Home / Imom Buxoriy hadislari / HADISLAR – YOSHLAR TARBIYASINING MAʼNAVIY POYDEVORI

HADISLAR – YOSHLAR TARBIYASINING MAʼNAVIY POYDEVORI

Jamiyat taraqqiyoti va millat kelajagi bevosita yosh avlodning qanday tarbiya topishiga bogʻliqdir. Yoshlarni maʼnan yetuk, vatanparvar, bilimli va odobli qilib tarbiyalashda islom dinining muhim manbalaridan biri boʻlgan hadislarning ahamiyati beqiyos.

Hadislar – Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning soʻzlari, amallari, maʼqullagan yo taqiqlagan ishlarini oʻz ichiga olgan boʻlib, ular inson hayotining barcha jabhalari va oxirati uchun manfaatli koʻrsatma va yoʻl-yoʻriqlarni taqdim etadi.

Hadislar insonni maʼnaviy-axloqiy komillikka yetaklovchi muhim dasturulamaldir. Ularda shaxsning maʼnaviy kamoloti, axloqiy fazilatlari va jamiyatda munosib oʻrin egallashi uchun zarur boʻlgan asosiy tamoyillar oʻz ifodasini topgan. Xususan, sof niyat, goʻzal xulq, ilm orttirish, ota-onaga ehtirom, oilaviy qadriyatlarga sadoqat, mehr-oqibat, halollik, adolatparvarlik va boshqa yuksak insoniy fazilatlar hadislarda keng targʻib etilgan. Shu jihatdan olganda, hadislar nafaqat diniy taʼlimot manbai, balki barkamol insonni tarbiyalashga xizmat qiluvchi muhim maʼnaviy-axloqiy dastur sifatida ham alohida ahamiyat kasb etadi.

Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam oʻz hadislarida har bir amalning qiymati va Alloh taolo huzurida qabul qilinishi, avvalo, insonning niyatiga bogʻliq ekanini alohida taʼkidlaganlar.

عَنْ عَلْقَمَة بْنَ وَقَاصِ اللَّيْثِيَّ يَقُولُ: سَمِعْتُ عُمَرَ بْنَ الْخَطَّابِ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ عَلَى الْمِنْبَرِ قَالَ : سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: “إِنَّمَا الأَعْمَالُ بِالنِّيَّاتِ، … ”[1] رواه البخاري

Alqama ibn Vaqqos Laysiydan rivoyat qilinadi: “Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: “Muhammad sollallohu alayhi vasallamning: “Albatta, amallar niyatlarga bogʻliqdir…”, deganlarini eshitdim”, deb aytdi”, dedi (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu hadis islomning mohiyatini ifodalovchi muhim rivoyatlardan biri boʻlib, dinimizning aksar hukmlari uchun poydevordir. Ulamolarning u haqda aytgan soʻzlari bunga yorqin dalil boʻladi.

Imom Abu Dovud: “Albatta, amallar niyatga bogʻliqdir” hadisi islomning yarmidir. Negaki din yo zohirda, yo botinda boʻladi. Zohirda koʻrinadigani amal, botindagisi esa niyat boʻladi”, degan.

Imom Ahmad va Imom Shofeʼiy: “Albatta, amallar niyatga bogʻliqdir” hadisiga ilmning uchdan biri doxil boʻladi. Negaki, bandaning amallari qalbi, tili va qolgan aʼzolari bilan kasb qilinadi. Qalb bilan niyat qilish ayni shu uch qismdan biridir”, deb aytgan.

Koʻpchilik niyatni oddiy istak, mayl deb oʻylashi mumkin. Lekin asl niyat – bu qalbning qarori va insonni harakatlantiruvchi ichki turtkidir. Niyat bilan inson bir ishni nima maqsadda qilayotganini qalbida belgilab oladi. Shu bois niyat inson hayotidagi barcha ishlarning rukni hisoblanadi.

Masalan, inson ilm olish uchun oʻqishi mumkin. Uning maqsadi toʻgʻri yoʻlni topish, Allohning roziligiga erishish, oʻziga, oilasi va jamiyatga foyda keltirish boʻlsa, bu ibodatga aylanadi. Ammo faqat obroʻ, mansab yoki odamlarni lol qoldirish uchun boʻlsa, u savobdan mahrum qoladi. Shuning uchun har bir inson oʻz amallarining tashqi koʻrinishi bilan birga, ularning ichki maqsadi – niyati (qalbining raʼyi) va ixlosiga ham alohida eʼtibor qaratishi zarur. Chunki, islom taʼlimotida niyat har qanday amalning asosini tashkil etuvchi muhim maʼnaviy omil sifatida eʼtirof etiladi.

Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam insonning qadri uning boyligi yo mavqei bilan emas, balki goʻzal xulqi va yaxshi amallari bilan belgilanishiga ham alohida urgʻu berganlar.

عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ عَمْرٍو رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا، قَالَ: لَمْ يَكُنِ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَاحِشًا وَلَا مُتَفَحِّشًا وَكَانَ، يَقُولُ:“إِنَّ مِنْ خِيَارِكُمْ أَحْسَنَكُمْ أَخْلَاقًا.”[2] رواه البخاري.

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumo: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam fahsh (qabih) ishlarni qiluvchi va hech qachon fahsh soʻzlarni soʻzlovchi emas edilar. U zot: “Eng yaxshilaringiz axloqi yaxshilaringizdir”, der edilar”, dedi (Imom Buxoriy rivoyati).

Ushbu hadis yoshlarni yuksak odob-axloq sohibi boʻlishga undaydi va ularda atrofdagilarga nisbatan hurmat bilan munosabatda boʻlish, samimiylik, bagʻrikenglik va insoniylik kabi muhim maʼnaviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, hadislarda ilm olish va maʼrifatli boʻlish masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Ilm insonni jaholat botqogʻidan chiqarib, maʼnaviy kamolot sari yetaklaydigan muhim omil sifatida talqin etiladi. Shu bois Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ilm oʻrganishni har bir insonning muhim vazifalaridan biri sifatida taʼkidlaganlar.

عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّم: “طَلَبُ الْعِلْمِ فَرِيضَةٌ عَلَى كُلِّ مُسْلِمٍ… .”[3] رواه ابن ماجه.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ilm talab qilish har bir musulmon uchun farzdir, dedilar” (Ibn Moja rivoyati).

Bu hadisda har bir musulmon ilm olishni oʻzi uchun farz deb bilish kerakligi taʼkidlangan. Islomda bu beshikdan to qabrgacha boʻlgan muddatni, yaʼni insonning butun umrini toʻliq qamraydi. Bunday daʼvat esa yoshlarni muntazam oʻqishga, izlanishga va oʻz ustida ishlashga chorlaydi.

Ilm-fan va texnologiyalar jadal rivojlanayotgan bugungi sharoitda hadislardagi ilmga chorlov gʻoyalari yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Yoshlar bu taʼlimot asosida zamonaviy bilimlarni egallab, hozirning oʻzidan jamiyat ravnaqiga munosib hissa qoʻshishi mumkin.

Hadislarda ota-onaga yaxshilik qilish, ularning roziligini olish va mudom xizmatida boʻlish, “uf” demaslik va minnat qilmaslik farzandning gunohi kabiralariga kafforat boʻlishi aytilgan.

عَنْ عَطاء بِن يَسار، عَنْ ابنِ عبَّاسٍ أنَّهُ أتاهُ رجلٌ فقال: إنِّي خطبتُ امرأةً فأبَتْ أن تَنكِحَني، وخطبَها غَيري فأحبَّتْ أن تنكِحَهُ، فغِرْتُ علَيها فقتلتُها، فهلْ لي مِن تَوبةٍ؟ قال: أُمُّكَ حيَّةٌ؟ قال: لا، قال: تُبْ إلى اللهِ عزَّ وجلَّ، وتقرَّبْ إليهِ ما استطعتَ. فذهبتُ فسألتُ ابنَ عبَّاسٍ: لِمَ سألتَهُ عن حياةِ أُمِّهِ؟ فقال: إنِّي لا أعلمُ عملًا أقربَ إلى اللهِ عزَّ وجلَّ مِن برِّ الوالدةِ.[4]» رواه البخاري

