Home / ALLOMALAR / TASAVVUF TARIXIDAGI UNUTILMAS SHAXS: NAJMIDDIN KUBRO

TASAVVUF TARIXIDAGI UNUTILMAS SHAXS: NAJMIDDIN KUBRO

Najmiddin Kubro hayoti va faoliyati haqida bir qancha muhim asarlarda ma’lumot beriladi. Yusuf Zaydonning “Tahqiqu Favoihul jamol” asarida Shayxning tasavvufiy merosi tahlil qilingan. Kamoliddin Dimyariyning “Hayotul hayavonil kubro” asarida Shayxning shogirdlariga ta’siri va ilmiy faoliyati haqida hikoya qilingan. Najmiddin Kubroning “Favoihul jamal” asarida allomaning shaxsiy hayoti va tasavvufiy qarashlari yoritilgan. Yoqut Hamaviyning “Mo‘’jamul buldon” asarida esa Shayx yashagan davr va Xorazmning tarixiy geografiyasi tasvirlangan. Ushbu manbalar Shayx Najmiddin Kubroning ilmiy va ma’naviy merosini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega.

Najmiddin Kubro (rahmatullohi alayh) – tasavvuf ilmining ulug‘ namoyandasi, o‘z davrida ma’naviy va ilmiy merosi bilan tanilgan. Uning hayoti, ilmiy va tasavvufiy faoliyati ko‘plab tarixiy manbalarda o‘z aksini topgan. Shayxning “Valiylar tarbiyachisi”, “Abul Jannob”, “Najmiddin-l-Kubro” kabi laqablarining ortida chuqur ma’no va hikmat yotadi. Ushbu maqolada Najmiddin Kubroning hayot yo‘li, tasavvufdagi o‘rni, shogirdlari va mo‘g‘ullar bosqini davridagi faoliyati kabi masalalar tahlil qilinadi. Bu ishdan ko‘zlangan maqsad tasavvuf tarixida Shayxning ulug‘ rolini ochib berish, uning ilohiy karomatlari va ilmiy yondashuvlarini zamonaviy o‘quvchilarga tanishtirishdan iborat.

Tarixchilar bergan ma’lumotlarga qaraganda, uning ismi Ahmad ibn Umar ibn Muhammad, zohid imom, valiylar tarbiyachisi, Abul Jannob Najmiddin-l-Kubro al-Xorazmiy al-Xivaqiy, muhaddis va shahiddir. (7:11).

Najmiddin Kubro hijriy 540-yilida Xorazmning Xiva shahrida musulmon oilada dunyoga kelgan. Tarixchilar shayxning o‘zi o‘sgan oilasi haqida aniq ma’lumot bermagan. Lekin u Xorazm aholisining ko‘pchiligi kabi kamtarin oilada tug‘ilgan. Bu holat shayxning “Favoihul jamol” asaridagi hikoyasida ochiq ko‘rinadi. Shayx bolaligida matolarni qo‘riqlash uchun bir uydan boshpana topganini va u yerda yolg‘iz, qo‘rquv ichida tunaganini eslagan. Hatto, u bir payt o‘g‘ri kirayotganini tasavvur qilib, qo‘rquvdan hushini yo‘qotib, ertasi kuni tushgacha o‘ziga kelmaganini yozadi.

Ushbu voqea shayxning qashshoq va ehtimol yetimlikda o‘tgan bolaligidan darak beradi. Chunki u matolarni qo‘riqlab, bir uyda yolg‘iz tunagan va hushsiz yotgan bolani ertasi kungacha hech kim izlanmagani uning bolaligi qiyin o‘tganini isbotlaydi.

Shayx yuqorida ko‘rganimizdek juda ko‘plab laqablarga erishgan. Shayx laqablarining har biri zamirida bir hikoya yoki tafsilot mavjud. Ushbu hikoya va tafsilotlarni zikr qilish orqali biz bu insonning ayrim jihatlari va qanday darajadagi olim ekani bilan tanishishimiz mumkin.

