Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga alloma nomidagi xalqaro stipendiya dasturi doirasida navbatdagi xorijlik tadqiqotchi – Turkiyaning Dijla universiteti Ilohiyot fakulteti doktoranti Usoma Boʻzkurt ilmiy amaliyot oʻtash uchun keldi.

Markaz direktori Shovosil Ziyodov qabulida amaliyotchi oʻzining ilmiy rejalari va izlanishlaridan koʻzlagan asosiy maqsadlari bilan oʻrtoqlashdi.
Usoma Boʻzkurt hadis ilmi sultoni hayotining soʻnggi yillariga eʼtibor qaratishni niyat qilgan boʻlib, ayni paytda “Imom Buxoriy vafoti jarayonining sotsiologik tahlili” mavzusi ustida ilmiy ish olib bormoqda. Tadqiqot doirasida ulugʻ muhaddis vafoti bilan bogʻliq tarixiy-ijtimoiy vaziyat, uning oʻsha davr va keyingi zamonlarda jamiyat hayotiga koʻrsatgan ijtimoiy taʼsiri sotsiologik nuqtayi nazardan ilmiy tahlil qiladi.

Markaz rahbari olimning tadqiqot mavzusini yuqori baholab, Imom Buxoriy merosi va hayotini bunday zamonaviy ilmiy yoʻnalishlar, xususan, sotsiologiya prizmasi orqali tadqiq etish soha rivojida katta ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi, ishlariga muvaffaqiyat tiladi.
Belgilangan dasturga muvofiq, turkiyalik tadqiqotchi Markazning boy fondidagi nodir qoʻlyozma manbalar va kutubxona imkoniyatlaridan foydalanadi. Shuningdek, yurtimizning qadimiy ilm-fan va madaniyat markazlari boʻlgan tarixiy shaharlariga borishi va tadqiqot doirasida oʻzbek olimlari bilan fikr almashishi koʻzda tutilgan.

Mazkur loyiha doirasida yil oxiriga qadar xorijdan yana qator olimlar kelishi va ilmiy izlanishlar olib borishi rejalashtirilgan.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





