium doirasida alohida ahamiyatga molik tadbir – iroqlik taniqli adib va sharqshunos, Toshkentdagi Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti professori, doktor Ahmad Jasim Zubaydiyning “Maʼnaviyat – Yangi Oʻzbekistonning Zuhro yulduzi. Islom – insoniylik, bilim va maʼrifat falsafasi” nomli badiiy-publitsistik kitobining rasmiy taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Oʻzbek va arab tillarida chop etilgan 560 sahifali mazkur kitob Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning diniy-maʼnaviy va ilmiy-maʼrifiy sohalarda olib borayotgan izchil siyosatining tub falsafasi hamda bu yoʻnalishdagi global tashabbuslarining umumbashariy ahamiyatini yoritishga bagʻishlangan. Muallif, uzoq yillar davomida Oʻzbekistondagi ijtimoiy-maʼrifiy jarayonlarni kuzatgan qalamkash va olim sifatida, yurtimizda kechayotgan maʼnaviy yuksalish, diniy bagʻrikenglik va inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan islohotlar jarayoni va samarasini atroflicha bayon qilgan.

Taqdimot marosimida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rahbariyati ushbu kitobning yaratilish tarixi va davlatimiz rahbari tomonidan yuksak baholanganini taʼkidlab oʻtdi.

Anjumanda ishtirok etayotgan arab dunyosi olimlari, islomshunoslar va xorijlik delegatsiyalar vakillari asar mazmuniga juda katta qiziqish bildirdi. Tadbir davomida xalqaro OAV xodimlari hamda televideniye vakillari uchun kitobning ahamiyati yuzasidan maxsus intervyular tashkil etildi.

Taqdimot yakunida Yangi Oʻzbekistondagi maʼrifiy islohotlar, Movarounnahr ulamolarining boy merosi hamda bagʻrikenglik tamoyillari arab tilida teran falsafiy mushohadalar asosida ochib berilgan ushbu kitob nusxalari xalqaro simpoziumning xorijlik ishtirokchilari va qiziqish bildirgan arab olimlariga hadya etildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Imom Buxoriy merosi – zamonlar va ilmlarni tutashtiruvchi robita

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Xalqaro akademik hadis tarixi anjumanlari” loyihasi doirasida “Imom Buxoriyni qayta …