Home / HADIS / SAHIH HADIS QISMLARI

SAHIH HADIS QISMLARI

Hadis ilmida rivoyatlarning sahihlik darajasini aniqlash va ularning ishonchlilik maqomini belgilash muhim ahamiyatga ega. Muhaddis ulamolar hadislarni sanad va roviylar holatiga qarab turli darajalarga ajratgan. Xususan, Imom Buxoriy va Imom Muslimning “Sahih” kitoblarida keltirilgan hadislar eng yuqori maqomda baholangan. Hadis ulamolari sahih va sunan kitoblarida rivoyat qilingan hadislarni quyidagi yetti qismga boʻlgan:

Birinchisi – Imom Buxoriy ham, Imom Muslim ham rivoyat qilgan hadis. “Muttafaqun alayh” deb aytiladigan hadis ana shu. Unga misol: Imom Buxoriy Said ibn Yahyo ibn Said Qurashiydan, u otasidan, u Abu Burda ibn Abdulloh ibn Abu Burdadan, u Abu Burdadan, u Abu Muso Ashʼariydan rivoyat qiladi: “Sahobalar: “Ey Allohning Rasuli, islomdagi qaysi amal afzal?” dedi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qoʻli va tilidan musulmonlar omonda boʻlgan kishi(ning amali)”, dedilar”. Bu hadisni Imom Muslim ham xuddi shu sanad va matn bilan oʻzining “Sahih”ida rivoyat qilgan.

Ikkinchisi – Imom Muslim rivoyat qilmagan, ammo Imom Buxoriy rivoyat qilgan – “Afrodul Buxoriy” deb ataladigan hadislar. Unga misol: Imom Buxoriy Abdulloh ibn Maslamadan, u Molikdan, u Nuaym ibn Abdulloh Mujmirdan, u Ali ibn Yahyo ibn Xallod Zurqiydan, u otasidan, u Rifoa ibn Rofeʼ Zurqiydan rivoyat qiladi: “Bir kuni Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ortlarida namoz oʻqidik. U zot boshlarini rukudan koʻtarganlarida: “Samiallohu liman hamidah”, dedilar. Orqalarida bir kishi: “Robbana va lakal hamdu hamdan kasiyron toyyiban mubarokan fiyh!” dedi. U zot namozni tugatgach: “Gapirgan kim edi?” dedilar. (Oʻsha kishi) “Men”, dedi. U zot: “Oʻttizdan ziyod farishtaning uni birinchi boʻlib qaysi birlari yozishga talashayotganini koʻrdim”, dedilar”.

Uchinchisi – Imom Buxoriy rivoyat qilmasdan faqat Imom Muslim oʻzining “Sahih”ida rivoyat qilgan, “Afrodu Muslim” deb ataladigan hadislar.

Imom Muslim Qutayba ibn Saiddan, u Molik ibn Anasdan, u Abu Zubayrdan, u Tovusdan, u Ibn Abbosdan rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarga ushbu duoni xuddi Qurʼondan bir sura oʻrgatgan kabi oʻrgatar edilar: “Allohim, Sendan jahannam azobidan, qabr azobidan, hayot va oʻlim fitnasidan hamda Masih Dajjol fitnasidan panoh soʻrayman”.

Toʻrtinchisi – Imom Buxoriy va Imom Muslim shartlari toʻliq topilgan, ammo ikkalasi ham oʻz sahihida rivoyat qilmagan sahih hadislar.

Unga misol: Imom Hokim oʻz “Mustadrak”ida Ibn Vahbdan, u Fulayh ibn Sulaymon Xuzoiydan, u Abdulloh ibn Abdurahmon ibn Maʼmar Ansoriydan, u Said ibn Yasordan, u Abu Hurayradan, u Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilgan: “Kim Allohning roziligi talab qilinadigan ilmni faqat dunyoning oʻtkinchi matohiga erishish uchun oʻrgansa, qiyomat kuni jannatning hidini ham topa olmaydi”.

