Yangi nashr
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan navbatdagi salmoqli ilmiy tadqiqot – Shovosil Ziyodovning “XV-XX asr boshlarida Markaziy Osiyoda kutubxonachilik tarixi (Qoʻlyozma manbalar va ulardagi muhrlar tahlili asosida)” nomli monografiyasi nashrdan chiqdi.
436 sahifali ushbu tadqiqot “Mahorat” nashriyot-matbaa ijodiy uyida chop etilgan. Masʼul muharrir – falsafa fanlari doktori, professor Roiq Bahodirov, muharrir – tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Otabek Muhammadiyev.
Toʻrt bobdan iborat monografiyada Markaziy Osiyoda kutubxonachilik tarixi va qoʻlyozmalar tadqiqining nazariy muammolari, Musulmon Sharqi kutubxonachiligi tarixi va bu mintaqada kitobxonlik madaniyatining rivojlanish jarayonlari atroflicha yoritib berilgan. Muallif qoʻlyozmalarning kitobati, xattotlik va muhrkanlik sanʼati hamda sfragistik manbalar orqali muassasa va shaxsiy kutubxonalar egalarini aniqlash usullarini ochib, tasniflab, har tomonlama sharhlagan.
Shu bilan birga, asarda Buxoro, Xiva va Qoʻqon xonliklaridagi kutubxonalarning tuzilishi, faoliyati, ularda saqlangan diniy-maʼrifiy manbalar hamda Turkiston oʻlkasidagi nodavlat, shaxsiy va maxsus davlat qoʻlyozma fondlarining tashkil topish tarixi chuqur ilmiy tahlil qilingan.
Mazkur monografiya Markaziy Osiyo xalqlari tarixi, manbashunoslik, kodikologiya, sfragistika va kutubxonachilik ishi tarixi bilan shugʻullanuvchi tadqiqotchilar hamda Sharq yozma merosiga qiziquvchi keng kitobxonlar ommasi uchun qimmatli manba boʻlib xizmat qiladi.
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





