Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi va Turkiyaning Marmara universiteti hamkorligida “Tasavvuf: oʻtmish, bugun va kelajak” nomli yangi xalqaro ilmiy loyiha yoʻlga qoʻyildi.

Yangi loyiha tasavvuf taʼlimotining tarixiy ildizlari, uning bugungi kundagi maʼnaviy-maʼrifiy ahamiyati, yosh avlod tarbiyasidagi oʻrni, shuningdek, tariqat namoyandalari faoliyati, ilmiy merosi, markazlari va yozma manbalarini xalqaro hamkorlik asosida tadqiq etishga qaratilgan.
2-iyul kuni loyiha doirasidagi ilk onlayn seminar oʻtkazildi. Unda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazlari ilmiy xodimlari hamda Oʻzbekiston, Turkiya va Qirgʻizistonning yetakchi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari olimlari, professor-oʻqituvchilari, mustaqil tadqiqotchilar qirqdan ortiq nuqtadan turib ishtirok etdi.

Markaz direktori Shovosil Ziyodov ilmiy hamjamiyatni yangi loyiha amaliy pallaga kirgani munosabati bilan qutlab, muassasamizda tasavvuf merosini ilmiy jihatdan tadqiq etish, uning haqiqiy mohiyati va maʼrifiy ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan ishlar izchil davom etayotganini taʼkidladi. Shuningdek, mazkur xalqaro seminarlar turkumi ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, sohadagi dolzarb tadqiqotlar yuzasidan fikr almashish, yangi qoʻshma loyihalarni ishlab chiqishga xizmat qilishini qayd etdi.
Ilmiy yigʻinning asosiy maʼruzasi Marmara universiteti professori, taniqli islomshunos olim doktor Nejdet Toʻsun tomonidan “Naqshbandiylik va ijtimoiy hayot” mavzuida taqdim etildi.

Unda Naqshbandiya tariqatining shakllanish bosqichlari, Movarounnahrdan Hind diyorigacha boʻlgan hududlarda keng tarqalishi, tasavvuf namoyandalarining jamiyat maʼnaviy hayoti, ilm-fan va ijtimoiy munosabatlar rivojidagi oʻrni tarixiy manbalar asosida tahlil qilindi.
Professor Nejdet Tosun Xoja Bahouddin Naqshband, Yusuf Hamadoniy, Abdulxoliq Gʻijduvoniy, Xoja Ali Romitaniy, Xoja Ubaydulloh Ahror kabi buyuk mutasavviflarning hayoti va faoliyati haqida toʻxtalib, ular tasavvufni tarkidunyochilik emas, balki halol mehnat bilan kun kechirish, xalq bilan baqamti yashash va jamiyatga xizmat qilish gʻoyalari bilan uygʻun ravishda targʻib etganini taʼkidladi.

– Abdulxoliq Gʻijduvoniy va Xoja Ali Romitaniy kabi zotlar hech qachon birovga qaram boʻlishni istashmagan, alohida guruhbozlik ham qilishmagan. Masalan, Xoja Ali Romitaniy maʼnaviy rahnamolik qilish bilan bir qatorda, toʻquvchilik bilan shugʻullanib, halol mehnat orqali kun kechirgan va jamiyatga xizmat qilgan, – dedi u.
Shuningdek, maʼruzada tasavvuf merosining turli tillarga tarjima qilinishi, Muhammad Porso, Alouddin Attor kabi shayxlarning ilmiy merosi, Buxoro madrasalaridagi taʼlim anʼanalari hamda mavzuga oid qator tarixiy manbalar xususida qiziqarli maʼlumotlar keltirildi.
Bugungi hayotda tasavvufning ijtimoiy hayotdagi oʻrni haqida soʻz yuritar ekan, maʼruzachi Turkiya tajribasi misolida soʻfiylik anʼanalari hozir ham taʼlim muassasalari, xayriya jamgʻarmalari va nashriyotlar faoliyati orqali jamiyat maʼnaviy hayotiga ijobiy taʼsir koʻrsatayotganini qayd etdi.
Maʼruza yakunida ishtirokchilar tomonidan mavzu yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi, savol-javoblar oʻtkazildi. Seminar qatnashchilari turkiy xalqlar maʼnaviy merosida muhim oʻrin tutgan tasavvuf taʼlimotini xalqaro hamkorlik asosida yanada chuqur oʻrganish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekanini alohida taʼkidladi.

Ushbu xalqaro seminar “Tasavvuf: oʻtmish, bugun va kelajak” turkumining ilk tadbiri sifatida ilmiy jamoatchilik orasida katta qiziqish uygʻotdi. Loyiha doirasida kelgusida ham tasavvuf tarixi, uning ilmiy merosi va zamonaviy ahamiyatiga bagʻishlangan xalqaro onlayn seminarlarni muntazam tashkil etish nazarda tutilgan.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