Zohid va qudva: Ushbu laqablar faqat Shayx uchun o‘zgacha bo‘lib qolmay, balki ko‘pgina yirik tasavvuf arboblarining nomlari tarix kitoblarida shunday laqablar bilan boshlangan. Bu ularning har biri shariat ilmlari va tariqat asoslarini birlashtirgan imom bo‘lganini bildiradi. Bundan tashqari, ularga ergashgan shogirdlari yoki muridlari mavjud edi. Ularning nazarida, bu imomning maqomi haqiqiy, boshqalar esa majoziy ma’noda unga ergashgan.

“Qudva” so‘zi esa insonning diniy va dunyoviy ishlaridagi pokligi va namunaviy hayoti orqali zamondoshlari hamda undan keyingi muxlislari uchun o‘rnak bo‘lganini anglatadi. Ularning holati, amallari, fazilatlari va tarjimayi holidan o‘rnak olganlar ham aynan shu jihatlarni qadrlar edi.

Zohid laqabi ayrim hollarda maxsus sifat ko‘rinishida ishlatilishi mumkin. Masalan, Abu Hoshim az-Zohid haqida bo‘lgani kabi. Ba’zan esa bu laqab tasavvuf shayxlarining umumiy xususiyati sifatida ishlatiladi, chunki ular uchun zohidlik tariqat yo‘li shartlardan biri hisoblanadi. Shu ma’noda Shayx bu laqabni o‘zida jamlagan, xuddi boshqa tariqat shayxlari kabi.

“Valiylar tarbiyachisi” – bu Shayx Najmiddin Kubroga xos bo‘lgan alohida laqab bo‘lib, u allomadan boshqa hech kimga nisbatan ishlatilmagan. Ushbu laqabning asosi fors tilidagi “Valiy tarosh” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, arab tilida “valiylar tarbiyachisi” degan ma’noni anglatadi.

Bu unvonga sabab bo‘lgan ikki asos bor. Birinchi sabab aql jihatdan ma’qullanadigan bo‘lib, u shundan iboratki, shayxning qo‘lida ko‘plab shogirdlar yetishib chiqqan, ular valiylik darajasiga erishgan. Ikkinchi sabab esa ba’zi tasavvuf tarixchilarining rivoyatlariga asoslangan. Ularning aytishicha, Shayx Najmiddin jazba holatda biror kishiga nazar tashlaganida, o‘sha kishi ham jazbaga tushib, avliyo darajasiga erishgan. Bu holat bizni 525-hijriy yilda vafot etgan Shayx Hammad ad-Dabbosni eslatadi, chunki uning qarashidan Abdulqodir Jiyloniy va Abu Najib as-Suhravardiy kabi mashhur shaxslar avliyo darajasiga yetishgan. (3:100).

“Jazba” arabcha so‘z bo‘lib, o‘zbek tilida “jalb qilinish” yoki “ruhiy yuksalish” ma’nosini anglatadi. Tasavvuf kontekstida bu atama insonning Allohga yoki ruhiy holatga kuchli jalb bo‘lishi, ya’ni qalban Allohga yaqin va U bilan band bo‘lishini bildiradi.

Tasavvufda injizob yoki jazba – bu qalbning Allohga to‘liq yuzlanishi va dunyoviy narsalardan voz kechib, faqatgina ilohiy muhabbat bilan band bo‘lish holatidir. Jazba holati insonning Allohning ruhiy nurini his qilishi, qalbida kuchli bir ishonch va muhabbat uyg‘onishi orqali yuzaga keladi.

Shayxlar yoki avliyolar nazarida jazba holati shogirdga o‘tishi mumkin, ya’ni bunda bir shayxning qarashlari yoki so‘zlari boshqa bir kishining qalbini uyg‘otishi va uni ruhiy o‘zgarish sari yetaklashi tasavvur qilinadi. Bu holat tasavvufda “ilohiy jalb” deb ta’riflanadi va avliyolar orasida keng tarqalgan tasavvurdir.

Masalan, yuqoridagi misolda Shayx Najmiddinning nazari bilan bir kishining ruhiy jazbaga tushishi va Allohga yaqin bo‘lgan avliyo maqomiga erishishi qayd etilgan. Bu jarayon inson qalbida ilohiy o‘zgarishning boshlanishi sifatida talqin qilinadi. Tasavvufda bu holat insonning ruhiy tarbiyasi va yuqori maqomga erishish jarayonining bir bosqichi hisoblanadi.

