Home / MAQOLALAR / ABU DOVUDNING “SUNAN” ASARIDA KELGAN HADIS ATAMALARI TAHLILI

ABU DOVUDNING “SUNAN” ASARIDA KELGAN HADIS ATAMALARI TAHLILI

Islom tarixida hadis ilmi rivojida yirik muhaddislar o‘rni beqiyosdir. Ular nafaqat hadislarni jamlab, yozib qoldirgan, balki ularning ishonchliligi va amaliy ahamiyatini chuqur tahlil qilishga katta e’tibor qaratgan. Ana shunday buyuk muhaddislardan biri Abu Dovud Sijistoniydir. U hadis ilmining yirik namoyandalaridan biri bo‘lib, o‘zining “Sunani Abu Dovud” kitobi orqali islom fiqhida muhim manba yaratgan.

Abu Dovud Sijistoniyning hadislarni tanlash, ularni fiqhiy jihatdan tahlil qilish va hayotga tatbiq etish borasidagi yondashuvi alohida ahamiyatga ega. U o‘zining “Sunani Abu Dovud” asarida fiqhiy hukmiy hadislarni jamlab, tartibga solgan va islom huquqiy tizimida muhim o‘rin egallovchi asar yaratgan. Ushbu asar nafaqat hadislarni yig‘ish, balki ularning ishonchliligi va amaliyotda qo‘llashga nisbatan yondashuvi bilan ham ajralib turadi.

Hadis ilmi islom huquqshunosligining asosiy manbalaridan biri bo‘lib, uning rivojida buyuk muhaddislarning hissasi katta. Abu Dovud esa hadislarni tanlash va tasniflash usullari orqali nafaqat hadis ilmiga, balki fiqh sohasiga ham ulkan hissa qo‘shgan.

Maqolani tayyorlashda umumlashtirish, taqqoslash, qiyosiy tahlil, tizimli yondashuv kabi tadqiqot usullaridan foydalanildi.

Abu Dovud rohimahulloh hadislarni keltirishda ularning faqat ilmiy jihatdan sahih bo‘lishiga emas, balki amaliy foydali bo‘lishiga ham katta e’tibor qaratgan. U o‘zining “Sunan” kitobini tartibga solishda faqat fiqhiy ahamiyatga ega bo‘lgan hadislarni jamlagan. Uning hadislarni tanlash borasidagi yondashuvi haqida quyidagi so‘zlari mashhur:

“Sizlar bildirgan fikrlar bilan to‘liq tanishib chiqdim. Aytgan so‘zlaringiz to‘g‘ri (ya’ni, haqiqatan ham bu kitobga o‘z bobidagi eng sahih hadislarni kiritdim). Ammo bir masalani aytib o‘tay: agar bir hadis ikkita sanad bilan kelgan bo‘lsa-yu, ulardan biri sanadi jihatdan kuchli, ikkinchisidagi roviylar esa ustozini uzoq vaqt lozim tutgan bo‘lsa, men ana shu ikkinchi sanadni tanladim. Lekin shuni ham aytishim kerakki, kitobimda bu uslub qo‘llangan hadislar soni o‘ntaga ham bormasa kerak” [4:22], degan.

Bu so‘zlardan ko‘rinib turibdiki, Abu Dovud rohimahulloh hadislarni tanlashda sanadlar ishonchliligini tekshirish bilan birga, roviylarning fiqhiy bilimiga ham e’tibor bergan. U hadislarni faqat ularning rivoyat zanjiri mustahkamligi bilan emas, balki amaliy qo‘llanishi bilan ham baholagan. Bu esa uni boshqa muhaddislardan ajratib turadigan muhim jihatlardan biridir.

Abu Dovud rohimahulloh uzun hadislarni qisqartirish uslubini ham qo‘llagan. Uning fikricha, ba’zi hadislarning to‘liq matnida amaliy jihatdan muhim bo‘lmagan tafsilotlar bo‘lishi mumkin. Shu sababli u hadislarning asosiy mazmunini saqlagan holda, faqat fiqhiy ahamiyatga ega qismlarini keltirishni ma’qul ko‘rgan.

Bu borada u quyidagi tamoyilga amal qilgan: “Hadislarni to‘liq rivoyat qilish muhim, biroq agar ularning ba’zi qismlari shariat hukmlari bilan bog‘liq bo‘lmasa, ularni qisqartirgan ma’qul. Chunki asosiy maqsad – hadislardan fiqhiy foyda olishdir” [4:24].

Bunday yondashuv islom huquqshunosligida hadislarni amaliyotda qo‘llashni osonlashtirgan. Abu Dovud rohimahullohning bu usuli fiqhiy masalalarni hal qilishda hadislarni o‘rganayotgan olimlar uchun qulaylik yaratgan.

