Home / MAQOLALAR / DUO – IBODATNING MAGʻZIDIR (1-qism)

DUO – IBODATNING MAGʻZIDIR (1-qism)

Hamdu sanolar olamlarning Parvardigori boʻlgan Alloh taologa boʻlsin. Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga, u zotning ahli baytlari va sahobalariga salavot va salomlar boʻlsin.

Inson hayotida shunday lahzalar boʻladiki, u oʻzining ojizligini his etadi, qalbi taskin izlaydi, mushkullari yechimini qidiradi. Ana shunday paytlarda moʻmin bandaning eng katta suyanchigʻi va ruhiy tayanchi – bu duodir. Duo bandaning Robbi bilan boʻlgan eng samimiy muloqoti, qalb nidosi va muhtojligi ifodasidir. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

”الدعاء مخ العبادة“

yaʼni: “Duo – ibodatning magʻzidir”, deganlar.

Ushbu hadis duoning islomdagi buyuk oʻrni va ahamiyatini koʻrsatadi.

Duo lugʻatda chaqirish, iltijo qilish, yordam soʻrash maʼnolarini anglatadi. Sharʼiy istilohda esa duo bandaning Alloh taologa yuzlanib, oʻz ehtiyojlarini bildirishi, Undan yaxshilik soʻrashi va yomonliklardan panoh tilashidir.

Duo qilinganda uning ijobati muhim va asosiy maqsad sanaladi. Duolarning ijobat qilinishi haqida Qurʼoni karimda quyidagicha marhamat qilingan:

{وَإِذَا سَأَلَكَ عِبَادِي عَنِّي فَإِنِّي قَرِيبٌۖ أُجِيبُ دَعۡوَةَ ٱلدَّاعِ إِذَا دَعَانِۖ فَلۡيَسۡتَجِيبُواْ لِي وَلۡيُؤۡمِنُواْ بِي لَعَلَّهُمۡ يَرۡشُدُونَ}

“Qachonki, bandalarim Men haqimda sizdan soʻrasalar, bas, Men yaqinman. Duo qiluvchining duosini qabul qilaman”.
(Baqara surasi, 186-oyat).

{وَقَالَ رَبُّكُمُ ٱدۡعُونِيٓ أَسۡتَجِبۡ لَكُمۡۚ إِنَّ ٱلَّذِينَ يَسۡتَكۡبِرُونَ عَنۡ عِبَادَتِي سَيَدۡخُلُونَ جَهَنَّمَ دَاخِرِينَ}

(Ey insonlar), Parvardigoringiz: “Menga duo-iltijo qilinglar! Men sizlarga (qilgan duolaringizni) mustajob qilurman. Albatta, Menga ibodat qilishdan kibr-havo qiladigan kimsalar yaqinda boʻyinlarini bukib, jahannamga kirurlar”, dedi”. (Gʻofir surasi, 60-oyat).

Bu oyatda Alloh taolo bandalarini duo qilishga buyurmoqda va ijobat vaʼdasini bermoqda. Bu esa duoning naqadar ulugʻ ibodat ekanini koʻrsatadi.

Ushbu oyatda Haq taolo bandalariga: “Menga duo-iltijo qilinglar, Men albatta duolaringizni mustajob qilurman”, deb buyurdi. Bas, har bir bandaning Mehribon Parvardigori boʻlmish Alloh taologa duo qilishi vojibdir. Duo Yaratganning lutfu marhamatiga insonning oʻta muhtoj ekanini juda goʻzal va aniq suratda koʻrsatib turadigan nafaqat solih amal, balki ulugʻ bir ibodatdir. Bu haqda hadislarda ham keltirilgan. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Noʻmon ibn Bashir roziyallohu anhu aytdi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta duo ibodatdir”, dedilar, soʻngra ushbu (yuqoridagi) oyati karimani tilovat qildilar.

Demak, oyati karimadagi: “Menga ibodat qilishdan kibr-havo qiladigan kimsalar” iborasi “Menga duo qilishdan kibr-havo qiladigan kimsalar” degan maʼnoda boʻlib, Yaratganga duo qilishdan bosh tortadigan kimsalar albatta boʻyinlarini bukib, jahannamga kirishi haqida xabar berilmoqda.

Yana boshqa hadisda:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم:مَنْ لَمْ يَسْأَلِ اللَّهَ يَغْضَبْ عَلَيْهِ.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimda-kim Alloh azza va jallaga duo qilmasa, Alloh undan gʻazablanadi”, dedilar.

Oyati karima lafzidan Alloh azza va jalla Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatlariga benihoya mehribon ekani ochiq koʻrinadi. U zot hech qanday alohida shart qoʻymasdan: “Menga duo qilinglar, duolaringizni albatta ijobat qilaman”, yaʼni “soʻranglar, soʻraganlaringizni beraman”, deb vaʼda qiladi.

Qatoda Kaʼbul Ahbordan hikoya qiladi: Ushbu ummatga faqat paygʻambarlarga berilgan uch narsa ato etildi: Alloh taolo biror paygʻambarni yuborsa, unga: “Siz (Qiyomat kunida) ummatingiz uchun guvohlik beruvchisiz”, degan boʻlsa, ushbu ummatga esa: “Shuningdek, sizlarni (musulmonlarni boshqa) odamlarga (ummatlarga) guvohlik beruvchi qilib qoʻydik”, dedi. Alloh taolo paygʻambarlariga: “Dinda sizga hech qanday haraj-tanglik yoʻq”, degan boʻlsa, ushbu ummatga “Alloh bu dinda sizlarga biron xaraj-tanglik qilmadi”, deb marhamat qildi. Alloh taolo faqat paygʻambarlariga: “Menga duo qilgin, Men ijobat qilaman”, deb vaʼda bergan boʻlsa, ushbu ummatga “Menga duo qilinglar, Men sizlarning qilgan duolaringizni ijobat qilurman”, deb vaʼda qildi. (“Tafsiri Qurtubiy” va “Tafsiri Munir”dan). Yaʼni bu ummatning darajasini Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamgacha boʻlgan paygʻambarlarga tenglashtirdi.

