Boqiy meros
Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida allomalar ilmiy merosini oʻrganish borasidagi ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Bu yoʻnalishdagi chora-tadbirlar uchun mustahkam huquqiy asoslarni yaratildi. Xossatan, 2017-yil 27-mart kuni davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Ryespublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi.
Mazkur qarorda Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 2016 yil oktyabr oyida Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan 43-sessiyasida mamlakatimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbus asosida Vazirlar Mahkamasi huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish belgilandi.
Markaz faoliyatining asosiy vazifalari etib Imom Buxoriy hamda boshqa buyuk mutafakkirlarning ulkan ilmiy va diniy merosini oʻrganish, islom sivilizatsiyasining umuminsoniy qadriyatlarini, jumladan, xalqimiz maʼnaviyati va madaniyati rivojidagi oʻrni hamda ahamiyatini ilmiy jihatdan tadqiq etish kabi masalalar belgilab berildi. Ushbu qarorning qabul qilinishi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini samarali tashkil etish, ilmiy salohiyatini oshirish va buyuk allomalar merosini chuqur oʻrganish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirishga xizmat qildi.
Shuningdek, Prezidentimizning 2018-yil 16-apreldagi “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosini taʼminlash, islom dini va hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk vatandoshlarimizning boy merosini chuqur oʻrganish, ular tomonidan asos solingan hadis ilmi maktablari faoliyatini qayta tiklash va rivojlantirish hamda islom dini asoslari va hadis ilmini mukammal oʻzlashtirgan oliy maʼlumotli yetuk mutaxassislarni tayyorlash maqsadida Hadis ilmi maktabi tashkil etildi.
Qurʼoni karim va hadislarning asl mohiyatini, hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini chuqur oʻrgangan, hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan ulugʻ vatandoshlarimizning ulkan ilmiy merosini puxta oʻzlashtirgan, hadisshunoslik sohasida ilmiy izlanishlar qilish koʻnikmasiga ega mutaxassislarni tayyorlash Hadis ilmi maktabining asosiy vazifalari etib belgilandi. Shuningdek, hadisshunoslik maktabi shakllanishi va rivojlanishi, uning ilmiy-maʼnaviy asoslarini har tomonlama chuqur oʻrganish, tadqiq etish va natijalari asosida hadislardagi ezgu umuminsoniy gʻoyalarni xalqimizga, ayniqsa, yosh avlodga yetkazish maqsad qilib olindi.
Imom Buxoriy yodgorlik majmuasining zamonaviy qiyofasi haqida soʻz yuritganda, avvalo, Prezidentimizning 2017-yil 14-15 aprel kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi davomida Imom Buxoriy majmuasi hududida xalqaro tajribani oʻrganish asosida ilmiy markaz qurilishi boʻyicha topshiriq berilganini yodga olishimiz lozim. Shu munosabat bilan majmua hududiga tutash 5,8 gektar yer maydoni ilmiy markaz hamda uning qarshisida 3 ta uch qavatli turar joy qurilishi uchun ajratilgan.
Prezidentimizning 2018-yil 17-18-mart kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi davomida bergan topshiriqlari asosida Imom Buxoriy majmuasini qayta qurish loyiha-taklifi hamda Xartang qishlogʻining bosh reja-loyihasi maʼqullandi.
Xalqaro ilmiy markaz qurilishining umumiy loyiha qiymati 122 milliard soʻmni tashkil etdi. Shu bilan birga, ilmiy markaz qarshisida 3 ta ikki qavatli, 18 xonadonli turar joy hamda majmuaga olib boruvchi Oqdaryo-Kulbosti avtomobil yoʻli boʻyida milliy koʻrinishdagi, 2 qavatli 62 ta kottej qurib bitkazildi.
Ishlab chiqilgan bosh reja va loyiha taklifiga muvofiq, majmuaning umumiy joylashuv yer maydoni 60,4 gektarni tashkil etib, majmua toʻliq qayta rekonstruksiya qilinishi belgilandi. Jumladan, muassasaga kirish qismidagi mavjud bir qavatli binolar ikki qavatli qilib qurildi.
