Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Ilmiy kengashi qaroriga muvofiq, bir guruh yetakchi olimlar tomonidan tayyorlangan “Sinergetika-4: sunʼiy intellekt” nomli jamoaviy monografiya chop etildi. 464 bet hajmdagi ushbu kitob f.f.d., professor Baxtiyor Toʻrayev masʼul muharrirligida Samarqand davlat universiteti, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti kabi bir qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda oʻzbek, rus va ingliz tillarida tayyorlangan boʻlib, Markaz tomonidan avval nashr etilgan sinergetikaga oid tizimli tadqiqotlarning mantiqiy davomi hisoblanadi.
Besh tarkibiy qismdan iborat mazkur monografiyada sunʼiy intellektning tarixi va Oʻzbekistondagi taraqqiyoti, uning ontologik va mantiqiy masalalari, davlat boshqaruvi va ekologik barqarorlikni taʼminlashdagi oʻrni, shuningdek, Alisher Navoiy ilmiy merosini oʻrganishda sunʼiy intellekt imkoniyatlari falsafiy va sinergetik yondashuv asosida chuqur tahlil qilingan. Kitob B.O.Toʻrayev, B.U.Raxmonov, Z.O.Muminova kabi taniqli olimlar mehnatining mahsuli boʻlib, soha tadqiqotchilari, doktorantlar va zamonaviy texnologik muammolarga qiziquvchi keng kitobxonlar ommasiga moʻljallangan.
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