Alloh taolo bandalarining duolarini ijobat qilishiga boshqa hadislarda yana quyidagicha dalillar kelgan:

عن عبد الله بن مسعود رضي الله عنه مرفوعاً:مَنْ أُعْطِيَ الدُّعَاءَ أُعْطِيَ الْإِجَابَةَ، لِأَنَّ اللَّهَ تَعَالَى يَقُولُ: {ادْعُونِي أَسْتَجِبْ لَكُمْ}.

“Kimga duo qilish (tavfiqi) berilgan boʻlsa, unga ijobat ham berilgan. Chunki Alloh taolo: “Menga duo qilinglar, sizlarga ijobat qilaman”, degan”.

Yana shu maʼnodagi boshqa hadislarda bunday deyilgan:

عن أنس بن مالك قال: قال النبي صلى الله عليه وسلم:مَا أَذِنَ اللَّهُ لِعَبْدٍ فِي الدُّعَاءِ حَتَّى أَذِنَ لَهُ فِي الْإِجَابَةِ

“Alloh bir bandaga duo qilishga izn bergan boʻlsa, uning ijobatiga ham izn beradi”.

عن أنس بن مالك قال: قال النبي صلى الله عليه وسلم: ما كان الله ليفتح لعبد باب الدعاء ويغلق عنه باب الإجابة الله أكرم من ذلك

“Alloh bir bandaga duo eshigini ochib, ijobat eshigini yopib qoʻymaydi. Alloh bundanda karamliroq, saxovatliroq zotdir!”.

Yaʼni, agar Alloh taolo bandaga duo qilish tavfiqini bergan boʻlsa, bu uning duosi befoyda qolishini anglatmaydi. Alloh taolo oʻz fazli va karami bilan uning duosini albatta qabul qiladi: yo soʻragan narsasini beradi, yo undan biror baloni qaytaradi, yoki savobini oxirat uchun zaxira qilib qoʻyadi. Shuning uchun moʻmin kishi duodan hech qachon umidini uzmasligi lozim.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم قَالَ:  يَنْزِلُ رَبُّنَا تَبَارَكَ وَتَعَالَى كُلَّ لَيْلَةٍ إِلَى السَّمَاءِ الدُّنْيَا حِينَ يَبْقَى ثُلُثُ اللَّيْلِ الآخِرُ، فَيَقُولُ: مَنْ يَدْعُونِي فَأَسْتَجِيبَ لَهُ؟ مَنْ يَسْأَلُنِي فَأُعْطِيَهُ؟ مَنْ يَسْتَغْفِرُنِي فَأَغْفِرَ لَهُ؟

Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: “Har kecha Robbimiz dunyo osmoniga tushadi va: “Kim Menga duo qiladi, Men unga ijobat qilsam, kim Mendan soʻraydi, Men unga ato qilsam, kim Menga istigʻfor aytadi, Men uni magʻfirat qilsam”, deydi” deganlar. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Duo qilish orqali inson oʻzining muhtoj va ojiz ekanini tan oladi. Alloh taoloning qudrati, rahmati va karamiga iqror boʻladi. Shu sababli duo ibodatning magʻzi, yaʼni uning eng muhim va asosiy mazmuni hisoblanadi.

Duo tavhidning amaliy koʻrinishi hisoblanadi. Bu duoning eng muhim fazilatlaridan biri boʻlib, inson eʼtiqodini tavhidga koʻra mustahkamlaydi. Moʻmin kishi biror hojati tushganda yoki qiyinchilikka duch kelganda avval Allohga murojaat qiladi. Alloh taolo esa Oʻziga iltijo qilib, duo qilayotgan bandasi munojotlariga uni ijobat qilishi xushxabarini berdi:

{وَإِذَا سَأَلَكَ عِبَادِي عَنِّي فَإِنِّي قَرِيبٌۖ أُجِيبُ دَعۡوَةَ ٱلدَّاعِ إِذَا دَعَانِۖ فَلۡيَسۡتَجِيبُواْ لِي وَلۡيُؤۡمِنُواْ بِي لَعَلَّهُمۡ يَرۡشُدُونَ}

“Qachonki bandalarim Men haqimda sizdan soʻrasalar, bas, Men yaqinman. Duo qiluvchining duosini qabul qilaman”.
(Baqara surasi, 186-oyat).

Demak, duo insonni Allohga yaqinlashtiradi. Duo orqali qalbda tavakkul, ixlos va umid kuchayadi. Banda Robbining marhamat eshigi oʻzi uchun doimo ochiq ekanini his qiladi.

Nodir QOBILOV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ABU HOTIM MUHAMMAD IBN HIBBONNING “SAHIH”IDAGI FIQHIY QARASHLARI

X asrda Xuroson va Movarounnahrda yashab ijod qilgan, hadis ilmi rivojiga katta hissa qoʻshgan muhaddis, …