Home / FOTO LAVHALAR / Hamjihatlik va ilmiy hamkorlik – yot gʻoyalarga qarshi asosiy qalqon

Hamjihatlik va ilmiy hamkorlik – yot gʻoyalarga qarshi asosiy qalqon

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi hamkorligida 22-may kuni “Taʼlim, amaliyot va ilmiy-tadqiqot yoʻnalishlari boʻyicha innovatsion hamkorlik” mavzusida ilmiy-amaliy tadbir boʻlib oʻtdi. Unda Hadis ilmi maktabi ilmiy xodimlari va mustaqil tadqiqotchilar ham ishtirok etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktorining oʻrinbosari Otabek Muhammadiyev anjumanning maqsad va vazifalari, yurtimizda taʼlim va ilm-fan sohasida olib borilayotgan islohotlarning ahamiyati hamda ikki muassasa oʻrtasidagi hamkorlikning istiqbollariga toʻxtalib oʻtdi.

Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi direktori Azizxoʻja Inoyatov dinimizda va ilmiy anʼanalarimizda hamjihatlik va birlik masalasiga alohida eʼtibor qaratilganini taʼkidladi. Muqaddas manbalardagi ezgulik va taqvo yoʻlida oʻzaro yordamchi boʻlish toʻgʻrisidagi koʻrsatmalar zamirida aslida ilm-fanni rivojlantirishdek eng afzal amallar yotgani qayd etildi. Taʼkidlanganidek, hadis, aqida va tasavvuf maktablarining oʻzaro birlashishi, mushtarak maqsad yoʻlida ilmiy faoliyat olib borishi jamiyatda uchrab turadigan turli notoʻgʻri qarashlar, yot gʻoyalar, bidʼat-xurofotlarga ilmiy asosda chek qoʻyishda bosh poydevor boʻlib xizmat qilishi shubhasiz.

Hadis ilmi maktabi direktori Baroat Omonov ushbu uchrashuv ilmiy va taʼlim muassasalari faoliyatini rivojlantirishda muhim qadam boʻlganini eʼtirof etdi. Xalqaro aloqalarni yoʻlga qoʻyish bilan birga, mahalliy ilmiy-tadqiqot muassasalari, grant loyihalarining muassislari va qatnashchilari oʻrtasida hamkorlikni kuchaytirish zarurligiga alohida urgʻu berdi. Uning aytishicha, ichki tizimda taʼlim va tadqiqot integratsiyasi toʻgʻri yoʻlga qoʻyilib, mahalliy hamkorlik mustahkamlansa, xalqaro darajadagi aloqalar ham shunga muvofiq natijalarni beradi.

Anjuman yakunida taʼlim, amaliyot va ilmiy-tadqiqot yoʻnalishlarini tizimli rivojlantirish orqali Vatanimiz, xalqimiz va dinimizga munosib xizmat qiladigan malakali kadrlar tayyorlash, oʻzaro tajriba almashish va hamkorlikda yangi ilmiy loyihalarni amalga oshirish borasidagi istiqbolli vazifalar belgilab olindi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Maʼrifiy muloqotlar va oʻzaro amaliy tajriba almashuvi

Jazoirda oʻtayotgan XII Xalqaro soʻfiylik taronalari madaniy festivali va xalqaro ilmiy simpozium doirasida Imom Buxoriy …