Abu Dovud rohimahulloh “Sunan” kitobida bir bobga juda ko‘p hadis kiritishdan tiyilgan. Uning asosiy maqsadi – hadislarni iloji boricha ixcham holda taqdim etish, shunda kitob o‘quvchilar uchun oson va tushunarli bo‘ladi.

Bu borada u bunday degan: “Hamma sahih hadislarni keltirish odamlar uchun qiyinchilik tug‘diradi. Men esa ularni o‘rganish va foydalanish oson bo‘lishini xohladim” [4:23].

Shu sababli u har bir bobda faqat eng muhim hadislarni keltirib, ortiqcha tafsilotlardan tiyilgan. Agar bir bobda ko‘plab sahih hadislar mavjud bo‘lsa ham, u odatda faqat bir-ikkita hadisni keltirish bilan kifoyalangan.

Abu Dovud Sijistoniy rohimahulloh hadislarni tartibga solishda ularga chuqur ilmiy tahlil bilan yondashgan va har bir hadisning ma’nosini to‘liq anglab yetish uchun turli metodlarni qo‘llagan. U ba’zan bir bobda bitta hadisni ikki yoki uch xil sanad bilan keltirgan. Bu bejiz emas, balki muayyan maqsadga yo‘naltirilgan edi.

Uning bu boradagi yondashuvini tushunish uchun, quyidagi tamoyilga e’tibor berish lozim. Abu Dovud rohimahulloh bir hadisni turli sanad bilan keltirganda, odatda, birinchi sanadda ba’zi nuqsonlar (illatlar) bo‘lishi mumkinligini bildirmoqchi bo‘lgan. Bu haqda u bunday deydi: “Agar men bir bobda bitta hadisni ikki-uch xil sanad bilan keltirgan bo‘lsam, bilingki, birinchi hadisda illat bor. Keyingi hadislarni u bilan solishtirib ko‘ring, oralaridagi farqni toping. O‘sha farqli joyi – birinchi hadisdagi illatdir. “Qo‘shimcha gap bor”, deganim – siz o‘zingiz tushunib olishingiz kerak bo‘lgan narsa deganidir” [3:4].

Ya’ni Abu Dovud rohimahulloh o‘z kitobida bir hadisni takror keltirar ekan, aslida, o‘quvchi va muhaddislarga u hadisning sahihligi yoki undagi ba’zi zaif jihatlarni ko‘rsatmoqchi bo‘lgan. Agar keyingi sanadlar oldingisiga nisbatan mukammalroq bo‘lsa, bu aynan oldingi sanadning biror jihatdan muammoli ekanini bildirgan bo‘lishi mumkin. Bu yondashuv hadislarni chuqur tahlil qilish va ularni to‘g‘ri tushunish uchun juda muhim.

Abu Dovud rohimahulloh hadislarni nafaqat to‘plash va tartiblash, balki ularni qisqartirishga ham ehtiyotkorlik bilan yondashgan. U ba’zan bir hadisni to‘liq shaklda keltirish o‘rniga, faqat asosiy fiqhiy nuqtaga e’tibor qaratish maqsadida qisqartirgan. Buning sababini u quyidagicha tushuntiradi: “Agar hadis uzun bo‘lsa, men uni qisqartirib keltirgan bo‘laman. Chunki agar uni to‘liq yozsam, uni eshitgan kishilar ayrim jihatlarini tushunmasligi mumkin. Shunday bo‘lsa, ular hadisdagi fiqhiy ma’noni anglamay qoladi. Men esa aynan o‘sha bobdagi fiqhiy nuqtaga e’tibor qaratmoqchi bo‘laman” [2:2].

Bu so‘zlardan anglashiladiki, Abu Dovud rohimahulloh hadisni keltirishdan maqsad – shunchaki rivoyat qilish emas, balki uning fiqhiy ahamiyatini ochib berishdir. U hadislardagi asosiy g‘oyani saqlab qolgan holda, odamlarga oson va tushunarli bo‘lishi uchun ortiqcha tafsilotlarni chiqarib tashlagan. Bu esa hadis ilmini tushunishni yengillashtirgan.

Mursal hadislar roviylar zanjirining to‘liq emasligi sababli ba’zan muammoli hisoblanadi. Bunday hadislar odatda tobeinlardan rivoyat qilinadi, lekin ularning oraliqdagi sahobiyni eslatmasligi sababli sanadda uzilish paydo bo‘ladi. Abu Dovud rohimahulloh bu masalaga juda ehtiyotkorlik bilan yondashgan.

