Bugun dunyoda texnologiyalar shiddat bilan rivojlanmoqda. Sunʼiy intellekt, raqamli iqtisodiyot, global axborot maydoni insoniyat hayotini tubdan oʻzgartirmoqda. Ammo bir haqiqat oʻzgarmayapti: har qanday taraqqiyotning markazida baribir inson turadi. Insonning dunyoqarashi, bilimi va tafakkuri qay darajada boʻlsa, jamiyatning kelajagi ham shunga yarasha shakllanadi.
Shuning uchun ham tarixga nazar tashlasak, buyuk sivilizatsiyalar avvalo ilm-maʼrifatga tayanganini koʻramiz. Qudratni faqat qurol-yarogʻ yoki boylik emas, bilim belgilagan. Qaysi xalq olimni qadrlagan boʻlsa, oʻsha xalq taraqqiyotga erishgan. Qaysi jamiyatda ilm ahliga sharoit yaratilgan boʻlsa, oʻsha yerda madaniyat, iqtisodiyot va davlatchilik ham yuksalgan.
Movarounnahr tarixi bu haqiqatning yorqin tasdigʻidir. Bu zamindan yetishib chiqqan yuzlab allomalar faqat bir xalq yoki bir mintaqa emas, butun insoniyat tafakkuri rivojiga hissa qoʻshgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abu Mansur Moturidiy, Burhoniddin Margʻinoniy, Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad al-Fargʻoniy kabi buyuk siymolarning ilmiy merosi bugun ham oʻz ahamiyatini yoʻqotgan emas.
Ularning asarlariga murojaat qilganimizda bir jihat alohida eʼtiborni tortadi: ular ilmni faqat nazariy bilim sifatida emas, insonni komillikka yetaklovchi kuch sifatida koʻrgan. Chunki maʼrifatning haqiqiy maqsadi insonni oʻzgartirish, jamiyatni yuksaltirish va hayotni yaxshilashdan iborat.
Bugungi murakkab va ziddiyatli dunyoda ana shu gʻoya yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Turli mafkuraviy taʼsirlar, axborot xurujlari, murosasizlik va keskinlik kayfiyatlari kuchayib borayotgan bir paytda jamiyatlarni birlashtiradigan eng katta kuch — bu maʼrifatdir. Zero, bilim bor joyda mulohaza boʻladi, mulohaza bor joyda esa bagʻrikenglik va oʻzaro hurmat qaror topadi.
Shu maʼnoda, shu kunlarda Toshkentda oʻtayotgan, Samarqand va Termiz shaharlarida davom etadigan “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bagʻrikenglik va maʼrifat yoʻli” mavzusidagi I Xalqaro islom forumi nafaqat muhim xalqaro anjuman, balki maʼrifatni taraqqiyotning asosiy sharti sifatida eʼtirof etayotgan Yangi Oʻzbekistonning butun dunyoga yoʻllayotgan muhim murojaati sifatida ham ahamiyat kasb etadi.
Mazkur anjuman shunchaki navbatdagi xalqaro tadbir emas, balki Oʻzbekistonning maʼrifatparvarlik anʼanalari va bugungi taraqqiyot yoʻli oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlikni namoyon etadigan muhim maydon hisoblanadi.
Forum Oʻzbekiston va Islom taʼlim, fan va madaniyat tashkiloti — ICESCO hamkorligida tashkil etilayotgani ham uning nufuzini yanada oshiradi.
Anjumanda Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa hamda boshqa mintaqalardan 300 dan ortiq olimlar, tadqiqotchilar, din arboblari, ekspertlar va madaniyat namoyandalari ishtirok etmoqda. Bu esa forumni nafaqat ilmiy muloqot maydoni, balki turli xalq va madaniyatlar vakillari uchrashadigan nufuzli xalqaro platformaga aylantiradi.
Forumning asosiy maqsadi islom sivilizatsiyasining insonparvarlik va maʼrifatparvarlik mohiyatini keng ochib berishdan iborat. Afsuski, baʼzan islom haqida gap ketganda uning boy ilmiy va madaniy merosidan koʻra ayrim salbiy voqealar koʻproq tilga olinadi. Vaholanki, islom sivilizatsiyasi asrlar davomida ilm-fan, tibbiyot, astronomiya, matematika, falsafa, meʼmorchilik va adabiyot sohalari rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan.
Siyosiy voqealar pillapoyasida islom, avvalo, kitoblar tarixi, kutubxonalar tarixi, ilmiy bahslar tarixi, ustoz va shogird munosabatlari tarixini oʻzida aks ettiradi. Buyuk allomalar qoldirgan merosga nazar tashlasak, ularning aksariyati insonni ilm orqali kamolotga yetkazishni oʻz faoliyatining bosh maqsadi deb bilganini koʻramiz.
