Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti hamda Urganch davlat universitetining 17 nafar talabasi bir oylik malakaviy oʻquv amaliyotini oʻtadi.

Amaliyot davomida ustoz-shogird anʼanasiga muvofiq talabalarga Markazning yetakchi ilmiy xodimlari biriktirilib, ularning nazariy bilimlari amaliy koʻnikmalar bilan uygʻunlashtirildi.
Oʻquv dasturi davomida amaliyotchilar Markaz faoliyati, ish tizimi, kutubxona fondi hamda muzey ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishib, alloma hayoti va ilmiy merosiga oid bilimlarini boyitdi.

Amaliyot jarayonida talabalarning ilmiy va maʼrifiy yoʻnalishdagi koʻnikmalarini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, Markaz katta ilmiy xodimi Mexrojiddin Amonov rahbarligida amaliyotchilarga qoʻlyozmalarni kataloglashtirish va ular ustida ishlash metodikasi oʻrgatildi, ilmiy maqola yozish boʻyicha ham zarur tavsiyalar berildi. Diniy-maʼrifiy tadbirlar boʻlimida esa yoshlar oʻrtasida targʻibot ishlarini tizimli tashkil etish va global axborot makonidagi tahdidlarga qarshi mafkuraviy immunitetni mustahkamlashga qaratilgan amaliy-metodik koʻnikmalar hosil qilindi.

Malakaviy amaliyot yakuni munosabati bilan talabalar ishtirokida “Taʼlim, tadqiqot va amaliyot” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda Markaz ilmiy xodimlari Tohir Evadullayev va Nodir Qobilov bugungi kunda mamlakatimizda soha olimlari va yosh izlanuvchilar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ilmiy izlanishlarda izchillik va xolislik tamoyillariga rioya etishning ahamiyati xususida atroflicha fikr yuritdi.

Muloqot davomida sof diniy va dunyoviy bilimlarning uygʻunligi jamiyat barqarorligi va maʼnaviy taraqqiyotini taʼminlovchi muhim omil ekani, ajdodlar merosini chuqur oʻrganish orqali turli yot mafkuralarga qarshi sogʻlom eʼtiqod muhitini shakllantirish lozimligi alohida taʼkidlandi.
Izlanuvchilar bir oylik jarayonda orttirgan amaliy tajribalari, qoʻlyozma manbalar bilan ishlash jarayonidagi ilmiy taassurotlari va Markazda yoshlar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar haqida soʻz yuritib, bu kabi amaliy mashgʻulotlar kelgusidagi ilmiy faoliyatlarida muhim poydevor boʻlib xizmat qilishini alohida eʼtirof etdi.

Uchrashuv yakunida amaliyot davomida orttirilgan tajribalar sarhisob qilinib, talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