Uning mursal hadislar borasidagi pozitsiyasi quyidagicha: “Mursal hadislar to‘liq sanadga ega bo‘lmagani uchun ularni asosiy hujjat sifatida keltirmaganman. Lekin ba’zan boshqa ishonchli dalillar topilmaganda, ulardan foydalanganman. Chunki mursal hadislar ayrim sharoitlarda foydalanishga yaroqli bo‘lishi mumkin”.

Ya’ni Abu Dovud rohimahulloh mursal hadislarni mustaqil dalil sifatida ishlatmagan, lekin agar boshqa kuchli manbalar bo‘lmasa va hadisning mazmuni shariat qoidalariga mos kelsa, ularni hisobga olgan. Bu uning hadislarni tanlash va ulardan fiqhiy xulosa chiqarish borasida naqadar ehtiyotkor bo‘lganini ko‘rsatadi.

Abu Dovud hadis ilmidagi yondashuvi bilan islom fiqhiy merosida muhim o‘rin egallaydi. U hadislarni nafaqat jamlab, balki ularni sahihlik darajasiga ko‘ra tartiblash, qisqartirish va muhim fiqhiy xulosalarni chiqarish borasida ham o‘ziga xos uslubga ega bo‘lgan.

 – Bir hadisni bir bobda turli sanad bilan keltirganda, bu hadisning ayrim sanadlarida illat borligini anglatishi mumkin.
 – Uzun hadislarni qisqartirib keltirishi esa odamlar uchun oson va tushunarli bo‘lishi hamda fiqhiy ma’noni aniq ochib berish maqsadini ko‘zlagan.
 – Mursal hadislarni esa mustaqil hujjat sifatida ishlatmagan, lekin boshqa dalillar bo‘lmaganda, ularni muayyan sharoitda qo‘llagan.

Bu yondashuv uning hadis ilmi va fiqhga bo‘lgan yuksak ilmiy e’tiborini hamda ixchamlik va amaliy jihatdan foydalilikni ustuvor qo‘yganini ko‘rsatadi. Shu sababli, Abu Dovud rohimahullohning “Sunan” kitobi faqat muhaddislar emas, balki fiqh olimlari tomonidan ham asosiy manba sifatida qadrlanadi.

Islom huquqshunosligi va hadis ilmining rivojlanishida buyuk muhaddislar va faqihlarning o‘rni juda katta. Ularning har biri o‘z ilmiy uslubi va tahliliy yondashuvi bilan hadislarni tasniflash hamda ulardan fiqhiy xulosalar chiqarish borasida muayyan tamoyillarga ega bo‘lgan. Abu Dovud Sijistoniy rohimahulloh ham ana shunday yirik muhaddislardan bo‘lib, uning “Sunan” asari fiqhiy masalalarda asosiy manbalardan biri hisoblanadi.

Hadis ilmidagi muhim masalalardan biri – mursal hadislarning qabul qilinishi yoki rad etilishi masalasidir. Mursal hadis deganda, roviy sanadda sahobiyni eslatmasdan, bevosita Payg‘ambar alayhissalomdan rivoyat qilishi tushuniladi. Bunday hadislar, odatda, zanjirning to‘liq emasligi sababli ba’zan ishonchli deb topilmagan, ba’zan esa fiqhiy dalil sifatida qabul qilingan.

Bu masalada muhaddis va faqihlar o‘rtasida turli yondashuvlar mavjud bo‘lgan. Abu Dovud rohimahulloh o‘z risolasida bu borada quyidagilarni bayon qiladi: “Mursal hadislarni oldin o‘tgan ulamolar hujjat sifatida ishlatib kelishayotgan edi. Masalan, Sufyon Savriy, Molik ibn Anas va Avzo’iy rahmatullohi alayhlar. Ammo Imom Shofeiy rahmatullohi alayhga kelganda, u zot bunga e’tiroz bildirdi (ya’ni ko‘plab shart qo‘ydi). So‘ngra Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayh va boshqalar ham bu borada Shofeiyga ergashdi. Agar mursallardan boshqa musnad (muttasil) rivoyat bo‘lmasa, musnad rivoyat topilmasa, mursal hujjat sifatida ishlatilaveradi. Lekin u quvvatda muttasil singari bo‘lmaydi” [1:192].

Bu so‘zlardan ko‘rinib turibdiki, mursal hadislarning qabul qilinishi borasida ikki xil yondashuv bo‘lgan:

  1. Sufyon Savriy, Imom Molik va Imom Avzoiy kabi muhaddislar mursal hadislarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujjat sifatida qabul qilgan.
  2. Imom Shofeiy va Ahmad ibn Hanbal esa bunday hadislarni qabul qilish uchun qo‘shimcha shartlar qo‘ygan.

Abu Dovud rohimahulloh esa bu ikki yondashuv o‘rtasida muvozanatni saqlagan. U agar mursal hadisni tasdiqlovchi muttasil sanadli hadis topilmasa, mursalni qabul qilish mumkin deb bilgan. Ammo bu holatda ham u muttasil hadis darajasida bo‘la olmasligini ta’kidlagan.

