Home / FOTO LAVHALAR / “Imomlik – ulugʻ masʼuliyat”

“Imomlik – ulugʻ masʼuliyat”

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi huzuridagi Diniy-maʼrifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti Samarqand filiali bilan hamkorlikda diniy soha xodimlari uchun shu mavzuda seminar mashgʻuloti tashkil etildi.

Seminarda bugungi globallashuv davrida diniy soha xodimlari zimmasidagi masʼuliyat, aholi, xususan yoshlar oʻrtasida sogʻlom eʼtiqod mezonlarini keng targʻib etish hamda jamiyatda mafkuraviy immunitetni mustahkamlashda imom-xatiblarning oʻrni va vazifalari atroflicha muhokama qilindi. Sof diniy taʼlimotni ilmiy asosda, sodda va taʼsirchan usullarda yetkazish, turli yot gʻoyalar va axborot xurujlariga qarshi maʼrifat bilan kurashish koʻnikmalarini oshirish yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.

Tadbir faqatgina nazariy mashgʻulot bilan cheklanib qolmadi. Seminar doirasida soha xodimlari Markaz muzeyi ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishdi. Mazkur jarayon imomlarning mavzuga oid tasavvurlarini boyitishga va maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot ishlariga yangicha yondashishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.

Ishtirokchilar, shuningdek, Markazning boy kutubxona fondida boʻlib, bu yerda saqlanayotgan nodir qoʻlyozmalar, zamonaviy ilmiy nashrlar va adabiyotlarni koʻzdan kechirdi. Kutubxona muhitida tashkil etilgan muloqotda diniy soha xodimlarining doimiy ravishda oʻz bilim va malakalarini oshirib borishi, ilmiy manbalar ustida muntazam ishlashi joylarda olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini taʼminlovchi eng muhim poydevor ekani eʼtirof etildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Imom Buxoriy majmuasining tarixiy va zamonaviy qiyofasi hamda maʼrifiy ahamiyati

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari uchun tashkil etilgan maxsus …