Avval xabar qilinganidek, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov, ilmiy xodimlar Shukrullo Umarov va Saʼdulloxon Boboxoʻjayev Jazoir Xalq Demokratik Respublikasida ilmiy safarda boʻlib turibdi. Markaz olimlari Agʻvot shahridagi Islom ilmlari va sivilizatsiyasini tadqiq qilish markazida XII Xalqaro soʻfiylik taronalari madaniy festivali doirasida tashkil etilgan xalqaro ilmiy simpoziumning rasmiy ochilish marosimida ishtirok etdi.

Qurʼoni karim tilovati va Jazoir davlat madhiyasi bilan boshlangan tadbirda yigirmadan ziyod mamlakatdan kelgan taniqli islomshunos olimlar, tadqiqotchilar va madaniyat arboblari jam boʻldi.
Anjumanni kirish soʻzi bilan ochgan Jazoir Islom fanlari va sivilizatsiyasi tadqiqotlari markazi rahbari doktor Ahmad Sagʻir Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ushbu loyihaning ahamiyatiga toʻxtaldi. Soʻfiylik peshvolari, ilmu irfon jonkuyarlari va ishqi ilohiy namoyandalari boʻlgan Ibn Arabiy, Jaloliddin Rumiy, Qushayriy asarlari chuqur tafakkur manbai ekanini taʼkidlab, tadbir maʼnaviy tarbiya, falsafiy mulohaza va badiiy sanʼatni uygʻunlashtirgan holda, turli madaniyat vakillarini Alloh muhabbati atrofida birlashtirishga xizmat qilishini bildirdi.

Xalqaro anjumanning yalpi majlisida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov “Oʻzbekiston bilan Jazoir oʻrtasidagi ilmiy va amaliy hamkorlikning rivoji va istiqbollari” mavzusida keng qamrovli maʼruza qilib, islom sivilizatsiyasi ravnaqiga ulkan hissa qoʻshgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband, Hakim Termiziy kabi movarounnahrlik buyuk ulamolarning boy merosini oʻrganishda Markazning oʻrni haqida maʼlumot berdi. Agʻvotdagi Islom ilmlari va sivilizatsiyasi tadqiqot markazi bilan imzolangan hamkorlik memorandumida koʻzda tutilgan tadbirlar izchil amalga oshirilayotganini, joriy yilning aprel oyida doktor Ahmad Sagʻir boshchiligidagi Jazoir delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi ikki tomon uchun ham juda manfaatli boʻlganini qayd etdi. Bugungi kunda Jazoirda tasavvuf taʼlimotidan xalqni birlashtiruvchi va yuksak axloqqa daʼvat etuvchi kuchli omil sifatida foydalanilayotganini yuqori baholab, jazoirlik olimlarni Buxoro, Samarqand va Toshkent kabi tarixiy shaharlar ziyoratiga taklif etdi.

Anjumanning ilmiy sessiyalarida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari arab tilida maʼruza qildi. Sh.Umarov Kubroviya tariqatining ruhiy tarbiya va komil insonni voyaga yetkazishdagi tarixiy oʻrnini bayon etgan boʻlsa, S.Boboxoʻjayev turkiy dunyoda Yassaviya tariqatining yoyilishi va uning bugungi kundagi ilmiy-maʼrifiy ahamiyatini yoritib berdi. Yuqori ilmiy saviyada oʻtgan ochilish marosimi va sessiyalar savol-javoblarga boy boʻlib, islom olamida sermazmun ilmiy mubohasa va Qurʼon ruhidagi maʼnaviy muloqotning yorqin namunasiga aylandi.

Markaz vakillarining ilmiy safari davom etmoqda.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





