Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Toshkent islom instituti talabalari ishtirokida navbatdagi “Xatmi kutub” marosimi boʻlib oʻtdi. Islom ilmiy anʼanalaridan biri hisoblangan mazkur tadbirni Markaz direktori, tarix fanlari doktori, professor Shovosil Ziyodov kirish soʻzi bilan ochib, mazkur anʼananing bugungi kunda ilmiy izlanishlar izchilligini taʼminlash hamda boy maʼnaviy merosni oʻrganishdagi ahamiyatiga toʻxtaldi.

Institut rektori Uygʻun Gʻafurov “Xatmi kutub” anʼanasi 2020–2021 oʻquv yilidan buyon tizimli ravishda davom ettirib kelinayotgani va hozirgi kunga qadar 500 ga yaqin talaba ijoza sohibi boʻlganini alohida eʼtirof etdi.

Muloqot davomida institutning pedagog xodimlari mazkur anʼananing fazli, mazmun-mohiyati, ilmiy-maʼnaviy manbashunoslikdagi oʻrni xususida soʻz yuritib, ijoza olayotgan yosh izlanuvchilarga ilmiy faoliyatlarida xolislik va masʼuliyat tamoyillariga rioya etish yuzasidan zarur tavsiyalar berdi.

Ilmiy uchrashuv yakunida ustozlar talabalarga “Sahihul Buxoriy” kitobi boʻyicha hadislarni rivoyat qilish huquqini beruvchi rasmiy ijozalar taqdim etdi. Ushbu jarayon ustoz-shogird anʼanalarining uzviy davomiyligini taʼminlash va boʻlajak soha mutaxassislarining ilmiy masʼuliyati va salohiyatini oshirishda muhim bosqich boʻlib xizmat qilishi alohida qayd etildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





