#Хушхабар
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati yangi bosqichga koʻtarildi. Markazning Facebook va Instagram tarmoqlaridagi rasmiy sahifalari Meta kompaniyasi tomonidan xalqaro verifikatsiyadan oʻtkazilib, ularga rasmiylik maqomini anglatuvchi koʻk belgi (Meta Verified) berildi.
Bugungi axborot asrida jamiyatni xolis va ilmiy asoslangan maʼlumotlar bilan taʼminlashda, ayniqsa, buyuk ajdodlarimizning boy maʼnaviy merosini keng targʻib etishda raqamli platformalarning oʻrni beqiyos. Verifikatsiya Markaz tomonidan mazkur yoʻnalishda olib borilayotgan tizimli ishlar va raqamli transformatsiya jarayonlari xalqaro miqyosda tan olinayotganining yana bir amaliy tasdigʻi boʻldi.
Rasmiy maqomning berilishi, eng avvalo, Markaz nomidan eʼlon qilinayotgan yangiliklar, ilmiy maqolalar va media mahsulotlarning aslligiga, xolisligi va sahihligiga kuzatuvchilarimiz toʻliq ishonch hosil qilish uchun asos boʻladi. Shu bilan birga, ushbu belgi Markaz nomidan foydalanib soxta (feyk) profillar ochilishi va notoʻgʻri axborot tarqatilishining oldini olishga xizmat qiladi. Eng muhimi, ushbu eʼtirof Markazning nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro raqamli makondagi nufuzini oshirib, uning brend xavfsizligini yangi bosqichga olib chiqadi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi kuzatuvchilardan oʻz faoliyatiga oid eng soʻnggi yangiliklar, xalqaro hamkorlik aloqalari va ilmiy tadqiqotlar natijalarini faqatgina mazkur koʻk belgiga ega boʻlgan rasmiy sahifalar va rasmiy saytimiz orqali kuzatib borishni soʻraydi.
Markazimizning raqamli ekotizimini rivojlantirish va keng jamoatchilikka sifatli kontent yetkazish borasidagi islohotlar izchil davom ettiriladi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