Qanday sabab bilan Shayx Najmiddinga ushbu unvon berilgan bo‘lmasin, bu yerda muhim jihat shuki, Shayx ushbu unvonga ega bo‘lib, hayotining ikkinchi yarmida shuhrat qozongan. Aynan o‘sha davrda u Xorazmda yashab, tasavvufni targ‘ib qilish bilan shug‘ullangan.

Abul Jannob. Shayx Najmiddin “Favoihul Jamol” asarida o‘zining “Abul Jannob” kunyasi haqida hikoya qilib, bunday deydi:

“Iskandariya shahrida hadislar tinglab o‘tirgan edim, to‘satdan hushimni yo‘qotdim va bir holatga tushib qoldim. Shu holatda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamni ko‘rdim. U zot men bilan yonma-yon o‘tirgan edilar. O‘sha paytda ichimda bir ilhom tug‘ildi va Payg‘ambarimizdan kunyani so‘rashni xohladim. Shunda dedim: ‘Yo Rasululloh, men “Abul Janob” (tashdidsiz) bo‘laymi yoki “Abu al-Jannab” (tashdidli)?”. Nafsim esa ich-ichidan “Abul Janob”ni afzal ko‘rar edi. Lekin u zot: ‘Yo‘q, balki sen “Abul Jannob” bo‘lasan, dedilar” [4:144].

Shu tariqa Shayx Najmiddin “Abul Jannob” kunyasi bilan mashhur bo‘ldi. Shundan ta’sirlangan ba’zi shoirlar o‘z asarlarida bu voqeani tasvirlashdi. Masalan, quyidagi bayt ko‘plab tasavvufiy manbalarda uchraydi:

Rasulimiz dedi unga tushida ko‘rib,

Sen bo‘lasan Abul Jannob, bu nom haqiq.

Bu hikoya yana Shayx Abul Hasan al-Shoziliy haqidagi rivoyatni eslatadi. Al-Shoziliy yashagan davri va undan keyin ham “Shoziliy” deb tanilgan. Ammo u Marokashdagi Shozila qishlog‘idan bo‘lmagan. O‘zi rivoyat qiladiki:

“Bir kuni dedim: ‘Ey Robbim, nega meni “Shoziliy” deb atading? Axir men Shoziladan emasman”. Shunda menga xitob keldi: ‘Ey Ali, seni Men “Shoziliy” deb atamadim, balki sen “Shoziliy”san, chunki mening xizmatimda haddan tashqari fidokorsan” [1:52]. Bu voqea shuni ko‘rsatadiki, ulug‘ shayxlarning laqab va kunyasi ko‘pincha ilohiy ilhom yoki ruhiy holatlar orqali berilgan bo‘lib, ularning hayoti va ma’naviy martabasini aks ettiradi.

Kubro. Shayxning eng mashhur laqabi “Kubro” boʻlib, ba’zilar uni “Najm Kubro”, ba’zilar esa “Najmiddin Kubro” deb atashadi. Ushbu laqab haqida turli izohlar mavjud.

Ibn al-Imod al-Hanbaliy bunday deydi: Shayx yoshligida tengqurlaridan oldinroq murakkab masala va nozik narsalarni tushunishda ajralib turar edi. Shu sababdan unga “Tomma kubro” (katta ofat) deb laqab berishgan [2:79]. Keyinchalik “tomma” soʻzi olib tashlanib, faqat “Kubro” qoldirilgan. Boshqa tarixchilar ham ushbu fikrni tasdiqlagan. Shunga koʻra, bu laqab Shayxning yoshlikdagi tabiati va bahs va munozaralardagi mahoratidan kelib chiqib olingan. U bahslarda xuddi ofat singari zarba beruvchi edi.

Ammo doktor Qosim Gʻino Hofiz Sheroziyga oid baytlarni ichidan soʻzning tasavvufiy maʼnosini ham bor ekanini aytadi. Qosim G‘ino “tomma” so‘zini solikning (tasavvuf yoʻlidagi talabaning) ilk bosqichlarida tiliga tushuvchi soʻzlar, odatdan tashqari hodisa va karomatlar degan ma’noda deb aytgan. Bu tushuntirishni Sayyid Jaʼfar Sajodiyning “Fihrink Mustalahoti Urafo” kitobida ham koʻrish mumkin [5:620]. Shuning uchun “tomma” soʻzining ushbu tasavvufiy maʼnosi shayxning laqabini izohlash uchun koʻproq mos boʻlishi mumkin.

