Ahli bidʼat musulmonlar orasida har turli fikrlarni tarqatib, fitna chiqarishga urinishi, davlat va jamiyat hayotining maromini buzishga harakat qilishi odatiy hol boʻlib qoldi. Eʼtiborsiz qolgani sari hujumlarini manzilli qilishga, oqibatda koʻproq mashhur boʻlishga intilmoqda. Yanada koʻproq namozxonni jamlash, ziyoratchilarga qulayliklar yaratish va maʼrifat ulashish maqsadida mutlaq yangi qiyofa kasb etgan Imom Buxoriy majmuasi ularning navbatdagi nishoni boʻldi. Sabab – goʻyo qabr ziyorati mumkin emas, bu shirk amal, kelganlar qabrni tavof qilar emish. Aslida-chi, dinimizda bu borada nima deyilgan, ulamolar qanday fikrda?!
Islom shariatida solih insonlar, avliyolar va ulamolarning qabrlarini ziyorat qilish joiz (mumkin) va mustahab (savobli) amallardan hisoblanadi. Bunga qarshi chiquvchi va “solihlar qabrini ziyorat qilish mumkin emas” deguvchilarning fikrlari asossiz boʻlib, islomning asl manbalari (Qurʼon va Sunnat) hamda ummatning jumhur ulamolari tomonidan rad etilgan.
Toʻgʻri, islomning dastlabki davrida qabr ziyorati vaqtincha taqiqlangan edi, chunki johiliyat odatlarini endi-endi unutayotgan odamlarning qabr boshida shirk soʻzlarni aytib qoʻyish xavfi bor edi. Biroq keyinchalik bu taqiq shaxsan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonidan bekor qilingan.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarni qabrlarni ziyorat qilishdan qaytargan edim. Ammo endi ularni ziyorat qilavering! Chunki bu qalbni yumshatadi, koʻzni yoshlatadi va oxiratni eslatadi”, dedilar” (Imom Ahmad rivoyati).
Ushbu hadisda qabrlar umumiy shaklda zikr qilingan. Na Paygʻambar alayhissalom, na sahobalar “faqat Falon kishining qabrini ziyorat qilish mumkin” yoki “solihlarning qabrini ziyorat qilish mumkin emas” degan cheklov qoʻygan. Usuli fiqh qoidasiga koʻra, nass (Qurʼon va Sunnatdagi ochiq dalil) umumiy kelgan boʻlsa, uni dalilsiz tor maʼnoga burish mumkin emas.
Ushbu hadisdagi “ziyorat qilavering” degan buyruq-ruxsat umumiy boʻlib, unga koʻra barcha musulmonlarning, xususan, hayotlik chogʻida amallari bilan Allohga eng yaqin boʻlgan solihlarning qabrlarini ziyorat qilish aytilgan fazilatlarga (qalb yumshashi, oxiratni eslash) sabab boʻladi.
Islomda moʻmin kishining qadr-qimmati u hayot boʻlsa ham, vafot etgan boʻlsa ham bir xil saqlanadi. Solih bandalar ziyorati hayotligida ularning suhbatidan, duolaridan baraka olish uchun qilinganidek, vafotidan keyin ularning haqqiga duo qilish, eslash va ibrat olish uchun qilinadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tez-tez Baqiʼ qabristoniga va Uhud shahidlari qabrlariga borib, ularning haqqiga duo qilar va salom berar edilar. Hazrati Oisha roziyallohu anho Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam va ukasi Abdurahmonning qabrini ziyorat qilgani ham bu borada biror taqiq yoʻqligiga yaqqol misoldir.
Mazhab ulamolari solihlar va avliyolarning qabrlarini ziyorat qilishni nafaqat joiz, balki mustahab deb bilgan. Ayniqsa ota-ona, ulamolar va mashoyixlarning qabrlarini ziyorat qilish odob belgisidir. Islom tarixiga nazar tashlansa, Makka, Madina, Bagʻdod, Damashq, Qohira, Buxoro, Samarqand kabi islom markazlarida ulamolar, muhaddislar va solih kishilarning qabrlari ziyorat qilingan. Bu ish harom boʻlganida, oʻnlab asrlar davomida ummat ulamolari bu xususda sukut saqlamagan boʻlar edi.
Bu masalada ikki jihatni bir-biridan ajratish kerak: qabr ziyoratining oʻzi va oʻsha paytda qilinishi mumkin boʻlgan notoʻgʻri amallar. Koʻpincha bahs ana shu ikki masalani aralashtirib yuborish natijasida kelib chiqadi. Solihlar qabrini ziyorat qilishni taqiqlovchilar asosan ikkita dalilni roʻkach qiladi:
Birinchisi – “bu shirkka olib boradi, chunki odamlar qabrdagidan yordam soʻrab yuboradi”.
Shariatda bir amalning ichida xato sodir boʻlishi mumkinligi uchun oʻsha amalning oʻzi taqiqlanmaydi. Ziyoratchi qabrga sigʻinsa, undan biror narsa soʻrasa, bu albatta xato va shirkdir. Lekin musulmonlar qabrga sigʻinish uchun emas, balki Allohning qazoi qadarini eslash, qabrdagi solih insonning haqqiga duo qilish, uning tarixini oʻrganish va ibrat olish uchun boradi. Odamlarga toʻgʻri ziyorat odoblarini oʻrgatish kerak, ziyoratni butunlay man qilish emas. Shu bilan olam – guliston.
Ikkinchisi – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Qabrlarni masjid qilib olganlarni Alloh laʼnatlasin” degan hadislari.
Ushbu hadis qabrga sajda qilishni, unga qarab namoz oʻqishni yoki undagi bandani ilohlashtirishni taqiqlaydi. Ammo toʻgʻri niyatda borib, salom berib, Qurʼon tilovat qilib, savobini bagʻishlash “qabrni masjid qilib olish” degani emas.
Solihlar va avliyolarning qabrlarini ziyorat qilish – ruxsat etilgan, ruhiyatni tarbiyalaydigan, oʻtganlarning xotirasi va shaxsiyatiga hurmat koʻrsatiladigan goʻzal amaldir. Ziyorat qilish mumkin emas, degan fikr dinda chuqur ketish va sunnatni toʻgʻri tushunmaslik mahsulidir.
Ulamolar man qilingan amallarni sanab, qabrda yotganga ibodat qilish, undan yordam soʻrash, uni qudrat sohibi deb bilish, qabrni muqaddaslashtirib yuborish va uni tavof qilishni taqiqlaydi. Lekin sharʼiy odob va tartiblarga rioya qilib, Allohning roziligi uchun ulugʻlar qabrini ziyorat qilish albatta yaxshi amaldir. Unda Qurʼon oʻqish, mayyit uchun duo qilish, oxiratni eslash, solihlar hayotidan ibrat olish kabi taʼsirchan va tarbiyaviy maʼno-mohiyat bor.
Hozir ziyoratgoh va qadamjolar maʼrifat maskaniga ham aylanib, ziyoratchilarga maʼlumot tarqatish, ilm berish va maʼnaviy ozuqa ulashish asosiy maqsad qilingan. Shubhasiz, bu jihatlar ziyorat qadrini yanada oshiradi.
Bahodir MIRZAYEV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





