Home / MAQOLALAR / JANNATDAN UZOQLASHTIRUVCHI ILLAT

JANNATDAN UZOQLASHTIRUVCHI ILLAT

Baxillik – insonni dunyoda xorlikka, oxiratda azobga yetaklaydigan eng ogʻir maʼnaviy illatlardan biri. Qurʼoni karimda ham, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarida ham bu illat qatʼiy qoralangan. Ulugʻ olimlar va solih zotlar uni eng yomon xulqlardan deb taʼriflagan.

Baxillik saxovatning ziddi boʻlib, mol-dunyo sarflanishi lozim boʻlgan oʻrinlarda uni ushlab qolish, bermaslik bilan namoyon boʻladi. Bu faqat boshqalarga ravo koʻrmaslik, soʻralganda rad etish emas, balki oʻz ehtiyoji uchun sarflashdan tiyilish kabi holatlarni ham oʻz ichiga oladi.

Alloh taolo Qurʼoni karimda bunday marhamat qiladi: “Allohning fazli bilan bergan narsasi (boyligi)dan baxillik qiluvchilar buni oʻzlariga yaxshi deb hisoblamasinlar! Aslo! Bu ular uchun yomondir. Qiyomat kuni baxillik qilgan narsalari (oʻz boʻyinlariga) boʻyinturuq qilib ilib qoʻyiladi. Osmonlar va Yerning merosi Allohga (qolur). Alloh qilayotgan ishlaringizdan xabardordir.” (Oli Imron surasi, 180-oyat).

Islom taʼlimotiga koʻra, inson qoʻlidagi mol-mulk – Allohning unga ato etgan omonati. Shu bois bu neʼmatni Alloh roziligi yoʻlida sarflash lozim. Kim baxillik bilan mol-dunyo toʻplab, uni sarflashdan tiyilsa, buni oʻzicha foyda deb oʻylasa-da, aslida katta xato qilgan boʻladi. Chunki bu insonni halokatga olib boradi.

Ayrimlar “hyech kimga hech narsa bermasam, mol-mulkim koʻpayadi, juda boʻlmaganda, kamaymay turadi” deb oʻylaydi. Bu notoʻgʻri fikrdir. Xalqimiz bilib aytganidek, “baxilning bogʻi koʻkarmas”. Bu haqiqatni quyidagi hadis ochiq bayon etadi: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Bandalar tong ottirgan har bir kunda ikki farishta tushadi. Ulardan biri: “Allohim! Infoq qiluvchiga evaz bergin”, deydi. Ikkinchisi esa: “Allohim! Baxilga talofat bergin”, deydi”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Baxil inson molining kamayib qolishidan qoʻrqib, uni asrashga urinadi, boshqalarga yordam bermaydi. Hatto baʼzan oʻz ehtiyojlarini ham cheklaydi. Lekin aynan shu qoʻrquv va xasislik uni dunyoda xorlikka, oxiratda esa azobga giriftor etadi.

Baxillikning ikki darajasi boʻladi:

  1. Oʻzidagi neʼmat uchun baxillik qilish.
  2. Boshqalardagi neʼmat uchun baxillik qilish.

Bu haqda Alloh taolo bunday deydi: (Ular) oʻzlari baxillik qilish bilan birga (boshqa) odamlarni (ham) baxillikka boshlaydigan va Allohning Oʻz fazli bilan bergan (neʼmat)larini yashiradigan (kimsa)lardir. Kofirlarga (esa) xor qiluvchi azobni tayyorlab qoʻyganmiz” (Niso surasi, 37-oyat).

Boshqalardagi neʼmatga baxillik qilish nima degani?! Bu insonning kimgadir ato etilgan neʼmatni koʻra olmasligi, unga hasad bilan qarashi va hatto bunday neʼmat umuman hech kimda nasib etmasligini tilashidir. Boshqadagi rizq, boylik, ilm yoki obroʻni koʻrolmaslik, uning kamayishi yo butkul yoʻqolishini xohlash boshqalarning yaxshi amalini toʻsish, odamlarni saxovatdan qaytarish demakdir. Masalan, kimdir muhtojlarga yordam berayotganini koʻrib, “bermasa ham boʻlardi” deb norozi boʻlish, birovning muvaffaqiyatini koʻrib, xursand boʻlish oʻrniga ichidan ranjish yaxshilik qilayotgan odamni toʻxtatishga urinishdir.

Bunday holat oddiy baxillikdan ogʻirroq, chunki inson nafaqat oʻzi yaxshilik qilmagani ustiga boshqalarning ham saxovatiga qarshi turmoqchi boʻladi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Saxiy inson Allohga yaqin, jannatga yaqin, odamlarga yaqin va doʻzaxdan uzoqdir. Baxil esa Allohdan uzoq, jannatdan uzoq, odamlardan uzoq va doʻzaxga yaqindir. Albatta, saxovatli johil Alloh taologa baxil obiddan koʻra suyukliroqdir”, dedilar” (Imom Termiziy rivoyati).

Bu hadisdan maʼlum boʻladiki, mol-mulkidan yaqinlari va muhtojlarga yordam beradigan inson Allohning rahmatiga yaqin boʻladi. U odamlarning mehr-muhabbatiga sazovor boʻlib, doʻzaxga eltuvchi amallardan uzoq yuradi. Aksincha, baxil inson Allohning buyruqlarini tark etib, Undan ham, odamlardan ham uzoqlashadi va oxir-oqibat doʻzax yoʻliga tushadi.

Binobarin, saxovatli boʻlish, Alloh taoloning Razzoq sifatini doim yodda tutib, ato etgan neʼmatlaridan boshqalarga ham ulashish insonni baxt va saodatga eltuvchi muhim omillardan biridir.

Bahodir MIRZAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

HADIS QABUL QILIB OLISH VA YETKAZISHDA ABU JA’FAR MUSTAG‘FIRIY QO‘LLAGAN SO‘ZLAR TAHLILI

Mustagʻfiriy rivoyat qilgan hadislarini usuli hadis nuqtayi nazaridan baholagan. Bu ilmning asosiy mezonlaridan biri boʻlgan …