Hokim: “Bu hadis sahih boʻlib, sanadidagi roviylar Imom Buxoriy va Imom Muslimning shartlariga koʻra ishonchli kishilardir”. Hofiz Zahabiy ham shu fikrni quvvatlagan.

Beshinchisi – Imom Buxoriyning shartlari toʻliq topilgan, ammo shayxlarning ikkalasi ham rivoyat qilmagan sahih hadislar.

Imom Hokim “Mustadrak”ida Abu Osimdan, u Savr ibn Yaziddan, u Xolid ibn Maʼdondan, u Abu Umomadan, u Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilgan: “Kim faqat yaxshilikni oʻrganish va oʻrgatish maqsadida masjidga borsa, unga toʻla-toʻkis haj qilgan hojining ajricha ajr beriladi”.

Imom Hokim bu hadisni Imom Buxoriyning shartlariga koʻra sahih hisoblagan. Hofiz Zahabiy ham uning fikriga qoʻshilgan. Chunki undagi roviylardan biri boʻlmish Savr ibn Yazidni faqatgina Imom Buxoriy hujjat qilib keltirgan. Imom Muslim esa uning hadisini shohidlar qatorida keltirgan.

Oltinchisi – Imom Muslimning shartlari toʻliq topilgan, ammo shayxlarning hech biri rivoyat qilmagan sahih hadislar.

Yana “Mustadrak”da Ibn Vahbdan, u Muoviya ibn Solihdan, u Abu Zohiriyyadan, u Kasir ibn Murradan, u Abdulloh ibn Amrdan, u Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilinadi: “Kim safga qoʻshilsa, Alloh uni ham rahmatiga qoʻshsin, kim safni uzsa, uni ham rahmatidan uzib qoʻysin”.

Imom Hokim: “Bu Imom Muslimning shartlariga koʻra sahih hadis, ammo ikkovi ham rivoyat qilmagan”, degan. Hofiz Zahabiy ham shu fikrda boʻlgan. Chunki Imom Muslim Muoviya ibn Solih Himsiyni ishonchli roviy hisoblab, undan hadis rivoyat qilgan. Ammo Imom Buxoriy undan hech narsa rivoyat qilmagan. Abu Zohiriya Hudayr ibn Hurayb masalasida ham xuddi shunday gap.

Yettinchisi – Imom Buxoriy va Imom Muslimdan boshqalar nazdida sahih hisoblangan hadis. Bunday hadisda ikki shayxning yoki birining sharti topilmagan, uni ikkalasi ham rivoyat qilmagan boʻladi.

Ibn Hibbon “Sahih”ida Abu Yaʼlodan, u Shaybon ibn Farruxdan, u Hammod ibn Salamadan, u Hammod ibn Abu Sulaymon Kufiydan, u Ibrohimdan, u Asvaddan, u Oisha onamizdan, u Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilgan: “Uch kishidan qalam koʻtarilgan (ularning amallari yozilmaydi): uyqudagi kishidan to uygʻonguncha, yosh boladan to balogʻatga yetguncha, majnundan to aqlini topguncha”.

Sahihlikdagi bu tartib jumla nuqtayi nazaridandir. Bu taqsimot orqali har bir hadisning sahihlik darajasi, uning qaysi manbalarda keltirilgani hamda roviylarining ishonchlilik maqomi belgilab berilgan. Negaki, Imom Buxoriy va Imom Muslimning shartlari hadis qabul qilishda eng yuksak mezon sifatida eʼtirof etilgan. Lekin shuni ham aytish kerakki, sahihlik darajalari oʻrtasidagi farq hadislarning qadri va ahamiyatini kamaytirmaydi, balki ularni ilmiy jihatdan baholash imkonini beradi. Mazkur tasnif hadisshunoslik ilmini chuqurroq anglash, sahih rivoyatlarni zaif va boshqa darajadagi hadislardan ajratish hamda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini toʻgʻri anglab, ularga amal qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bahodir MIRZAYEV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

DUO – IBODATNING MAGʻZIDIR (1-qism)

Hamdu sanolar olamlarning Parvardigori boʻlgan Alloh taologa boʻlsin. Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga, u zotning …