Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari uchun tashkil etilgan maxsus oʻquv kursi doirasida navbatdagi mashgʻulot boʻlib oʻtdi.

Unda Markaz ilmiy xodimi Tohir Evadullayev “Yangi Oʻzbekistonda Imom Buxoriy ilmiy merosining oʻrganilishi” mavzusida maʼruza qildi.
Tadqiqotchi soʻnggi yillarda mamlakatimizda milliy va diniy qadriyatlarni tiklash, ulugʻ allomalar, xususan, Imom Buxoriyning boy maʼnaviy merosini tadqiq etish hamda uning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish borasida davlat siyosati darajasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning ahamiyatiga toʻxtaldi.

Taʼkidlanganidek, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan olib borilayotgan keng qamrovli va tizimli izlanishlar bugungi davr talabi asosida buyuk muhaddis merosini chuqur tadqiq etish hamda uning asl mohiyatini kelajak avlodga sof holda yetkazishda bosh mezon boʻlib xizmat qilmoqda. Shuningdek, yurtimizda tashkil etilgan boshqa sohaviy ilmiy maktablar, xususan, Hadis ilmi maktabidagi oliy taʼlim va malakali kadrlar tayyorlash tizimi hamda diniy-maʼrifiy yoʻnalishdagi boshqa tadqiqot muassasalarining oʻzaro uygʻun faoliyati bu boradagi ishlarni izchil rivojlantirishda muhim omil boʻlmoqda.

Tinglovchilar Yangi Oʻzbekistonda alloma merosini oʻrganish va targʻib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning umumiy koʻlami hamda majmuaning bugungi kundagi maʼrifat maskani sifatidagi yuksak maqomi xususida zarur tushunchalarga ega boʻldi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