Shuningdek, majmuada qoʻshimcha bino-inshootlar — toʻrt qavatli bitta katta mehmonxona, uch qavatli 6 ta oʻrta mehmonxona, ikki qavatli 20 ta kichik mehmonxona, supermarket, yirik savdo markazi, dehqon bozori, novvoyxona, restoran, uchta avtoturargoh kabi qurilishlar loyihalashtirildi.
Ziyoratgoh atrofida mehmonxona va boshqa xizmat koʻrsatish binolari ham bor. Bitta toʻrt yulduzli, ikkita uch yulduzli va 22 ta oilaviy uy mehmonxona tashkil etildi.
Imom Buxoriy majmuasi hududiga tutash Oqdaryo-Kulbosti avtomobil yoʻli olti tasmali etib kengaytirilib, Xartang qishlogʻini 5 kilometr masofada toʻliq aylanib oʻtadigan qilindi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mazkur majmua buyuk muhaddis bobomizning islom olamida tutgan yuksak mavqei, ulkan salohiyatiga munosib tarzda qaytadan bunyod etildi. Ziyoratchilarga har tomonlama qulay sharoit yaratildi.
Prezidentimiz har gal Samarqandga kelganida majmua qurilishi jarayoni bilan tanishib, bu joy faqat ziyorat emas, ilm-maʼrifat, tarbiya va ibrat maskani boʻlishi, Imom Buxoriyning buyuk izlanishlari, bilimi hamda kamoloti ziyoratchilar, ayniqsa, yoshlar uchun ezgu namuna boʻlishi kerakligini taʼkidlashi bejiz emas.
63 gektarli ushbu hududga kirgan odam, avvalo, uning kengligini va mahobatini his qiladi. Masjidning old qismidagi katta hovuz, atrofidagi keng maydon, gumbazlar, minoralardagi uygʻunlik seziladi. Masjidning kirish va ayvon peshtoqlarida yuzdan ortiq oyat va hadis yozilgan.
Xususan, Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” asaridan 75 ta hadis keltirilgan. Majmuada QR-kodlar orqali koʻplab tillarda ushbu hadis va oyatlarni oʻqish imkoniyati yaratilgan boʻlib, tashrif buyuruvchilar nafaqat ziyorat, balki yangi ilm va maʼrifatdan bahramand boʻlib ketishlari koʻzda tutilgan.
Ichkariga kirgan odamni, birinchi navbatda, gumbazning ichki qiyofasi hayratga soladi. Masjidning markaziy qismi 40 metrdan ortiq balandlikka koʻtarilgan. 19 metrli asosiy gumbaz va uni oʻrab turgan kichik gumbazlar mahobati kishiga sokinlik beradi. Moʻtabar maqbara, 10 ming kishilik masjid va maʼmuriyat binosi, muzey, kirish va chiqish ayvonlari qurib bitkazilgan. Ziyoratgohning 4 burchagidagi 75 metrli minoralar unga mahobat bagʻishlagan.
Bu yerda yana bir muhim jihat — xotin-qizlar ibodat qilishi uchun sharoit yaratilgan. Masjidning yer osti qismida namozxonalar tashkil etilgan.
Masjid ichkarisi va tashqarisida jami 80 ta kitob javoni bor. Ziyoratchilar mutolaa qilishi uchun oʻn mingga yaqin diniy-maʼrifiy kitob muntazir.
Masjidning ichki va tashqi fasadi, ustun va bezaklar toʻliq marmar toshlardan qilingan boʻlib, bu bino mustahkamligi, ranglari uzoq muddatlarda oʻzgarmasligini taʼminlaydi. Issiq va sovuq ob-havo sharoiti inobatga olingan. Marmar toshlar asosan Gretsiya, Afgʻoniston, Turkiya, Finlyandiya, Portugaliya va Hindistondan keltirilgan.
