Home / XALQARO YANGILIKLAR / Samarqand ilhomi

Samarqand ilhomi

Malayziya xalqaro islom universiteti (IIUM) professori Shukron Abdurahmonning “From Samarqand with Love: A Memoir Across Six Cities” («Samarqanddan muhabbat ila: Olti shahar xotiralari») nomli kitobi chop etildi. Asar muallifning Samarqanddagi ilmiy faoliyati va Oʻzbekistonda orttirgan maʼnaviy taassurotlarini oʻzida mujassam etgan muhim xotiralar toʻplamini ifoda etadi.

2025-yilda, professor Shukron Abdurahmonning Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazidagi ilmiy stajirovkasi (sabbatical attachment) davomida yozilgan mazkur kitob olimning Markazdagi yakuniy ilmiy taqdimoti chogʻida ilk keng jamoatchilikka tanishtirilgan edi.

Asar anʼanaviy ilmiy tadqiqot emas, balki muallif va uning rafiqasi bitgan samimiy xotiralar, kuzatuvlar va hayotiy xulosalardan iborat. Kitobda Samarqand, Toshkent, Buxoro, Makka, Madina va Istanbul shaharlari orqali kechgan safarlar tasvirlanib, ularning tarixiy, maʼnaviy va madaniy ahamiyati keng yoritiladi.

Muallif sayohatni insonning maʼnaviy kamoloti, tafakkuri va hayotiy tajribasini boyituvchi muhim omil sifatida ifoda etadi.

Qurʼoni karimning Yer yuzi boʻylab safar qilish va Allohning oyatlari haqida tafakkur yuritishga chorlovchi oyatlaridan ilhomlangan holda, turli xalqlar madaniyati va tarixiy merosini tadqiq etishni, oddiy insonlar bilan muloqotda boʻlish fazilatlarini Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuksak axloqi bilan bogʻlab talqin qiladi.

Kitob oʻquvchini imon, shukronalik, oilaviy qadriyatlar, doʻstlik, kamtarlik va mehr-oqibat kabi umuminsoniy fazilatlar haqida chuqur mulohaza yuritishga chorlaydi. Shu jihatdan nafaqat shaxsiy xotiralar toʻplami, balki maʼrifiy va maʼnaviy ahamiyatga ega boʻlgan muhim manba sifatida ham qadrlidir.

Professor Shukron Abdurahmon Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rahbariyati va jamoasiga samimiy mehmondoʻstlik koʻrsatgani va yuksak saviyadagi ilmiy muhit yaratib bergani uchun alohida minnatdorlik bildirgan.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi jamoasi professor Shukron Abdurahmonni ushbu kitobning nashr etilgani bilan samimiy muborakbod etadi!

Mazkur asar Oʻzbekiston bilan Malayziya oʻrtasidagi ilmiy-maʼrifiy hamkorlik, oʻzaro hurmat va madaniy muloqotning yana bir yorqin namunasi boʻlib, Samarqandning boy ilmiy va maʼnaviy muhiti xalqaro ilmiy-akademik doiralar uchun ilhom manbai boʻlib qolayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Xalqaro eʼtirof

Islom hamkorlik tashkilotining Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA)ning Newsletter jurnali 2026-yil …