Home / FOTO LAVHALAR / Imom Buxoriy merosi – asrlar osha insonlar qalbini yoritib kelayotgan maʼnaviy ziyo

Imom Buxoriy merosi – asrlar osha insonlar qalbini yoritib kelayotgan maʼnaviy ziyo

Toshkentda «Islom sivilizatsiyasida ilmiy anʼana: manbalar, imkoniyatlar va dolzarb masalalar” mavzusida oʻtayotgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, professor Shovosil Ziyodovning maʼruzasi alohida eʼtibor markazida boʻldi.

Olim “Imom Buxoriy merosi – butun insoniyatning maʼnaviy boyligi” mavzusida soʻz yuritib, buyuk muhaddisning asarlari asrlar davomida insoniyat maʼnaviyatini yuksaltirib kelayotgan bebaho xazina ekanini taʼkidladi.

Maʼruzada Imom Buxoriy nafaqat hadis ilmining peshvosi, balki ilmga sadoqat, haqiqatga intilish va xolislik namunasi sifatida namoyon boʻlgani alohida qayd etildi. Uning butun hayoti ilm yoʻlidagi fidoyilik, izlanish va beqiyos matonat namunasi sifatida talqin etildi.

Allomaning “Sahihul Buxoriy” nomli shoh asari esa nafaqat islom olamida, balki butun insoniyat maʼnaviy tafakkurida alohida oʻrin tutishi, Qurʼoni karimdan keyingi eng ishonchli manba sifatida asrlar davomida yuksak eʼtirofga sazovor boʻlib kelayotgani urgʻu bilan taʼkidlandi.

Shu bilan birga, Imom Buxoriyning hadislarni saralashda joriy etgan qatʼiy ilmiy mezonlari, roviylar shaxsiyati va zanjirini puxta oʻrganishga asoslangan yondashuvi bugungi tadqiqotchilar uchun ham ibrat maktabi ekani qayd etildi.

Professor Ziyodov maʼruzasida Imom Buxoriy merosini chuqur oʻrganish va uni keng targʻib etish bugungi kunda maʼnaviy barqarorlikni taʼminlash, yosh avlodni sogʻlom eʼtiqod va yuksak axloq ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega ekanini alohida taʼkidladi.

Olimning soʻzlari ishtirokchilar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi va konferensiya doirasidagi ilmiy muloqotlarga yanada mazmun bagʻishladi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Ilmiy meros va ma’naviy yaqinlik: Turkiya delegatsiyasi tashrifi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Turkiya Prezidenti huzuridagi Din (Diyonat) ishlari boshqarmasi raisi Safiy Arpagush …