Hadis ilmidagi yana bir muhim masala – zaif hadislarning qanday ishlatilishi masalasidir. Abu Dovud rohimahulloh zaif hadislarni qabul qilishda juda ehtiyotkor bo‘lgan. U hadislarning zaifligi sababli ularga to‘liq tayanmagan va ilmiy tahlil qilish maqsadida ularni qayd qilib, baholagan.

U bu borada shunday degan: “Agar kitobda munkar hadis bo‘lsa, uning munkar ekanini bayon qildim. Natijada, o‘sha bobda unga o‘xshash boshqa munkar rivoyat bo‘lmaydi (ya’ni, agar hadis munkar bo‘lsa, men uni albatta bayon qilaman, agar bayon qilmasam, u munkar emas, degani”) [5:141].

Bu tamoyil shuni ko‘rsatadiki:
 – Abu Dovud rohimahulloh o‘z kitobida hadislarning zaif yoki munkar ekanini aniq bayon qilib ketgan;
 – Agar biror hadisning zaifligi yoki munkarligi haqida aniq ma’lumot berilmagan bo‘lsa, u hadis munkar emas, deb tushunish kerak;
– U ilmiy bahs va tahlil maqsadida zaif hadislarni keltirgan, lekin ularni mustaqil ravishda fiqhiy hukm chiqarish uchun ishlatmagan.
Bu metodika orqali Abu Dovud rohimahulloh o‘z kitobida zaif hadislarning o‘rnini aniq belgilab bergan va ularni sahih yoki hasan hadislar bilan aralashtirmagan.

Abu Dovud rohimahulloh o‘z asarini boshqa muhaddislar kitoblari bilan solishtirgan. Xususan, “Sunan” kitobini Ibn Muborak, Vaki’, Molik ibn Anas va Hammod ibn Salama kabi muhaddislar asarlari bilan taqqoslagan.

Bu haqda u shunday degan: “Musnad – muttasil va marfu’ hadislarning ozginasigina Ibn Muborak va Vaki’ rahmatullohi alayhlarning kitobida mavjud. Bu zotlarning kitobidagi ko‘p hadislar mursal hadislardir. Molik ibn Anas rahmatullohi alayhning “Muvattosining “Sunan” kitobida (ya’ni fiqhiy hukmlarga tegishli boblarida) ko‘p musnad rivoyatlar bor. Shuningdek, Hammod ibn Salama va Abdurazzoq rahmatullohi alayhlarning asarlarida ham bir qancha musnad hadislar topiladi. Bilishimizcha, bu kitoblarning (ya’ni “Sunan” asaridagi bo‘limlarning) uchdan biri ham barchalari, ya’ni Molik ibn Anas, Hammod ibn Salama va Abdurazzoq rahmatullohi alayhlarning kitoblarida bo‘lmasa kerak” [4:25-26].

Bu taqqoslash shuni ko‘rsatadiki:
– Ibn Muborak va Vaki’ning kitoblarida ko‘plab mursal hadislar mavjud bo‘lib, ularda muttasil hadislar kamroq.
– Imom Molikning “Muvatto” kitobi esa fiqhiy jihatdan ko‘plab musnad hadislarni o‘z ichiga olgan.
 – Hammod ibn Salama va Abdurazzoqning kitoblari ham musnad hadislar bilan boyitilgan, lekin Abu Dovud rohimahullohning “Sunan” kitobidagi hadislar bilan to‘liq qoplanmaydi.
Abu Dovud rohimahullohning hadis ilmidagi yondashuvi juda ehtiyotkor va ilmiy asoslangan. U:
– Mursal hadislarni mustaqil hujjat sifatida ishlatmagan, lekin boshqa dalillar bo‘lmasa, qabul qilgan.
 – Zaif hadislarni aniq qayd qilib, ularning qanchalik ishonchli ekanini bayon qilgan.
– “Sunan” kitobini hukmiy hadislar bo‘yicha asosiy manba sifatida yozgan va uni boshqa muhaddislar kitobi bilan solishtirgan.
Shu sababli uning yondashuvi hadis ilmi va fiqhiy tadqiqotlarda bugungi kungacha dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib qolmoqda.

