Home / XALQARO YANGILIKLAR / Xalqaro eʼtirof

Xalqaro eʼtirof

Islom hamkorlik tashkilotining Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA)ning Newsletter jurnali 2026-yil yanvar-may oylarini qamrab olgan 129-sonida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining xalqaro ilmiy doiradagi faoliyati va IRCICA bilan samarali hamkorligiga alohida oʻrin berdi.

Unda Markaz va IRCICA hamkorligida 2026-yil davomida tashkil etilgan onlayn ilmiy seminarlar haqida batafsil maʼlumot joylashtirilgan. Markaz olimlari va xorijiy tadqiqotchilar Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasi, tasavvuf tarixi, hadisshunoslik, qoʻlyozma meros va islom huquqi kabi yoʻnalishlarda maʼruzalar qilgani qayd etilgan.

Shuningdek, Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan “Amir Temur va Temuriylar sivilizatsiyasining jahon tarixi va madaniyatidagi oʻrni” mavzuidagi xalqaro konferensiyada Markaz ilmiy xodimlarining ishtiroki yoritilgan. Anjuman qatnashchilari tadqiqotchilarimiz ilmiy maʼruzalarini katta qiziqish bilan qarshi olgani taʼkidlangan.

Boshqa sahifada Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan IRCICA oʻrtasidagi hamkorlik memorandumining yangilanishi haqida maʼlumot berilgan. Ikki muassasa ilmiy tadqiqotlar, qoʻlyozmalarni oʻrganish, nashrlar tayyorlash va xalqaro loyihalarni amalga oshirish boʻyicha hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib olgani qayd etilgan.

Markaz faoliyatining mazkur nashrda yoritilishi uning xalqaro ilmiy maydondagi nufuzi ortib borayotgani va xorijiy ilmiy muassasalar bilan oʻzaro hamkorligi izchil rivojlanayotganining yana bir amaliy ifodasi hisoblanadi.

Maqolalarning toʻliq matni bilan quyidagi havolalar orqali tanishish mumkin:

https://www.ircica.org/newsletters/ircica-newsletter-issue-129

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Sunʼiy intellekt va sinergetik tafakkur: Toshkentda yangi jamoaviy monografiya taqdimoti

Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida oʻzbek falsafasi va zamonaviy ilm-fani uchun muhim voqelik — …