(Bir hadis sharhi)
Hayot fitna va sinovlarga toʻla. Undagi yomonlik ham, yaxshilik ham baʼzida sinov, baʼzida fitnadir. Risoladagidek boʻlmasa, molu mulk, ayol va farzandlar ham fitna. Bular barcha davrlarda mavjud boʻlgan va Odam bolalarining barchasi uchun umumiy boʻlgan fitnalardir. Lekin biz u fitnalar emas, balki muyayan bir zamonda, muayyan bir joyda sodir boʻladigan xatarli fitnalar haqida soʻzlamoqchi, oʻquvchini ogoh etmoqchimiz.
Mehribon va rahmli Alloh Oʻzining eng suyukli Nabiysi sollallohu alayhi vasallam ummatini butun-butun qavmlarni toʻliq yoʻq qilib yuboradigan halokatlardan – katta toshqin, yer yutishi yoki yashin kabilardan omon saqlashga vaʼda bergan boʻlsa-da, oldingi ummatlarga berilgan baʼzi jazolarni ushbu ummatning ayrim toifalari uchun “yengil” zilzilalar, vulqonlar, boʻronlar va boshqa ofatlar koʻrinishida saqlab qolgan. Gʻaflatda yurganlar bu hodisalarni “tabiiy ofatlar” deb ataydi, aslida esa ular barcha ishni biluvchi va hikmat bilan qiluvchi Zotning huzuridan keladigan qadar (qismat) va oʻlchov asosida sodir boʻladi.
Baʼzan bu ofatlar Yer yuzida fasod tarqatuvchi yomon kimsalarga, gohida yaxshi va yomon toifalar aralashgan jamoaga jabr yetkazadi. Shunda bu baʼzilar uchun jazo va azob boʻlsa, boshqalar uchun esa yaxshilik va daraja (maqom)ning koʻtarilishi boʻladi.
عَنْ زَيْنَبَ ابْنَةِ جَحْشٍ – رضى الله عنهن – أَنَّهَا قَالَتِ اسْتَيْقَظَ النَّبِىُّ – صلى الله عليه وسلم – مِنَ النَّوْمِ مُحْمَرًّا وَجْهُهُ يَقُولُ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ ، وَيْلٌ لِلْعَرَبِ مِنْ شَرٍّ قَدِ اقْتَرَبَ ، فُتِحَ الْيَوْمَ مِنْ رَدْمِ يَاجُوجَ وَمَاجُوجَ مِثْلُ هَذِهِ. وَعَقَدَ سُفْيَانُ تِسْعِينَ أَوْ مِائَةً. قِيلَ أَنَهْلِكُ وَفِينَا الصَّالِحُونَ قَالَ نَعَمْ ، إِذَا كَثُرَ الْخَبَثُ.
Zaynab bint Jahsh roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam uyqudan yuzlari qizarib, “Allohdan oʻzga iloh yoʻq! Arablarning holiga voy, yomonlik yaqinlashib qoldi! Bugun Yaʼjuj-Maʼjuj toʻgʻonidan mana shuncha ochildi”, deb uygʻondilar. – (Roviylardan) Sufyon barmoqlarini toʻqson [yoki “yuz”] qilib bogʻladi – “Oramizda solihlar boʻlsa ham halok boʻlamizmi?!” deyildi. U zot: “Ha, agar nopoklik koʻpayib ketsa”, dedilar” (Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan).
Bu hadisi sharifda moʻminlar onasi Zaynab bint Jahsh roziyallohu anho Nabiy sollallohu alayhi vasallam uyqudan xavf alomatidan choʻchib, uygʻonib ketganlarini xabar qilmoqda. Bu hadik-xavotirdan u zotning yuzlari ham qizarib ketgan ekan. Boshqa rivoyatda “Nabiy sollallohu alayhi vasallam uning huzuriga dahshatga tushgan holda kirdilar” deyiladi. Buni umumlashtirsak, u zot vahima bilan uygʻonib, Zaynabning huzuriga kirganlari va dahshatdan yuzlari qizarib ketgani ayon boʻladi.