Abu Dovud rohimahulloh o‘zining “Sunan” kitobini eng muhim hukmiy hadislarni jamlash maqsadida tartibga keltirdi. U hadislarni tanlash va tasniflash borasida o‘ziga xos ilmiy yondashuvni qo‘lladi. “Sunan” asari faqat sahih hadislarni yig‘ish uchun emas, balki fiqhiy nuqtayi nazardan amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan rivoyatlarni to‘plash uchun yozilgan. U o‘zining hadislarni qanday jamlagani va tanlagani haqida quyidagicha bayon qiladi: “Kitobni o‘zimdagi bor narsalar (o‘zimga yetib kelgan rivoyatlar)ni bir tartib (nizom)ga muvofiq yozdim. Agar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan biror sunnat sizga yetib kelsa-yu, men uni taxrij qilmagan bo‘lsam (kitobimda keltirmagan bo‘lsam), bilingki, u (o‘ta) zaifdir. Illo o‘sha hadis kitobimda boshqa tariqdan bo‘lsa ham kelgan bo‘lsa, u zaif bo‘lmasligi mumkin. Chunki men tariqlarni hammasini ham rivoyat qilmadim. Sababi bu o‘rganuvchi uchun kattalashib (qiyin bo‘lib) ketadi” [2:26].

Bu so‘zlardan anglashiladiki, Abu Dovud hadislarni to‘plashda aniq maqsad va mezonlarga asoslangan:

  1. Eng muhim va amaliy ahamiyatga ega hadislar tanlangan, ya’ni fiqhiy hukmlarga doir bo‘lmagan, amaliy jihatdan ahamiyatsiz hadislar jamlanmagan.
  2. Zaif hadislarni ehtiyotkorlik bilan keltirgan, ya’ni agar u biror hadisni o‘z kitobiga kiritmagan bo‘lsa, demak, uni juda zaif deb bilgan.
  3. Hadislarni haddan tashqari ko‘paytirishdan tiyilgan, ya’ni har bir hadisning barcha sanadlarini alohida-alohida keltirmagan, balki asosiy variantlarini tanlagan.

Abu Dovud rohimahulloh “Sunan” kitobida hadislarni saralashda o‘ziga xos yondashuvga ega bo‘lgan. Uning kitobi boshqa muhaddislar asarlaridan amaliy foydali hadislarni tanlash usuli bilan ajralib turadi.

Masalan, ba’zi uzun yoki to‘liq anglab bo‘lmaydigan hadislar qisqartirilgan yoki izohlangan. Chunki u hadislarni to‘liq shaklda keltirganda, ularning ba’zi qismlarini anglash qiyin bo‘lishi mumkin edi. Bunda u hadisning mazmunini yo‘qotmagan holda, faqat muhim fiqhiy jihatlariga e’tibor qaratgan.

Abu Dovud rohimahullohning hadislarni eng keng qamrab olgan muhaddis ekanini o‘zi ham e’tirof etgan: “Rivoyatlarni bu darajada keng qamrab olgan mendan boshqa kishini bilmayman” [5:142].

Bu borada Hasan ibn Ali Xallol rahmatullohi alayh hadislarning umumiy miqdori haqida quyidagicha fikr bildirgan: “Ibn Muborak rahmatullohi alayh shunday degan: “Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan sunnatlar (hukmiy hadislar) to‘qqiz yuzga yaqin hadisdir”.

Bu fikrga javoban unga e’tiroz bildirib: “Abu Yusuf rahmatullohi alayh ularni bir ming bir yuzta”, deganku?”

Shunda Ibn Muborak rohimahulloh bunga javoban bunday degan: “Abu Yusuf u yerdan, bu yerdan zaif hadislarni ham olaverganda”.

Bu so‘zlardan ko‘rinib turibdiki, Abu Dovud rohimahulloh faqat miqdorni emas, balki hadislarning sifati va ishonchliligini ham asosiy mezon sifatida olgan. Uning yondashuvi shunchaki hadislarni yig‘ish emas, balki eng ishonchli va amaliy jihatdan kerakli bo‘lganlarini ajratishga qaratilgan.

Abu Dovud rohimahullohning “Sunan” kitobi hukmiy hadislarning noyob to‘plami hisoblanadi. U hadislarni tanlash, tahlil qilish va kitob holiga keltirishda yuqori darajadagi ilmiy yondashuvni namoyon etgan. U bu kitob haqida shunday degan:

“U shunday kitobki, sizga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan biror sunnat yetib kelgan bo‘lsa, albatta u kitobda bordir. Biroq hadisdan (mujtahidlar tomonidan) biron hukm chiqarib olingan bo‘lsa, bu narsa (mujtahid imomlarning ijtihodlari) deyarli keltirilmagan”.

Ya’ni “Sunan” asarida hadislarning o‘zi keltirilgan, lekin fiqhiy ijtihodlar va ulamolar tomonidan chiqarilgan hukmlar alohida bayon qilinmagan. Bu esa hadislarni o‘rganmoqchi bo‘lgan har bir kishi uchun asl manbadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanish imkoniyatini yaratgan.