Imom Zahabiy esa boshqa bir izohni keltiradi. U Abul A’lo al-Foriziydan bunday deganini eshitgan: “Bu aslida Najm al-Kubro, lekin keyinchalik yengillashtirilib, “Najmiddin Kubro” deyiladigan boʻlgan”. “Siyar aʼlam an-Nubalo” asarining muhaqqiqi bu fikrni tasdiqlab: “Abul A’lo al-Foriziy oʻzi yashagan hududdagi bu masalalarni yaxshi biladi”, deb izoh bergan [8:111].

Shunday qilib, “Kubro” laqabining maʼnosi koʻp qirralidir. U shayxning bahs-munozaradagi yetukligidan tortib, tasavvufiy maʼnolariga qadar jihatlarni qamrab oladi.

Xorazmiy va Xivaqiy nisbasi ko‘plab ilm va fazilat sohiblari orasida mashhur bo‘lib, ular Xorazmga mansub ekanini anglatadi. Xorazm – bu ulkan mintaqa bo‘lib, mashhur geograf Yoqut Hamaviy hijriy 616-yilda, Shayx Najmiddin vafotidan ikki yil oldin u yerni ziyorat qilgan. U bu haqda quyidagi ma’lumotlarni bergan:

“Xorazm bir shahar nomi emas, balki butun mintaqaning nomidir. Ammo uning eng katta markazi bugungi kunda Gurganj deb ataladi, lekin aholisi uni Ko‘rkanj deb ataydi. Xorazmning aksar qishloqlari bozor, rasta va do‘konlarga ega. Kamdan-kam hollarda bozori bo‘lmagan qishloqlar uchraydi. Xavfsizlik va osoyishtalik mukammal darajada ta’minlangan. U yerda qish juda qattiq bo‘ladi, hatto men ularning Jayhun daryosini – eni bir mil bo‘lgan daryoni – muzlab qolganini ko‘rdim. Muz ustida karvon va yuk ulovlari bemalol o‘tib yurardi. Ular odatda uzun bo‘yli va gavdali bo‘lib, peshonasi kengdir. Men Xorazmning sovuq iqlimini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim: yo‘llari shunday qattiq muzlab qolardiki, go‘yoki quruq chang to‘zib ketardi. Agar havo biroz isib, osmonni bulut qoplasa, yo‘llar yana botqoqqa aylanib, ot va hayvonlar tizzasigacha botib ketardi. Men u yerda nimanidir yozishga harakat qildim, lekin siyohdonim muzlab qolib, olov yoniga qo‘yib eritishga harakat qildim. Shuningdek, sho‘rva ichmoqchi bo‘lganimda, u labimda muzlab qotib qolardi.

Shunga qaramay, Xorazm juda yaxshi diyor. Uning aholisi bilimli, fiqh va ilmdan xabardor, aqlli va boy. U yerda hayot qulay, rizq oson topiladi va yashash sharoiti yaxshi edi. Ammo hozir menga xabar keldiki, hijriy 618-yilda mo‘g‘ullar bu diyorni bosib olib, vayron qilgan, aholisini o‘ldirgan va xarobaga aylantirgan ekan. O‘ylaymanki, Xorazmning o‘sha davrdagi obodlik darajasi, aholisi ko‘pligi, boyligi va shar’iy qonunlarga amal qilishiga dunyoda teng keladigan boshqa biror shahar bo‘lmagan. Biz Allohning bandalarimiz, Unga qaytamiz” [6:395].

“Xivaqiy” laqabi Xorazm hududidagi Xivaq qishlog‘iga nisbatan aytilgan. Bu haqda Yoqut Hamaviy bunday yozadi:

 “Bu Xorazmning bir hududidagi qishloq va qal’a bo‘lib, yerli aholi uni “Xiva” deb ataydi va odamlarini “Xivaqiy” deb chaqiradi. U yerning aholisi shofeiy mazhabida, holbuki Xorazmning boshqa hududlari asosan hanafiy mazhabiga amal qiladi [6:415].

Shuningdek, shayxning yana ikki mashhur laqabi bor: “Muhaddis” va “Shahid”.

