Home / FOTO LAVHALAR / Mintaqaviy xavfsizlikning asosiy fronti – axborot makonida

Mintaqaviy xavfsizlikning asosiy fronti – axborot makonida

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan “Jaholatga qarshi – maʼrifat” gʻoyasi asosida yoʻlga qoʻyilgan “Islom – tinchlik va maʼrifatparvarlik dini” mavzusidagi xalqaro onlayn ilmiy seminarlar turkumi izchil davom ettirilmoqda. Ushbu tashabbus doirasida Markaz xodimlari, Qozogʻiston Geosiyosiy tadqiqotlar instituti, “AQNIET” axborot-targʻibot va reabilitatsiya markazi hamda Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) vakillari ishtirokida navbatdagi ikkinchi xalqaro onlayn seminar oʻtkazildi. Unda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiya kafedra mudiri, siyosiy fanlar doktori, professor Ravshan Alimov “Markaziy Osiyo umumjahon siyosatida: geosiyosiy jarayonlar, diniy xavfsizlik va mintaqaviy barqarorlik istiqbollari” mavzusida maʼruza qilib, shu nomdagi yangi kitobining taqdimotini oʻtkazdi. Anjumanda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Turkiya va boshqa davlatlardan kelgan yetakchi olimlar, ekspertlar hamda tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Maʼruzada Markaziy Osiyoning zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimidagi strategik oʻrni, diniy xavfsizlik sohasidagi real tahdidlar va ularga qarshi kurashishning ilmiy-maʼrifiy asoslari chuqur tahlil etildi. Professor R.Alimov oʻz maʼruzasida Markaziy Osiyo bugungi kunda jahon siyosatining muhim markazi va strategik chorrahasiga aylanganiga alohida urgʻu berdi. Mintaqaning 4 million kvadrat kilometrlik hududi va 85 millionlik aholisi ulkan tabiiy resurslar hamda transport-kommunikatsiya salohiyatini oʻzida jamlagan. Qayd etilganidek, Qozogʻiston jahon uran ishlab chiqarishining qariyb 40 foizini taʼminlaydi. Turkmaniston 11,3 trillion kub metrlik isbotlangan tabiiy gaz zaxirasi bilan jahonda birinchi beshlikka kiradi. Oʻzbekiston uran, mis va oltin zaxirasi bilan dunyoning yetakchi davlatlari qatoridan joy olgan boʻlsa, Tojikiston surma ishlab chiqarish boʻyicha jahon bozorida ikkinchi oʻrinni egallab turibdi. Bunday ulkan iqtisodiy salohiyat va strategik koridorlar mintaqani yirik kuch markazlari raqobati tutashgan geosiyosiy maydonga aylantirmoqda.

Seminarda mustaqillik yillarida mintaqada diniy infratuzilmaning oʻsish dinamikasi qiyosiy tahlil qilindi. Qayd etilganidek, har bir davlat bu jarayonda oʻziga xos modelni shakllantirgan. Qozogʻiston sekulyarizm va diniy rivojlanish muvozanatini saqlab kelayotgan boʻlsa, Qirgʻiziston diniy uygʻonishning yuqori surʼatlarini boshdan kechirib, masjidlar sonini qariyb 4000 taga yetkazgan. Tojikiston yuqori diniylik muhitida Afgʻoniston bilan chegaradoshlik sababli qatʼiy nazorat siyosatini yuritadi. Turkmanistonda diniylik koʻproq milliy anʼanalar shaklida namoyon boʻladi. Oʻzbekiston esa anʼanaviy hanafiylik va moturidiylik merosiga asoslangan “Maʼrifiy islom modeli”ni ilgari surmoqda. Ekstremizmga qarshi kurashda kuch ishlatish emas, balki profilaktika, liberallashuv va ziyorat turizmini rivojlantirish ustuvor yoʻnalish etib belgilangan boʻlib, bu xalqaro ekspertlar tomonidan eng muvozanatli siyosat sifatida eʼtirof etilmoqda.

Maʼruzada transmilliy ekstremistik tashkilotlarning media mahsulotlarini mahalliy tillarda tarqatayotgani real xavf sifatida baholandi. Professor R.Alimov zamonaviy ekstremistik tashkilotlar asosiy faoliyat maydonini internetga — Telegram, YouTube, TikTok kabi tarmoqlarga koʻchirganini, shu sababli asosiy front endilikda chegaralarda emas, balki axborot makonida joylashganini alohida qayd etdi. Seminar yakunida diniylikning oʻsishi avtomatik ravishda ekstremizmga olib keladi degan qarashlar ilmiy asosda rad etilib, diniy savodxonlik va maʼrifiy faoliyat radikal gʻoyalarga qarshi eng kuchli immunitet ekani taʼkidlandi.

Mintaqaning kelajakdagi barqarorligi kuch ishlatish bilan emas, balki bilim, maʼrifat, ijtimoiy adolat va tashqi kuchlar raqobati maydoniga aylanmagan holda, besh davlatning hamjihatligi hamda yagona bozor sari intilishi orqali taʼminlanadi.

Ishtirokchilar olimning tizimli tahlillari, xulosalari va yangi nashr etilgan kitobini yuqori baholab, bu yoʻnalishdagi tadqiqotlar mintaqaviy xavfsizlik arxitekturasini yanada mustahkamlashda muhim poydevor boʻlishini qayd etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Ajdodlar merosiga hurmat va mafkuraviy immunitet – davr talabi

Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi B.Mahmudov ishtirokida “Jaholatga …