Bu fikr shuni anglatadiki, Abu Dovud o‘zining “Sunan” kitobini fiqhiy bilimlarni o‘rganishda eng muhim manba deb bilgan. Uning fikricha, agar bir talaba “Sunan” asarini yozib olsa va undagi hadislarni o‘rgansa, bu unga katta ilmiy asos bo‘lishi mumkin. U bu haqda quyidagi fikrni bildirgan:

“Bu kitoblarni (“Sunan” asaridagi bo‘limlarni) yozgan tolibi ilm boshqa biron hadis yozmasa ham zarari yo‘q. Kishi unga (bu kitobga) nazar solsa, uni tadabbur qilsa va tushunsa, shunda uning qadrini bilib oladi” [4:28].

Ya’ni “Sunan” kitobini o‘rganish, tadqiq qilish va undagi hadislarni chuqur tushunish har bir talabaga yetarli bo‘ladi. Chunki bu kitobda eng muhim va amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan hadislar jamlangan.

Abu Dovudning “Sunan” kitobi hadis ilmi va fiqhiy tadqiqotlar uchun bebaho manba hisoblanadi. Uning hadislarni tanlash va tasniflash borasidagi yondashuvi quyidagi asosiy jihatlar bilan ajralib turadi:

  1. Faqat eng muhim va amaliy jihatdan muhim bo‘lgan hadislarni jamlagan, ya’ni hadislar ortiqcha tafsilotlarsiz, faqat fiqhiy ahamiyatga ega bo‘lgan qismigina keltirilgan.
  2. Hadislar sanadi va sifatini aniq bayon qilgan, ya’ni zaif hadislarni ochiq bayon etgan va sahihlar bilan aralashtirmagan.
  3. O‘rganish oson bo‘lishi uchun uni ixchamlashtirgan, ya’ni barcha sanadlarni keltirmay, faqat asosiy dalillarga e’tibor bergan.
  4. Qur’ondan keyingi eng muhim kitoblardan biri deb e’tirof etgan. Hadis va fiqh ilmini o‘rganayotgan har bir kishi uchun uni zarur manba deb bilgan.

Bugungi kunda ham Abu Dovudning “Sunan” kitobi islom huquqshunosligi va hadis ilmi bo‘yicha asosiy manbalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Abu Dovud rohimahulloh hadis ilmidagi yuksak bilim va tajribasini namoyon etgan holda, o‘zining “Sunan” kitobini eng ishonchli va hukmiy ahamiyatga ega hadislar asosida tuzdi. U hadislarni nafaqat rivoyat qilish, balki ularning sanadi va lafzlarini chuqur tahlil qilishga katta e’tibor qaratdi. O‘zining hadislarni tanlash va saralash uslubi haqida u bunday deydi:

“Kim ushbu hadislarni lafzlari bilan qo‘shib farqiga borishni istasa, (unga shuni aytamanki), ba’zi hadislar boshqalarning kitobida mashhur imomlarning tariqidan kelgan bo‘lsa ham, men uni (ba’zan) boshqa tariqdan keltiraman. Sababi matnlar ichidan ko‘p ma’nolarni ifoda qila oladigan, o‘zim boxabar bo‘lgan lafzli matnni tanlab olgan bo‘laman”.

Bu so‘zlardan anglashiladiki, Abu Dovud hadislarni tanlashda faqat ularning isnodi bilan cheklanmay, balki matnining aniq va tushunarli bo‘lishiga ham e’tibor bergan. Bunday uslub orqali u hadislarning ma’no jihatdan yanada boy va ishonchli shaklda yetkazilishini ta’minlagan.

Ushbu tanqidiy yondashuvi bilan u boshqa muhaddislar kitoblarida uchraydigan ba’zi isnodlar muammolarini ham ochib bergan.

Ya’ni ba’zan boshqa muhaddislar tomonidan muttasil deb qabul qilingan isnodlarning aslida uzilgan yoki zaif ekanini Abu Dovud o‘zining chuqur ilmiy tahlili orqali aniqlagan. Masalan, u Ibn Jurayjning Zuhriydan rivoyati haqida quyidagi misolni keltiradi:

“Masalan, Ibn Jurayjdan rivoyat qilingan bir sanadda u: “Zuhriyning bunday degani haqida menga xabar berildi” degan iborani ishlatadi (ya’ni, Ibn Jurayj hadisni Zuhriydan eshitmagani namoyon bo‘lib turibdi). Biroq Bursoniy “Ibn Jurayjdan, u Zuhriydan” deb rivoyat qilgan (Bursoniyning lafzida xuddi Ibn Jurayj o‘sha hadisni Zuhriydan eshitgandek tuyulib qolgan). Buni eshitgan roviy uni muttasil deb o‘ylaydi. Holbuki, u sanad hech qanaqasiga muttasil bo‘lolmaydi”.