U zot “La ilaha illalloh (Allohdan oʻzga iloh yoʻq)!” deb aytganlar. Bu esa yaqinda katta bir halokat sodir boʻlishidan xavotir belgisi edi. Soʻng: “Arablarning holiga voy, yomonlik yaqinlashib qoldi!” deganlar. “Holiga voy” iborasi halokatga yuz tutgan kishi yo jamoaga nisbatan ishlatiladi. Shuningdek, gʻam-gʻussaga botgan va azobdan mashaqqat chekkanga ham qoʻllanadi. “Arablar” deb alohida zikr qilganlar – bu Usmon roziyallohu anhuning ular tomonidan qatl etilishiga ishora boʻlishi mumkin yoki, ehtimol, Yaʼjuj-Maʼjujning buzgʻunchiligi tufayli yuz beradigan mudhish voqealarni nazarda tutgandirlar. Yoxud arablarning xoslangani (alohida aytilgani) ularning birinchi boʻlib islomga kirgani va fitnalar roʻy beradigan boʻlsa, birinchi boʻlib falokat ularning boshiga tushishidan ogoh etish uchundir. Bu boshqa millat va xalqlar istisno, degani emas, albatta. Bu barcha musulmonlarga tegishli ogohlantirish edi.
Soʻng u zot bu yomonlikning sababini “Bugun Yaʼjuj-Maʼjuj toʻgʻonidan mana shuncha ochildi” deb bayon qilganlar. Bu – oʻrtada barpo qilingan devor, toʻsiq. “Mana shuncha” degan soʻzlarini Sufyon barmoqlarini toʻqson [yoki “yuz”] qilib bogʻlab koʻrsatgan (raqamning arabcha yozilishiga eʼtibor bering: ٩٠ va ١٠٠). Yaʼni, halqa qilib, ochilgan teshikning hajmini koʻrsatgan. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam koʻrsatkich barmoqning uchini bosh barmoqning tubiga qoʻyib, ikkalasini bir-biriga shunday yaqinlashtirganlarki, orasida juda kichik boʻshliq qolgan. Bu ishora aniq oʻlchovni bildirish emas, balki yaqinligini koʻrsatish maʼnosida edi. Yaʼni, bu bilan yomonlik (fitna) kelishiga juda oz vaqt qolganini anglatganlar.
Buni eshitgan Zaynab bint Jahsh roziyallohu anho: “Oramizda solihlar boʻlsa ham halok boʻlamizmi?!” degan. Yaʼni, oramizda solih moʻminlar boʻla turib ham boshimizga halokat yuboradimi? Goʻyo bu savolni Alloh taoloning “Ularning orasida siz boʻla turib, Alloh ularni azoblovchi emas. Ular istigʻfor aytib (kechirim soʻrab) turgan hollarida ham Alloh ularni azoblovchi emas” (Anfol surasi, 33-oyat) degan soʻzlariga tayanib soʻragan edi.
Shunda u zot nopoklik koʻpayib ketsa, halokat sodir boʻlishini aytganlar.
“Nopoklik” (خَبَثُ) soʻzi fisq, fujur, shirk va kufr maʼnolarini anglatadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qattiq vahimaga solgan xavotir shunda ediki, katta ofat pok bilan nopokni ajratmaydi – barchani xavf ostiga qoʻyadi. Xuddi katta yongʻin quruqni ham, hoʻlni ham yoppasiga yondirib yuborganidek.
Jamiyat bunday halokatga uchrasa, moʻmin ham, munofiq ham, haq tarafdori ham, unga qarshi boʻlgan ham birga-birga musibatga duchor boʻladi.
Bu hadisi sharif orqali muhim haqiqatni anglaymiz – yomonliklar va gunohlarning keng tarqalishi jamiyatlarning tanazzuli va halokatiga sabab boʻlar ekan. Shu bois gunoh va maʼsiyatning tarqalishiga qarshi kurashish va yaxshilikka chaqirib, yomonlikdan qaytarish har birimizning burchimizdir.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