Ato ibn Yasor roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ibn Abbos roziyallohu anhuning oldiga bir kishi kelib: “Bir ayolga sovchi qoʻydim. U menga tegishdan bosh tortdi. Boshqa bir kishi sovchi qoʻygan edi, uni maʼqul koʻrdi. Rashkim qoʻzib, u ayolni oʻldirib qoʻydim. Tavba qilishimning biror (imkoni) bormi?” deb soʻradi. Ibn Abbos roziyallohu anhu: “Onang hayotmi?” dedi. U: “yoʻq”, dedi. Ibn Abbos roziyallohu anhu: “Alloh azza va jallaga tavba qil va Unga qoʻlingdan kelganicha muqarrab (yaqinroq) boʻl”, dedi. Ato ibn Yasor roziyallohu anhu aytadi: “Ibn Abbosning oldiga borib: “Nima uchun undan “Onang hayotmi?” deb soʻradingiz?” dedim”. Ibn Abbos roziyallohu anhu: “Men onaga yaxshilik qilishdan koʻra Allohga muqarrabroq (yaqinlashtiradigan) biror amalni bilmayman”, deb javob berdi (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu hadisning asosiy mazmuni shuki, har qancha katta gunoh qilgan boʻlsa ham inson uchun tavba eshigi ochiq. Qotillik qilgan kishi Ibn Abbos roziyallohu anhudan jazo emas, balki tavba haqida soʻragan. Lekin unutmaslik kerakki, tavbaning faqat tilda aytish bilan cheklanmaydi, balki gunoh uchun astoydil pushaymon boʻlish, bunday ishlardan butunlay yuz oʻgirish, qaytib qoʻl urmaslikka azm qilish va yaxshiliklarni koʻpaytirish bilan mukammal boʻladi.

Ibn Abbos avval onasi hayotmi-yoʻqmi ekanini soʻrayapti. Chunki onaga yaxshilik qilish Allohga yaqinlashtiradigan eng ulugʻ amal boʻlib, ona haqqining naqadar yuksak ekanini koʻrsatadi. Alloh taolo Qurʼoni karimda ota-onaga yaxshilik qilishni Oʻziga ibodat qilish bilan bir qatorda amr etgan. Ayniqsa, ona homiladorlik va toʻlgʻoq iztiroblarini, tarbiya mashaqqatlarini boshidan kechirgani uchun uning haqqi yanada ulugʻdir. Shu bois onasi vafot etganini bilgach, unga chin dildan tavba qilishni va koʻp yaxshi amallar qilishni tavsiya qilgan.

Ushbu hadis yosh avlod tarbiyasi nuqtayi nazaridan ham katta ahamiyatga ega. U yoshlarni ota-onaga, ayniqsa, onaga mehrli boʻlishga, gunohlardan saqlanishga, xatoga yoʻl qoʻyilganda esa, umidsizlikka tushmasdan, chin dildan tavba qilishga va hayotini yaxshi amallar bilan bezashga chorlaydi. Onaning haqlari qay darajadaligini koʻrsatib, volidaga yaxshilik qilish hatto qotillikdek ulkan gunohning ham kechirilishiga sabab boʻlishini anglatadi. Shuningdek, insonning Allohga yaqinlashishida eng ulugʻ vositalardan biri ona roziligini olish va unga mudom yaxshilik qilish ekanini koʻrsatadi.

Muxtasar aytganda, hadislar yosh avlod tarbiyasining muhim maʼnaviy poydevori hisoblanadi. Yoshlarning axloqli, bilimli, mehnatsevar, vatanparvar va masʼuliyatli insonlar boʻlib voyaga yetishiga yordam beradi. Shuning uchun jamiyatda hadislardan samarali foydalanish barkamol avlodni tarbiyalashning muhim omili hisoblanadi.

[1] Kutubu sitta. Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn Mugʻiyra ibn Bardezbeh Buxoriy. Jomiul musnad Sahihul muxtasar min umuri Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va sunanihi va ayyomihi. – AR-Riyoz. Maktabatu Doris salom. 2008. – B.1. (1-hadis);
[2] Kutubu sitta. Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn Mugʻiyra ibn Bardazbeh Buxoriy. Jomiul musnad Sahihul muxtasar min umuri Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va sunanihi va ayyomihi. – Riyoz. Maktabatu Doris-salom. 2008. – B.289. (3559-hadis);
[3] Kutubu sitta. Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Yazid Robiʼiy Qazviniy. Sunanu Ibn Moja. – Riyoz. Maktabatu Doris-salom. 2008. – B.2491. 224-hadis.
[4] Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Adabul mufrad. Qohira. Maktabatul Xonjiy. 2003. – B.7. 4-hadis.
Yoʻldoshxon ISAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

AZIM ZOTLAR YURTIGA MUAZZAMLIK YARASHADI

RAMAZON HAYITI ARAFASIDA SAMARQAND VILOYATINING POYARIQ TUMANIDAGI XOʻJA ISMOIL SHAHARCHASIDA IMOM BUXORIY MAJMUASINING OCHILISH MAROSIMI …