Forum doirasida aynan ana shu masalalar keng muhokama qilinyapti. Oʻzbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazida yuqori darajada tashkil etilayotgan yalpi yigʻilishlar hamda bir qator tematik sessiyalarda turkiy xalqlarning sivilizatsiya taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi, hadis, fiqh va kalom ilmining rivojlanishi, muzeylar va qoʻlyozma fondlarining ahamiyati, islom sivilizatsiyasi va zamonaviy media makoni, raqamli kommunikatsiyalar hamda maʼrifiy faoliyatning yangi shakllari borasida qizgʻin fikr almashilmoqda.
Ayniqsa, zamonaviy axborot makonida islom sivilizatsiyasi merosini toʻgʻri va xolis targʻib qilish masalasi bugun dolzarb ahamiyat kasb etyapti. Chunki raqamli texnologiyalar insonlarga katta imkoniyatlar bilan birga muayyan xavf-xatarlarni ham olib kelmoqda. Shu bois tarixiy merosni zamonaviy formatlarda taqdim etish, yoshlarga tushunarli va qiziqarli usullarda yetkazish muhim vazifaga aylanyapti.
Samarqandda boʻlib oʻtadigan tadbirlarda esa Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” asari va uning jahon ilm-fanidagi oʻrni, Imom Moturidiy taʼlimotining moʻtadillik, aql va maʼrifatga asoslangan gʻoyalari hamda islom sivilizatsiyasi va zamonaviy dunyo mutanosibligi masalalari muhokama qilinadi. Bu mavzular nafaqat diniy ilmlar nuqtayi nazaridan, balki zamonaviy jamiyat taraqqiyoti nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga ega.
Termiz shahrida esa Termiz hadis maktabi va uning jahon ilm-fani rivojiga qoʻshgan hissasi haqida yangi tadqiqotlar taqdim etiladi. Bu bejiz emas. Chunki Termiz zamini asrlar davomida islom ilmlari taraqqiyotining muhim markazlaridan biri boʻlib kelgan.
Forum doirasida islom xattotligi va qoʻlyozmalari koʻrgazmalari, noyob tarixiy manbalar taqdimotlari, hujjatli filmlar namoyishi va madaniy-maʼrifiy tadbirlar ham oʻtkaziladi. Bu esa ishtirokchilarga kitoblarda oʻqigan merosni bevosita koʻrish, his qilish va anglash imkonini beradi.
Forumning yana bir muhim jihati shundaki, unda tinchlik va bagʻrikenglik madaniyatini rivojlantirish, ekstremizm va radikalizmga qarshi maʼrifiy yondashuvlarni kuchaytirish, yoshlarni insonparvarlik ruhida tarbiyalash, madaniy merosni asrash kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratiladi.
Bugun jahon tajribasi bir haqiqatni koʻrsatmoqda: radikal gʻoyalarga qarshi kurashishning eng samarali yoʻli maʼrifatdir. Inson qalbi va ongini bilim bilan toʻldirish mumkin boʻlgan joyda jaholatga oʻrin qolmaydi. Shuning uchun ham maʼrifatga qaratilgan har bir tashabbus, aslida, tinchlikka qaratilgan tashabbusdir.
Oʻtkazilajak forumning ahamiyatini yana bir jihatdan baholash mumkin. Mazkur tadbir Oʻzbekistonning xalqaro gumanitar muloqot, madaniyatlar va sivilizatsiyalar oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish borasidagi tashabbuslarini yanada keng namoyon etadi. Keyingi yillarda mamlakatimizda diniy-maʼrifiy merosni oʻrganish, tarixiy obidalarni tiklash, qoʻlyozma boyliklarni tadqiq qilish va ularni xalqaro ilmiy muomalaga kiritish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Forum ana shu saʼy-harakatlarning mantiqiy davomi boʻladi.
Eng muhimi, mazkur anjuman bugungi dunyoga muhim bir haqiqatni yana bir bor uqtiradi – taraqqiyotning eng ishonchli yoʻli ilmdan boshlanadi. Tinchlikning eng mustahkam poydevori bagʻrikenglikdir. Jamiyatning eng katta boyligi esa maʼrifatli insonlardir.
Shu maʼnoda, ilk bor oʻtkazilayotgan I Xalqaro islom forumi nafaqat olimlar va mutaxassislar uchrashuvi, balki Yangi Oʻzbekistonning butun dunyoga yoʻllayotgan maʼnaviy chaqirigʻi sifatida ham ahamiyat kasb etadi. Bu chaqiriqning mazmuni oddiy, ammo gʻoyat teran: insoniyatni birlashtiradigan eng katta kuch — bilim, tinchlik va maʼrifatdir.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





