Home / FOTO LAVHALAR / Raqamli makonda diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik masalalari muhokama markazida boʻldi

Raqamli makonda diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik masalalari muhokama markazida boʻldi

Poytaxtimizda “Raqamli dunyoda diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik barqarorligining dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.

Globallashuv va axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi sharoitida eng dolzarb hisoblangan mavzulardan biriga bagʻishlangan mazkur nufuzli tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi, Oʻzbekistondagi SHHT Xalq diplomatiyasi markazi, Konrad Adenauer jamgʻarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakolatxonasi hamda Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari boʻyicha qoʻmitasi hamkorligida tashkil etildi.

Konferensiyada Oliy Majlis deputatlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijlik ekspertlar, oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari, diniy konfessiyalar rahbarlari va yoshlar tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Yalpi majlis davomida kun tartibidagi eng muhim yoʻnalishlar boʻyicha soha ekspertlarining maʼruzalari tinglandi. Konferensiya dasturiga muvofiq, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, falsafa fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Baxtiyor Tursunov “Islom dini va oʻzbek xalqi milliy qadriyatlarida bagʻrikenglik tamoyili targʻibi” mavzusida maʼruza qilib, koʻp asrlik milliy va diniy qadriyatlarimiz negizida azaldan oʻzaro hurmat, tinchliksevarlik va bagʻrikenglik tamoyillari mustahkam oʻrin olganini ilmiy asoslar bilan ochib berdi. Ayniqsa, buyuk ajdodlarimiz, xususan, Imom Buxoriy singari allomalarimizning boy maʼnaviy merosi insoniylik va diniy bagʻrikenglik gʻoyalarini keng targʻib qilishda bugungi raqamli asrda ham beqiyos ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

– Bugun ayrim davlatlar va harbiy-siyosiy kuchlar oʻrtasida yuzaga kelayotgan keskinlik tinchlik va barqarorlikka rahna solmoqda. Bu esa barkamol shaxsni tarbiyalash orqali jamiyatda insonparvarlik, bagʻrikenglik, hamjihatlik kabi ezgu tamoyillarni mustahkam qaror toptirishni taqozo etadi. Bagʻrikenglik tamoyili turli din, irq va millat vakillarining tinch-totuv yashashini, har kimning eʼtiqod erkinligini tan olish va hurmat qilishni anglatadi, – dedi maʼruzachi.

Tadbirda ishtirokchilar raqamli makonda diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash, yoshlarning axborot madaniyatini yuksaltirish va bu yoʻnalishda xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan amaliy taklif va tavsiyalarni ishlab chiqdi.

Konferensiya Yangi Oʻzbekistonda inson qadrini ulugʻlash, jamiyatda tinchlik va hamjihatlikni taʼminlash yoʻlidagi muhim va tizimli qadamlardan biri boʻldi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

IMOM SARAXSIYNING MARKAZIY OSIYO HANAFIYLIK MAKTABI SHAKLLANISHIDAGI YONDASHUVI

📢 DIQQAT, E’LON! ✅ Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va …