Home / FOTO LAVHALAR / “Buyuklik siri” – bitiruvchilarga katta maʼnaviy tuhfa

“Buyuklik siri” – bitiruvchilarga katta maʼnaviy tuhfa

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Imom Termiziy oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasida 2025-2026 oʻquv yili bitiruvchilari uchun tashkil etilgan xatmona tadbiri doirasida “Buyuklik siri” kitobining taqdimoti oʻtkazildi.

Tadbirda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, muallif Shukurillo Umarov kitobning yozilish tarixi va undan koʻzlangan maqsad haqida soʻzlab berdi. Kitobda buyuk muhaddis Imom Buxoriyning ilmga sadoqati, yuksak axloqiy fazilatlari, mashaqqatli ilmiy safarlari, islom va jahon tamaddunida tutgan oʻrni yoritilganini taʼkidladi. Shuningdek, allomaning buyuklik siri avvalo ilmga muhabbat, fidoyilik, ixlos va haqiqatga sadoqat kabi fazilatlarda namoyon boʻlishi haqida fikr bildirdi.

Uchrashuvda kitobning mazmun-mohiyati keng yoritilib, Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosidan olinadigan saboqlar haqida fikr almashildi. Ayniqsa, buyuk allomaning ilm yoʻlidagi fidoyiligi, hadis ilmini rivojlantirishdagi beqiyos xizmati va yoshu qari uchun ibrat boʻladigan hayot yoʻli haqidagi mulohazalar ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi.

Taqdimot yakunida unda ishtirok etgan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy nomidagi Islom markazi va Imom Termiziy oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi ustoz va bitiruvchilariga “Buyuklik siri” kitobining nusxalar hadya qilindi. Taʼlimni muvaffaqiyatli yakunlayotgan bitiruvchilarning har biriga kitob sovgʻa qilinishi tadbirning eng ahamiyatli jihatlaridan biri boʻldi.

Ishtirokchilar ushbu tashabbusni mamnuniyat bilan qarshi olib, kitobda ilgari surilgan gʻoyalar yoshlarning maʼnaviy kamoloti va hayotiy maqsadlarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi. Shuningdek, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan bunday maʼrifiy tadbirlar yosh avlodning intellektual va maʼnaviy salohiyatini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Talabalarning malakaviy bitiruv ishlari himoyasi oʻtkazildi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Taʼlim, tadqiqot va amaliyot” tamoyili asosida Samarqanddagi “Ipak yoʻli” turizm …