Samarqand viloyati hokimligi huzuridagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish oʻquv kursi doirasida viloyatdagi mahallalar raislari va mahalla tizimi masʼullari Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida boʻldi.
Muloqot davomida mehmonlarga Markazning asosiy faoliyat yoʻnalishlari, buyuk muhaddis Imom Buxoriyning hayoti va boy ilmiy merosini oʻrganish hamda targʻib etish borasida amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, ajdodlarimiz qoldirgan maʼnaviy-maʼrifiy merosning bugungi jamiyat hayotidagi ahamiyati, yoshlar tarbiyasi va ezgu qadriyatlarni mustahkamlashdagi oʻrni xususida fikr almashildi.
Uchrashuvda kurs qatnashchilari Imom Buxoriyning jahon ilm-fani va islom tamadduni rivojiga qoʻshgan beqiyos hissasi, hadis ilmi taraqqiyotida tutgan oʻrni hamda uning ilmiy merosini chuqur oʻrganishning dolzarb jihatlari bilan yaqindan tanishib, Markazda amalga oshirilayotgan ilmiy va maʼrifiy loyihalar yuzasidan oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Ishtirokchilar bu kabi maʼrifiy uchrashuvlar mahalla tizimi xodimlarining bilim va koʻnikmalarini boyitish, ularning maʼnaviy dunyoqarashini yuksaltirish hamda aholi bilan ishlash jarayonida milliy va maʼnaviy qadriyatlarga tayangan holda faoliyat yuritishiga xizmat qilishini taʼkidladi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





