Home / FOTO LAVHALAR / Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosiga yangicha nigoh

Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosiga yangicha nigoh

Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturining Markazda amaliyot boshlagan sovrindori, Turkiyadagi Dijla universiteti doktoranti Usoma Boʻzkurt oʻz tadqiqotlarining taqdimotini oʻtkazdi.

Olim islom olami va jahon ilm-fani xazinasiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk muhaddis Imom Buxoriy hayoti va u zot vafotidan keyin sodir boʻlgan ijtimoiy hodisalarni zamonaviy fanlar tutashgan nuqtada – “oʻlim sotsiologiyasi” doirasida tahlil qilib berdi.

Hayotlik chogʻida adolatsizlik va surgunlikka uchragan ulugʻ siymolarning vafotidan keyin jamiyat tomonidan qayta eʼtirof etilishi – “irodai eʼtibor” (nufuzning “qaytishi” – tiklanishi) tarixan koʻp tasdiqlangan fenomendir. Imom Buxoriyning hayoti, ayniqsa umrining soʻnggi yillari va undan keyingi davr mana shu konsepsiya asosida oʻrganilganda, alloma shaxsiyati va u qoldirgan merosning ijtimoiy taʼsir kuchi yangicha qirralari bilan namoyon boʻladi.

Tadqiqotchi islom dunyosidagi eng nufuzli olti hadis toʻplami (“Kutubi sitta”)dan beshtasi aynan Xuroson va Movarounnahr ulamolari tomonidan yozilgani tasodif emasligini qayd etdi. Bu hududda teran fikrlash, raʼy ahli va falsafiy bahslarning kuchli rivojlangani mahalliy muhaddislarda maʼlumotlarni aniq tizimga solish, tasniflash qobiliyatini shakllantirgan. Imom Buxoriy oʻz “Sahih”ida qoʻllagan goʻzal va mantiqan komil boʻlgan bob sarlavhalari ana shu intellektual muhit mahsulidir (“raʼy ahli” deganda, islom huquqshunosligi (fiqh) tarixida oyat va hadislarning matnlari bilan bir qatorda, aqliy dalillar, qiyos va mantiqqa koʻproq suyanuvchi ilohiyot maktabi vakillari tushunilgan. Ularga zid oʻlaroq faqat naqlga – matnga suyanuvchilar “hadis ahli” deyilgan. Movarounnahr zaminida mana shu raʼy maktabi juda kuchli boʻlgan. Ulamolar bu ikki jamoaning vazifasini taʼriflab, “raʼy ahli vazirlarga – masalani muhokama qilib, toʻgʻri yoʻl topuvchilarga, hadis ahli esa, xabarchilarga oʻxshash”ini aytgan.Tarixda ikki yoʻnalish ham islom huquqshunosligi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan, vaqt oʻtishi bilan ular bir-birini toʻldiruvchi maktablar sifatida uygʻunlashib ketgan).

Yaxshi maʼlumki, buyuk muhaddisning hayoti sinov va mashaqqatlardan xoli kechmagan. Nishopurda avj olgan “Qurʼonning yaratilgani” (“xalqul Qurʼon”) borasidagi bahslarda adolatli ilmiy pozitsiyada turib, Musʼhaqi sharifning oʻzi mahluq (yaratilgan) emasligini, lekin banda uni talaffuz qilsa, bu yaratilgan narsa boʻlishini bayon qilgan. Keskin qutblashgan jamiyat bu ilmiy noziklikni anglay olmay, allomaga nisbatan jiddiy tazyiqlarni boshlagan.

Behurmat munosabat Buxoro, Poykand va Samarqandda ham koʻzga tashlanadi. Buxoro voliysi (hokimi) oʻz huzuriga chaqirtirib, farzandlariga alohida dars berishni talab qilganida, Imom Buxoriy: “Men ilmni xoʻrlamayman va uni hukmdorlar eshigiga olib bormayman. Kimga ilm kerak boʻlsa, oʻzi kelsin!” deb, qatʼiy rad etgan. Oqibatda surgun qilinib, umrining soʻnggi kunlarini Samarqand  yaqinidagi Xartang qishlogʻida oʻtkazgan va koʻp oʻtmay vafot etgan.

Vafotidan soʻng jamiyatning Imom Buxoriy shaxsiyati va ilmiga qarashlarida keskin burilish yuz bergan. Alloma dafn etilgan ilk kunlarda uning qabridan oʻta yoqimli mushki anbar boʻyi taralib turgan. Hayotlik chogʻida u zotga zulm qilgan va aqidaviy ayblar qoʻygan koʻplab ulamolar va mahalliy aholi vakillari qilmishidan pushaymon boʻlib, olim qabri boshida tavba qilgan.

Vaqt oʻtishi bilan Imom Buxoriy maqbarasi nafaqat ziyoratgoh, balki el boshiga ogʻir kun tushganda umumxalq duoga chiqiladigan tabarruk maskanga aylangan.

Seminar yakunida tadqiqotchi Imom Buxoriy hayoti va merosini zamonaviy ijtimoiy-madaniy jarayonlar doirasida oʻrganish zarurligini taʼkidlab, mutaxassislar uchun muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, Movarounnahr va Xuroson olimlarining hadislarni tizimlashtirish, oʻqib oson tushuniladigan, koʻp masalalarga yechim topishda foydalanish mumkin boʻlgan kitob holida jamlashdagi yuksak mahoratini yuzaga keltirgan birlamchi omillarni chuqurrroq oʻrganish, shu bilan birga, Xartangdagi ziyoratgohning tarixi, u yerda uzoq va yaqin oʻtmishda hukm surgan ijtimoiy-madaniy dinamikani tadqiq etuvchi maxsus yirik loyihalarni amalga oshirish lozimligini qayd etdi.

Ishtirokchilarda qiziqish uygʻotgan bu ilmiy muloqot istiqboldagi qoʻshma tadqiqotlar uchun muhim poydevor boʻlib xizmat qilishi taʼkidlandi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Xalqaro eʼtirof

Islom hamkorlik tashkilotining Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA)ning Newsletter jurnali 2026-yil …