Jazoirda oʻtayotgan XII Xalqaro soʻfiylik taronalari madaniy festivali va xalqaro ilmiy simpozium doirasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining Ziyorat turizmini rivojlantirish ilmiy boʻlimi boshligʻi Sh.Umarov Jazoir markaziy televideniyesining “Jazoir mehmoni” nomli dasturi uchun maxsus intervyu berdi. Unda Markaz vakili Oʻzbekiston bilan Jazoir oʻrtasidagi madaniy-maʼrifiy aloqalar, xususan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan Agʻvot shahridagi Islom ilmlari va sivilizatsiyasini tadqiq qilish markazi oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik jarayonlariga toʻxtaldi. Ayniqsa, yaqinda Jazoir delegatsiyasining Oʻzbekistonga, koʻp oʻtmay oʻzbekistonlik olimlarning Avqotga tashriflari ikki tomonlama munosabatlar izchil rivojlanayotganining amaliy ifodasi ekani qayd etildi.

Sh.Umarov bu galgi anjumanning avvalgi yillardagi tadbirlardan asosiy farqi – unda badiiy-madaniy jihatlar bilan bir qatorda ilmiy yoʻnalishga, tasavvuf taʼlimotining ilmiy nuqtayi nazardan tadqiq etilishiga katta eʼtibor qaratilganida ekanini alohida taʼkidladi.

Koʻrsatuvda Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzosi Rahmatulloh Sayfutdinov ham qatnashib, tasavvuf taʼlimotining asl insonparvarlik mohiyati, tariqat falsafasining jamiyatda tinchlik, bagʻrikenglik va yuksak axloqni qaror toptirishdagi ahamiyati xususida oʻz mulohazalarini bayon etdi.
Suhbatda Oʻzbekiston va Jazoir tarixining mushtarak jihatlari, yigirmadan ortiq mamlakatdan kelgan hadis va tasavvuf olimlarining bir maydonda toʻplanishi xalqaro ilmiy muloqot uchun keng imkoniyat yaratgani eʼtirof etildi.
Maxsus telekoʻrsatuv yaqin kunlarda Jazoir markaziy televideniyesi orqali efirga uzatilishi rejalashtirilgan.
Jazoir safari davom etmoqda.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