Bu o‘rinda Abu Dovud Bursoniy tomonidan keltirilgan isnodning illatli ekanini tushuntiradi. Ibn Jurayj aslida Zuhriydan to‘g‘ridan-to‘g‘ri eshitmagan bo‘lsa-da, Bursoniy uni muttasil ravishda rivoyat qilgan. Shu sababli, bunday sanadning qabul qilinishi mumkin emas.

Ya’ni, ba’zan odamlar Abu Dovudni “falon hadisni tark qilibdi” deb ayblashi mumkin. Ammo aslida u hadisni emas, balki uning zaif yoki uzilgan isnodini tark qilgan bo‘ladi. Bu uning hadis tanlashdagi eng muhim yondashuvlaridan biridir.

Abu Dovud o‘zining “Sunan” kitobini faqat hukmiy hadislar asosida tuzgan bo‘lib, unda zuhd, amallar fazilatlari yoki boshqa mavzularga oid hadislarni kiritmagan. Bu haqda u shunday degan:

“Sunan” kitobida faqat ahkom (hadislar)ni yozdim. Zuhd, amallarning fazilatlari va boshqa mavzudagi hadislarni yozmadim. Ushbu to‘rt ming sakkiz yuz hadisning barchasi hukmlar haqida. Zuhd, fazilatlar va bundan boshqa hadislarni esa taxrij qilmadim (rivoyat qilmadim)”.

Bu so‘zlar Abu Dovudning hadislarni qisqartirilgan va faqat amaliy ahamiyatga ega bo‘lganlarini tanlaganini ko‘rsatadi. Uning maqsadi faqat fiqhiy hukmlarga oid hadislarni jamlash bo‘lgan.

Abu Dovud Sijistoniyning “Sunan” asari islom huquqshunosligi uchun muhim manba hisoblanadi. Quyida Abu Dovudning yondashuvlari haqida batafsil ma’lumot taqdim etiladi:

Abu Dovud hadislarni tanlashda ularning faqat sahihligi va rivoyat ishonchliligiga emas, balki amaliy jihatlariga ham e’tibor qaratgan. U fiqhiy hukmlarni chiqarishda zarur bo‘lgan hadislarni “Sunan” asariga kiritgan. Hadislarni tanlash jarayonida quyidagi tamoyillarni qo‘llagan:

Faoliy yondashuv. Fiqhiy ahamiyatga ega bo‘lmagan hadislarni chetga surib, faqat amaliy hukmlar bilan bog‘liq hadislarni jamlagan.

Ishonchlilik mezoni. Agar hadisning sanadida zaiflik mavjud bo‘lsa, uni asosiy hujjat sifatida qabul qilmagan.

Mursal hadislar roviylar zanjirining uzilishi sababli e’tiborlidir. Abu Dovud mursal hadislarni mustaqil hujjat sifatida ishlatmagan bo‘lsa-da, zarurat tug‘ilganda boshqa ishonchli dalillar bilan birga ko‘rib chiqqan. Shuningdek, zaif hadislarni kiritishda ehtiyotkorlik qilgan va ularning ishonchliligini ochiq-oydin bayon etgan.

Abu Dovud uzun hadislarni qisqartirish uslubini qo‘llagan. U hadislarning asosiy mazmunini saqlab qolgan holda, fiqhiy jihatdan muhim bo‘lmagan qismlarini olib tashlagan. Bundan maqsad hadislarni o‘rganishni yengillashtirish va ularni tushunarli qilish edi. Bu uslub ulamolar tomonidan juda qadrlangan, chunki u fiqhiy masalalarni hal qilishni osonlashtirgan.

Abu Dovudning hadislarni tanlash va tahlil qilishdagi ilmiy asoslangan yondashuvi bugungi kungacha dolzarb bo‘lib qolmoqda. Uning “Sunan” asari nafaqat muhaddislar, balki fiqh olimlari tomonidan ham asosiy manba sifatida e’tirof etiladi. U hadislarni ixcham, amaliy va aniq shaklda taqdim etib, islom huquqshunosligining rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan.

