Home / MAQOLALAR / KECHIRING – KECHIRILASIZ!

KECHIRING – KECHIRILASIZ!

Inson – ijtimoiy mavjudot. Hayotimiz davomida boshqalar bilan muomala-munosabatda boʻlmay yashay olmaymiz. Bu muloqotlar jarayonida esa kimdir bilib-bilmay dilimizni ogʻritishi, moddiy yo jismoniy zarar yetkazib qoʻyishi mumkin. Shunday vaziyatlarda qalbimizda gina-kudurat saqlaganimiz yaxshimi yo kechirib yuborganimizmi?! Aynan shu tanlov jamiyat farovonligi va qalbimiz halovatini belgilaydi.

Aksar hollarda insonga qasos olish yo jazolash osonroq tuyuladi. Ammo aslida jazolashdan koʻra kechirish va bagʻrikenglikni birinchi oʻringa qoʻyish odamlar oʻrtasida yuzaga keladigan keskin kelishmovchiliklarning oldini olishda koʻproq asqotadi.

Kechirish – insonning aybi va qilmishiga koʻz yumib, jazo berish imkoni boʻla turib, undan voz kechish. Abu Dardo roziyallohu anhudan: “Odamlarning eng azizi kim?” deb soʻrashganida, u: “Jazolashga qodir boʻla turib kechirgan kishi. Kechirimli boʻling, Alloh taolo sizni aziz qiladi”, deb javob bergan.

Kim afv etsa, Alloh uni kechiradi, kim kechirsa, Alloh uni magʻfirat qiladi. Chunki Nabiy alayhissalom taʼkidlaganlaridek: “Odamlarga rahm qilmaydigan odamga Alloh taolo ham rahm qilmaydi” (Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilgan).

Shunday ekan, inson Alloh oʻziga qanday muomala qilishini xohlasa, oʻzi ham boshqalarga shunday munosabatda boʻlishi lozim. Muoviya roziyallohu anhu aytganidek: “Sizga imkoniyat berilgunicha sabrli va bagʻrikeng boʻling. Imkon berilsa, kechirimli va saxovatli boʻling”. Yaʼni, mansab yoki amalga erishguncha sabr qiling. Maqsadga yetsangiz, rahbar boʻlsangiz qoʻl ostingizdagilarga nisbatan kechirimli va karamli boʻling.

Islom taʼlimotida bagʻrikenglik va kechirimlilik xulq bobida asosiy oʻrinda turadi. Alloh taolo Aʼrof surasining 199-oyatida “Kechirimli boʻling, yaxshilikka boshlang va johillardan yuz oʻgiring” deb buyurgan.

Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hammamizga oʻrnakdirlar. Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: “Ey Allohning Rasuli! Xodimni necha marta afv qilamiz?” dedi. U zot indamadilar. Savol uchinchi bor takrorlanganida: “Har kuni yetmish marta”, deb javob berdilar” (Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilgan).

Hamkasblar, xodimlar, farzandlar xatolarini ham qayta-qayta kechirish insoniy munosabatlarni asrab qolishning oliy namunasi boʻladi.

Kechirimli boʻlish shunchaki axloqiy fazilat emas, balki insonning dunyo va oxiratdagi azizligiga sabab boʻladigan kuchli omildir. Quyida afv etish va kechirishning besh foydasini sanab oʻtamiz.

  1. Parchalangan aloqalarni tiklaydi. Kechirimlilik suisteʼmol qilingan va uzilib borayotgan ijtimoiy rishtalarni mustahkamlaydi, odamlar orasida muhabbat va birodarlik tuygʻularini yoyadi.
  2. Allohning magʻfirati va rahmatiga erishtiradi. Qurʼoni karimda bunday deyilgan: “Ularni afv qilib, kechirsinlar! Alloh sizlarni magʻfirat qilishini istamaysizmi?! Alloh magʻfiratli va rahmlidir” (Nur surasi, 22-oyat).
  3. Taqvodorlar safiga qoʻshadi. Bir oyatda “Kechirib yuborishingiz taqvoga yaqinroqdir” (Baqara surasi, 237-oyat) deyilgan boʻlsa, boshqasida jannat vaʼda qilingan taqvodorlar quyidagicha taʼriflanadi: “Ular farovonlik va tanglik kunlarida ham xayr-sadaqa qiladigan, gʻazablarini yutadigan, odamlarni afv etadiganlardir. Alloh ezgulik qiluvchilarni suyar” (Oli Imron surasi, 134-oyat).
  4. Ikki dunyo azizligiga yetaklaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo kechirimli bandaga azizlikni ziyoda qilur”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
  5. Qalbni gʻubor va nafratdan tozalaydi. Kechirish orqali inson dilidagi gina va nafratdan xalos boʻladi, oradagi bagʻrikenglik, mehr-oqibat va hamkorlik muhiti rivojlanadi.

Hayot juda qisqa. Dilda gina saqlab, nafrat yukini koʻtarib yashash inson oʻz qalbiga beradigan eng katta azoblardandir. Boshqalarga nisbatan qanchalik kechirimli boʻlsak, Alloh taolo bizga shunchalik magʻfiratli boʻladi. Bilmay dil ogʻritgan boʻlsak, bir ogʻiz “kechiring!” deyishdan tortinmaylik, ogʻrinmaylik. Dilimizni ogʻritishsa, kechiraylik, bagʻrimizni ochaylik. Zero, kechira olgan qalbgina haqiqiy ozodlik va xotirjamlikni his etadi. 

Bahodir MIRZAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

Solihlar odobi

Qoʻl berib koʻrishish haqida Moʻminlar uchrashganlarida qoʻl berib, ikki kaft bilan koʻrishishlari kerak. Qoʻl uchida …