27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida tantanali tadbir tashkil etildi. Unda Markaz Matbuot xizmati masʼullari, Nashrlar boʻlimi xodimlari, sayt va ijtimoiy tarmoqlar boshqaruvchilari va “Imom Buxoriy saboqlari” jurnali ijodkorlari jam boʻldi.

Anjumanni Markaz rahbari Shovosil Ziyodov tabrik soʻzi bilan ochib, bugungi tezkor axborot asrida xolislik va toʻgʻrilikni saqlab qolish naqadar muhim va masʼuliyatli vazifa ekani haqida soʻzladi. Shuningdek, Markaz ijodiy jamoasining xalqimizga ilm-maʼrifat ulashish, ajdodlar merosini sodda va tushunarli tilda yetkazishdagi fidokorona mehnatini alohida eʼtirof etdi.

Bu qutlugʻ sana zamirida katta tarixiy maʼno mujassam. Bir asrdan ziyod vaqt avval jadid bobolarimiz tomonidan asos solingan “Taraqqiy” gazetasi aynan shu kuni ilk bor dunyo yuzini koʻrgan edi. Oʻsha davrda xalqni uygʻotish va maʼrifat tarqatish bayrogʻi boʻlgan bu nashr bugungi milliy jurnalistikamizning poydevori hisoblanadi. Bugungi suhbatda ham ushbu tarixiy merosga munosib boʻlish, soʻz qadrini anglash va jamiyat rivojiga hissa qoʻshish har bir ijodkorning bosh burchi ekani taʼkidlandi.

Uchrashuv davomida soʻzga chiqqan soha mutaxassislari zamonaviy media makondagi yangi tendensiyalar, tezkorlik va sifat uygʻunligi xususida fikr bildirdi. Markazning raqamli platformalari orqali yoshlar ongida odob-axloq, milliy qadriyatlar va ilmga mehr va ishtiyoqni mustahkamlash ishlarini yanada jonlantirish zarurligi qayd etildi.

Bayram tadbiri, anʼanaga koʻra, taqdirlash marosimi bilan yakun topdi. Yil davomida faollik koʻrsatgan, qalami bilan ezgulikka xizmat qilgan bir guruh matbuot xodimlariga Markaz kasaba uyushma qoʻmitasining esdalik sovgʻalari topshirildi.
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