Abu Dovud Sijistoniy rohimahullohning hadis ilmidagi yondashuvi ilmiy asosga ega bo‘lib, u o‘zining tanqidiy fikrlash va yuqori saviyadagi tahliliy uslubi bilan boshqa muhaddislardan ajralib turadi. Uning “Sunan” asari islom huquqshunosligida hukmiy hadislarni tartiblash va ulardan fiqhiy hukmlar chiqarishda asosiy manba sifatida qabul qilinadi. Ushbu asar quyidagi xususiyatlari bilan yuksak e’tirofga ega:

  1. Abu Dovud hadislarni kiritishda sanad ishonchliligiga, roviylarning fiqhiy saviyasiga va hadisning amaliy ahamiyatiga jiddiy e’tibor bergan. U zaif va mursal hadislarni asosiy dalil sifatida ishlatmagan, balki ularni faqat zarur hollarda va boshqa dalillar bilan birga ko‘rib chiqqan.
  2. U hadislarni qisqartirish orqali ularni tushunarli va amaliy jihatdan foydalanishga yaroqli shaklda jamlagan. Bu uslub ulamolar va talabalar uchun hadislarni o‘rganishni yengillashtirgan.
  3. “Sunan” asarida faqat fiqhiy hukmlar bilan bog‘liq hadislar keltirilgani, ortiqcha tafsilotlardan tiyilganligi va mazmun jihatidan ravonlikka erishilgani uni boshqa hadis to‘plamlaridan ajratib turadi.
  4. Abu Dovud hadis ilmini rivojlantirishda yuqori ilmiy standartlarni joriy qilib, hadislar asosida fiqhiy xulosalar chiqarishda izchil yondashuvni taqdim etdi.

Natijada, Abu Dovudning yondashuvi va “Sunan” asari islom huquqiy va ilmiy merosining ajralmas qismiga aylandi. Uning ilmiy usuli va ehtiyotkorligi zamonaviy islomshunoslik tadqiqotlari uchun ham dolzarb bo‘lib, ulamolar uchun o‘rganilishi lozim bo‘lgan asosiy manbalardan biri sifatida qadrlanadi. Abu Dovud rohimahullohning xizmati nafaqat o‘z davrida, balki keyingi asrlarda ham hadis va fiqh ilmining taraqqiyotida mustahkam poydevor yaratgan.

Xulosa qilganda, Abu Dovud Sijistoniy rohimahulloh hadis ilmining yirik namoyandalaridan biri bo‘lib, uning “Sunan” kitobi islom fiqhida muhim manba hisoblanadi. U hadislarni nafaqat sanad ishonchliligi, balki ularning amaliy ahamiyati va fiqhiy foydalanish imkoniyatini ham hisobga olib jamlagan.

Abu Dovud rohimahulloh hadislarni tanlashda fiqhiy yondashuvni qo‘llagan va hadislarning faqat ahkom (hukmiy) jihatiga e’tibor bergan. U mursal va zaif hadislarni mustaqil dalil sifatida qabul qilmagan, lekin boshqa ishonchli dalillar bo‘lmasa, ularni ma’lum shartlar asosida hisobga olgan. U uzun hadislarni qisqartirish uslubini qo‘llagan, bu esa fiqhiy ma’noni aniq tushunishga yordam bergan.

“Sunan” kitobi faqat hukmiy hadislarni o‘z ichiga olgani bilan ajralib turadi. Abu Dovud rohimahulloh bu kitobda ortiqcha tafsilotlarga berilmay, faqat fiqhiy ahamiyatga ega hadislarni jamlagan. Shuningdek, u hadislarni isnodlarining mustahkamligi va mazmunining ravshanligi nuqtayi nazaridan tahlil qilib, eng muhimlarini tanlagan.

Abu Dovud rohimahullohning yondashuvi hadis ilmi va fiqhiy tadqiqotlar uchun katta ahamiyat kasb etadi. Uning metodikasi hozirgi kungacha islom huquqshunosligida dolzarb bo‘lib, fiqhiy masalalarni yoritishda muhim manba sifatida e’tirof etiladi. 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR: 
  1. Ibn Abdul Barr. Tamhid. – Bayrut: Turos as-islamiy, 2008.
  2. Jaloloddin Suyutiy. Mirqotu as-su’ud ila sunani Abi Davud. – Bayrut: Daru ibn Hazm, 2012.
  3. Muhammad ibn Matar. Tadvin as-sunnatin nabaviyya nash’atuhu va tatovuruhu. – Ar-Riyod: Daru al-hijrati, 1997.
  4. Sulaymon ibn Ash’as. Risaltu Abi Davud ila ahli Makka rif vasfi as-sunan. – Bayrut: Maktab al-islamiy, 2008.
  5. Xalil Ahmad Saharonfuriy. – J: 1. Bazlul majhud fi halli sunani Abi Davud. – Hind: Markazu ash-Shayx Abu Hasan Nadaviy, 2006.
Mahmud ABDURAXMONOV,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi  3-kurs doktoranti,
Hadis ilmi maktabi “Hadis ilmlari” kafedrasi mudiri

Check Also

MOTURIDIYLIK TAʼLIMOTI – MUSTAHKAM EʼTIQOD ASOSI

Tarixdan maʼlumki, har qanday jamiyat taraqqiyotiga tahdid soluvchi omillardan biri aqidaviy boʻlinish va fikriy parokandalik …