Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida xalqaro stipendiya dasturi doirasida navbatdagi ilmiy seminar oʻtkazildi. Unda Indoneziyaning “Kalimantan post” gazetasi bosh muharriri, tadqiqotchi Eka Shanti Rofi xonim “1956-1961-yillardagi ziyoratlar va Oʻzbekistonda Imom Buxoriy maqbarasining qayta tiklanishi: tarixiy rekonstruksiya” mavzusida olib borayotgan ilmiy izlanishlari natijalarini taqdim etdi.

Tadqiqot Indoneziyaning birinchi Prezidenti Sukarnoning Sovet Ittifoqiga tashrifi, uning Imom Buxoriy shaxsiyatiga cheksiz ehtiromi hamda ushbu omilning ulugʻ muhaddis maqbarasini qayta tiklash jarayoniga koʻrsatgan taʼsirini tarixiy manbalar asosida tahlil qilishga bagʻishlangan.

Maʼruzada qayd etilishicha, mavjud manbalar Sukarnoning Imom Buxoriy merosiga qiziqishi tasodifiy boʻlmaganini koʻrsatadi. Uning diniy-maʼrifiy qarashlari, hadis ilmiga munosabati va islomiy qadriyatlarga hurmati mazkur tashriflarning muhim poydevori boʻlib xizmat qilgan.
Sovet hukumatining Imom Buxoriy maqbarasi boʻyicha yuritgan siyosati va uni taʼmirlashga doir rasmiy qarorlar qabul qilish jarayoni ilk bor tizimli ravishda oʻrganilib, tadqiqotning bosh ilmiy yangiligi sifatida taqdim etilgan. Tadqiqotchi arxiv hujjatlari va yozma manbalarga tayanib, 1956-1961-yillar oraligʻida maqbarani aniqlash, oʻrganish va obodonlashtirish bilan bogʻliq jarayonlarni bosqichma-bosqich tiklashga muvaffaq boʻlgan. Bu voqealar nafaqat tarixiy fakt, balki xalqaro munosabatlarda “diniy diplomatiya” va madaniy xotiraning oʻziga xos namunasi sifatida tahlil etildi.
Shuningdek, Sukarnoning Imom Buxoriyga yuksak ehtiromi Indoneziya davlatchiligi tarixida chuqur iz qoldirgan. Xususan, mamlakat hayotidagi ayrim muhim siyosiy va maʼnaviy tashabbuslarda u zotning “Sahihul Buxoriy” asariga murojaat qilish holatlari kuzatiladi. Bu esa Imom Buxoriy ilmiy merosining nafaqat diniy, balki ijtimoiy-siyosiy hayotda ham muayyan taʼsir kuchiga ega ekanidan dalolat beradi.

Seminar yakunida ishtirokchilar taqdim etilgan tadqiqot natijalari tarixiy voqealarga yangicha ilmiy yondashuvni namoyon etganini hamda xalqlar oʻrtasidagi madaniy-maʼrifiy aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanini eʼtirof etdi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