Majmuaning ichkari hovlisida ham kattagina oʻzgarishlar qilingan. Xususan, Imom Buxoriy maqbarasi eniga ham, boʻyiga ham sezilarli kengaytirilgan. Favvoralar, manzarali daraxtlar, mahobatli ustunlar bezagi kishi eʼtiborini tortmay qolmaydi. Ichki hovli ham bir vaqtning oʻzida minglab ziyoratchini qabul qilishi mumkin.
Yana bir muhim jihat. Jahon ilmiy jamoatchiligi nafaqat islom, balki dunyo sivilizatsiyasi rivojiga katta hissa qoʻshgan, diniy va dunyoviy fanlarni birdek oʻrganib, ularni jamiyat hayotiga tatbiq eta olgan Movarounnahr olimlarining maʼnaviy-maʼrifiy merosini oʻrganishga katta qiziqish bildirmoqda. Bu borada islom taʼlimoti asoslaridan hisoblangan hadislarni jamlab, ular orasidan ishonchlilarini ajratib bergan Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Dorimiy kabi muhaddis ajdodlarimiz hayoti hamda asarlari tadqiqi muhim ahamiyatga ega.
Mamlakatimizda qadimiy va boy tariximizni tiklash va yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish va targʻib etish, yosh avlodni milliy anʼanalar ruhida tarbiyalash boʻyicha ulkan ishlar qilinmoqda. Ulugʻlarga ehtirom koʻrsatish, ulardan har jihatdan saboq olishga qaratilgan oqilona siyosat yuritilmoqda. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Bu sohada qilayotgan ishlarimizdan maqsad — islomga eʼtiqodimizni, alloma bobolarimizga hurmatimizni ilm bilan bildirish. ajdodlarimizga munosib boʻlish biz uchun juda katta burch”dir. Shu maqsaddan kelib chiqib, Imom Buxoriy majmuasida alloma hayoti va ilmiy faoliyatini yorituvchi muzey tashkil qilindi.
Imom Buxoriy innovatsion muzeyi bevosita davlatimiz rahbarining 2022-yil 17-18-avgust kunlari Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi davomida Muhammad alayhissalomning siyratlari va islom sivilizatsiyasi muzeyi bilan yaqindan tanishib qaytgandan soʻng, 2022-yil 24 avgust kuni Imom Buxoriy majmuasi qurilishiga tashrifi davomida berilgan koʻrsatmalari asosida barpo etildi.
Imom Buxoriy muzeyini ochish masalasi har qachongidan koʻra dolzarb edi. Boisi, xalqimiz asrlar davomida islom olamida Qurʼoni karimdan keyingi asosiy manba hisoblangan “Sahihul Buxoriy” asaridan mosuvo boʻlib keldi. Holbuki, xorijda Imom Buxoriyning mazkur asari allaqachon koʻplab tillarga tarjima qilingan, sharhlari bilan nashr qilingan. Allomaning ahamiyat jihatidan bundan kam boʻlmagan boshqa asarlari ham bor va ulardan butun musulmon dunyosi xabardor.
Biz Imom Buxoriy va uning ilmiy merosini tadqiq qilganimiz sayin allomaning hayot yoʻlini oʻrganish bugungi kundagi eng muhim vazifalardan biri ekanini teran anglamoqdamiz. Olimning ilm yoʻlidagi jasorati, chekkan mashaqqati, quvvai hofizasi qanchalar benazir boʻlganini oʻrganish yoshlarni yangi ilmiy tadqiqotlar sari yetaklaydi.
Imom Buxoriy majmuasi faqat bino va inshootlardan iborat maskan boʻlib qolmay, inson qalbini zabt etadigan, ayniqsa, yoshlarning hayotda adashmasdan, toʻgʻri yoʻlni topishiga xizmat qiluvchi ilmiy dargoh, shuningdek, alloma hayoti va faoliyatini aks ettiruvchi elektron muzeyga aylanmoqda. Muzeyda islom dini va xususan, hadis ilmi taraqqiyoti, alloma hayoti, faoliyati va ilmiy merosining zamonaviy axborot texnologiyalari orqali namoyish etilishi yoʻlga qoʻyilgan.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





