Oʻzbekiston bilan Jazoir oʻrtasidagi madaniy-maʼrifiy va ilmiy aloqalar yangi bosqichga koʻtarilyapti. Ayni kunlarda Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi Madaniyat va sanʼat vazirligi hamda Agʻvot viloyati hokimligi hamkorligida XII Xalqaro soʻfiylik taronalari madaniy festivali va uning doirasida yuksak maqomdagi xalqaro ilmiy tadbirlar boʻlib oʻtyapti.

Mazkur nufuzli xalqaro anjumanda yigirmadan ortiq davlatdan 200 dan ziyod mutaxassis, olim va madaniyat arbobi ishtirok etmoqda. Anjuman doirasida mamlakatimizning boy ilmiy-maʼnaviy merosini keng targʻib qilish maqsadida Jazoirga Oʻzbekiston delegatsiyasi ham tashrif buyurgan. Uning tarkibidan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov, ilmiy xodimlar Shukrullo Umarov va Saʼdilloxon Boboxoʻjayev oʻrin olgani Markazning xalqaro ilmiy diplomatiyadagi oʻrnini yanada mustahkamlayapti.

Taʼkidlash joizki, bu tashrif Markaz vakillarining Jazoir zaminiga ilk safari emas. Islom fanlari va sivilizatsiyasi tadqiqot markazi rahbari doktor Ahmad Sagʻirning taklifiga binoan, 2024-yilning mart oyida Markaz olimlari Jazoirga safar qilib, Agʻvot shahrida tashkil etilgan Soʻfiylik taʼlimoti madaniyati festivali doirasidagi xalqaro seminarda ishtirok etgan, oʻzaro hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish yuzasidan dastlabki muzokara oʻtkazgan edi.
Mana, hech qancha vaqt oʻtmay, navbatdagi ilmiy safar uyushtirildi. Uning davomida ikki markaz oʻrtasida avval erishilgan kelishuvlar doirasida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi hamda hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi. Muzokaraning eng muhim natijasi sifatida istiqbolda ikki ilmiy markaz oʻrtasida xodimlar almashuvini yoʻlga qoʻyish va yosh tadqiqotchilarning malakasini oshirish boʻyicha yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish rejalari belgilab olindi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi delegatsiyasining Jazoirga sermahsul ilmiy safari va ikki tomonlama uchrashuvlari davom etmoqda. Safar tafsilotlari va olimlarimizning maʼruzalari haqida keyingi materiallarda batafsil maʼlumot beriladi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





