Home / XALQARO YANGILIKLAR / “As-Siyosiy” va Islamonweb – Imom Buxoriy majmuasi haqida

“As-Siyosiy” va Islamonweb – Imom Buxoriy majmuasi haqida

Arab olamining taniqli “As-Siyosiy” tahlil portalida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Tohir Evadullayevning «Imom Buxoriy majmuasi – Yangi Oʻzbekistonning ruhiy timsoli» deb nomlangan maqola eʼlon qilindi.

Unda muallif mazkur muhtasham inshootni ziyoratgoh, masjid, muzey va boshqa obyektlarni qamragan ansambl, ayni paytda zamonaviy ilm-fan va madaniyatlararo muloqot markazi sifatida tahlil qiladi.

Tarixiy vorislikka urgʻu berar ekan, «Al-Jomeʼ as-sahih» asarining islom sivilizatsiyasidagi oʻrniga toʻxtalib, musulmon olami uni Qurʼoni karimdan keyingi eng ishonchli manba deb bilishini taʼkidlaydi.

Majmua ochilishini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning milliy merosni tiklash yoʻlidagi izchil saʼy-harakatlari va ezgu tashabbuslarining yana bir natijasi ekanini qayd etadi.

Soʻng majmuaning meʼmoriy betakrorligi – Markaziy masjid sigʻimi (10 ming kishi), oʻn toʻrt gumbaz va balandligi 75 metr boʻlgan toʻrtta minoraning qurilishi tafsilotlariga toʻxtaladi.

Imom Buxoriy innovatsion muzeyi faoliyati yoʻlga qoʻyilgani bunyodkorlikda milliy va xalqaro andozalardan goʻzal namunalar olingani, ayni paytda innovatsion yondashuv ham ustuvor boʻlganini namoyon etishini taʼkidlaydi.

Muallif xulosa tariqasida majmua dunyo maʼnaviy xaritasidagi yangi yorqin nuqtaga aylanib, Oʻzbekistonimizning islom madaniyati va ilmining muhim markazlaridan biri sifatidagi xalqaro nufuzini mustahkamlayotganini qayd etadi.

Xuddi shu maqola Imam Bukhari Complex: A Spiritual Symbol of New Uzbekistan sarlavhasi bilan islamonweb portalida ham nashr etildi.

Ikki portal mushtariylari materialning puxta yozilgani va mavzuning dolzarbligini yuqori baholamoqda. Muallifni bunday salmoqli yutuq bilan tabriklaymiz!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Arab olimning kitobi eʼtirof etildi

Iroqdagi “Azzaman” gazetasining shu yil 9-iyuldagi sonida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi boʻlim boshligʻi Shukrullo …