  1. “Muhaddis” laqabi Shayx Najmiddinning hadis ilmi bilan shug‘ullangani va bu borada yetuk olim bo‘lgani sababli berilgan.
  2. “Shahid” laqabi esa uning hayotining oxirida bo‘lib o‘tgan dramatik voqealar natijasida shahidlik maqomiga erishgani sababli atalgan.

Shayx Najmiddin Kubro (rahmatullohi alayh) mo‘g‘ullar bilan bo‘lgan jangda Xorazmda shahid bo‘lgan. Rivoyat qilinishicha, Xorazm sultoni shayx va uning qariyb oltmish nafar safdoshlari oldiga kelib, ularga shunday degan: “Bu yurtdan chiqib ketinglar, chunki Sharqdan bir olov chiqib, G‘arbga yaqin joylargacha kuydirmoqda. Bu ummat boshiga kelgan eng katta fitnadir”. Shunda shayxning shogirdlari: “Ey Najmiddin, bu fitnaning ko‘tarilishi uchun duo qilsangiz bo‘lmaydimi?” deb so‘rashdi. Shayx javob berdi: “Bu qat’iy hukmdir, bunday narsada duo foyda bermaydi”. Ular undan: “Siz biz bilan chiqasizmi?” deb so‘rashganida, shayx dedi: “Sizlar jo‘nanglar, men esa shu yerda shahid bo‘laman”.

Dushman shaharni egallaganida, shayx va qolgan safdoshlari masjidga yig‘ilib, “Namoz uchun jamlaninglar!” deb e’lon qilishdi. So‘ngra shayx ularga: “Turib, Alloh yo‘lida jang qilaylik!” dedi. U uyiga kirib, o‘zining murshididan qolgan rido(xirqa)ni kiyib, dushmanga qarshi chiqdi. Dushman unga tosh va o‘qlar otib, hujum qildi. Shayx jang maydonida g‘azab bilan dushmanga qarshi kurashdi. Nihoyat, uning ko‘ksiga bir o‘q tegdi. Shayx o‘qni tortib olib, osmon tomonga uloqtirdi va qon to‘kila boshladi. U shunday dedi: “Ey Robbim, agar sevgingni istasang, meni visoling bilan yoki hijroning bilan o‘ldir!” Va shu so‘zlar bilan jon taslim qildi. Shayx o‘z raboti (zaviyasi)da dafn qilindi. Alloh unga rahmat qilsin!

Najmiddin Kubro tasavvuf ilmining buyuk namoyandasi bo‘lib, uning hayoti va faoliyati ibrat bo‘lib xizmat qiladi. Shayxning shogirdlari orasida tarqalgan ruhiy yuksalish tajribasi tasavvuf tarixida alohida o‘rin egallaydi. Uning “Valiylar tarbiyachisi” unvoni shogirdlarga bo‘lgan cheksiz e’tiborini va tasavvuf ma’naviyatiga bo‘lgan xizmatini aks ettiradi. Shayxning mo‘g‘ullar istilosi davridagi shahidlik maqomi uning fidokor va shijoatli shaxs ekanini tasdiqlaydi. 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR: 
  1. Ahmad Kumushxonaviy. Jami’ ul-usul fil avliyo.
  2. Ibn al-Imod al-Hanbaliy. Zazarotuz zahab fi axbori man zahaba. – J. 5.
  3. Kamoliddin Dimyariy. Hayotul hayavonil kubro. – J. 1.
  4. Najmiddin Kubro. Favoihul jamol va favotihul jalol.
  5. Qosim G‘ino. Tarixut tasavvuf fil islom.
  6. Yoqut Hamaviy. Mo‘’jamul buldon. – J. 2.
  7. Yusuf Zaydon. Tahqiq Favoihul jamol va favotihul jamol.
  8. Siyar a’lomi an-nubalo. – J.22
Nurmuhammad Matkarimov,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

XV-XIX ASRLARDA NAQSHBANDIYA TARIQATINING ZARAFSHONDAGI NAMOYANDALARI (1-qism)

Naqshbandiylar oʻzi faoliyat koʻrsatgan hududlardagi ijtimoiy-siyosiy va maʼnaviy-madaniy hayotda muhim oʻrin tutgan. Hukmdor va amaldorlar …