Home / HALOLLIK VA MA'RIFAT / ISLOMDA MAʼNAVIY POKLIK

ISLOMDA MAʼNAVIY POKLIK

“Maʼnaviy poklik” tushunchasi inson maʼnaviyatining yuksakligi, boyligi, teranligini taqozo etuvchi fazilatlar majmuini ifodalaydi. U insonning balogʻatga yetganidan umrining oxiriga qadar qanday maʼnaviy mezonlar asosida hayot kechirishini belgilaydigan bilim, tarbiya, tajriba va tasavvurlardan tarkib topadi. Maʼnaviy poklik haqida soʻz yuritishdan avval maʼnaviyatning oʻziga qisqacha toʻxtalsak. Arabcha “maʼno”, “maʼnolar majmui” mazmunidagi bu soʻz doim moddiy hayot bilan yonma-yon yuradigan, inson, jamiyat, xalq hayotining ajralmas qismi boʻlgan ruhiy-ijtimoiy hodisa, falsafiy-axloqiy tushunchani anglatadi.

Islom dinida maʼnaviy poklik – qalb musaffoligi iborasi bilan talqin qilinadi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Ogoh boʻling! Inson jasadida bir aʼzo bor, u durust boʻlsa, butun jasad durust boʻladi. U buzilsa, butun jasad buziladi. Ogoh boʻling! U qalbdir”, deganlar. (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Qiyomat kuni insonning taqdir tarozusida savob pallasini ogʻirlashtirib turadigan “tosh” goʻzal xulq va xolis niyat bilan bajarilgan savobli amallar boʻladi. Buning uchun avvalo qalb pokiza boʻlishi lozim. Chunki, qalb inson jismining podshohi, qolgan aʼzolar unga tobedir. Qalb sof boʻlsa, unga ergashgan boshqa aʼzolar pok boʻladi, lekin nopok boʻlsa, qolgan aʼzolar nopok amallarni sodir etadi. Masalan, tilni olaylik: yolgʻondan saqlanib, rost soʻzlashga odatlanish qalb pokligining asoslaridan biri hisoblanadi. Musulmon kishi rostgoʻylikda bardavom boʻlish va yolgʻondan tiyilish bilan oxiratda siddiqlar va shahidlar darajasiga koʻtariladi. Yolgʻon soʻz va unga yaqin amallar esa, solih amallarni yoʻqqa chiqaradi.

Darhaqiqat, qalb nafaqat jismni isloh qiladi, balki butun jamiyatning islohoti ham aynan unga bogʻliq. Zero, turmush farovonligi qalb pokizaligi bilan bevosita bogʻliqdir. Inson qalbi qanchalik musaffo boʻlsa, u ezgulik, yaxshilikka shunchalar koʻp intiladi. Bunday aʼzolari koʻp boʻlgan jamiyat baxtli, saodatli hayot kechiradi.

Qalb pokligi borasida Imom Gʻazzoliy bunday degan: “Kishi zohirini najosatlardan saqlashi, ulardan uzoq yurishi lozim. Ammo botiniy najosatlar ham borki, ulardan saqlanish yanada muhimdir. Chunki, botiniy iflosliklar, yaʼni qalb nopokligi kishini nafaqat bu dunyoda halokatga boshlaydi, balki oxiratda ham alamli azobga duchor boʻlishiga olib keladi. Poklikni istovchi qalb goʻyo bir oshyon boʻlib, unga farishtalar qoʻnadi. Gina, hasad, yolgʻonchilik, kibr, gʻaraz, gʻazab, ochkoʻzlik kabi qalb kasalliklari esa, uni jirkanch maxluqqa aylantiradi. Bunday makonda farishtalar qanday qilib ham qoʻnim topsin!”

Binobarin, inson oʻz qalbini bunday illatlardan, shuningdek, ularga oʻxshash maqtanchoqlik, baxillik, hirs, tama, gʻurur, riyo, chaqimchilik, yomon niyat kabi kasalliklardan poklab, uni farishtalar makoniga aylantirishi, toʻgʻrisoʻzlik, kamtarlik, tavoze, yaxshi niyat va boshqa goʻzal xulqlar bilan bezamogʻi zarur.

Insonning barcha qarashlari uning aqli va egallagan bilimlari asosida yuzaga keladi. Alloh taoloning eng ulugʻ neʼmatlaridan biri aql boʻlib, uning raso boʻlishi uchun qalb pokligining ahamiyati juda katta. Paygʻambarimiz (s.a.v.) bunday marhamat qilganlar: “Alloh taolo yaratgan ilk narsa aqldir. Alloh taolo unga “kel” dedi. Keldi. Soʻng “ket” dedi. Ketdi (yaʼni, itoat etdi). Alloh taolo: “Izzatim va ulugʻligim bilan qasamyod qilamanki, Oʻzim uchun sendan hurmatliroq xilqat yaratmadim. Sen sababli olaman, sen sababli beraman. Sen tufayli mukofotlayman va sen tufayli jazolayman”, dedi”. (Tabaroniy rivoyati).

Musaffo qalb nazoratidagi aql insonni yomon ishlardan toʻxtatib turadi, ezgu ishlarga boshlaydi. Shu sababli “aql” soʻzining lugʻaviy maʼnosi bogʻich boʻlib, u insonni nopok harakatlardan, nooʻrin gap-soʻzdan tiyib turadi.

Alloh taolo Qurʼoni karimda insonlarni aql bilan ish yuritishga daʼvat qilib, bilmagan masalasida ahli ilmdan ibrat olish kerakligini uqtiradi. Koʻplab oyatlarida inson chekadigan hasrat-nadomatga ayni shu aqlni toʻgʻri ishlatmagani sabab boʻlishini taʼkidlaydi. Shu bois islom dinida aqlga Alloh taoloning eng ulugʻ neʼmatlaridan biri sifatida qaraladi. Kalomi sharifda eng koʻp takrorlangan xitoblardan biri mana budir – “shoyad aql yuritsangiz”.

Qurʼoni karimda insonning aqlini himoya qiluvchi hukmlar muhim oʻrin tutadi. Zero, aqli raso odam yaxshi-yomonni ajratadi, pok-ozoda boʻlishga harakat qiladi. Shundan kelib chiqib, inson avvalo aqlni noqis qiluvchi barcha nopok harakatlardan tiyilishi lozim. Islom taʼlimoti bu borada ilmga tayanishni maslahat beradi. Ilm – inson aqlining maʼnaviy ozuqasi. Ilmsizlik esa jaholatga yetaklaydi. Johillik, oʻz navbatida, barcha zalolat va nopokliklarning tub manbai sanaladi. Jaholatdan najotni ilm bergani uchun muqaddas dinimizda “beshikdan tobutgacha ilm olish” ham qarz, ham farz hisoblanadi.

Islom insondan bir vaqtning oʻzida ham maʼnaviy, ham moddiy poklikni talab qiladi. Masalan, butun borliqni yaratgan Rabbiga ibodat qilish maʼnaviy poklik boʻlsa, bu ibodatni ozoda jism va libos bilan toza joyda ado etish moddiy poklikdir. Shuningdek, halol yoʻl bilan topilgan rizq, jismoniy ehtiyojlarni halol yoʻl bilan qondirish, boshqalarga gʻaraz, tama yo boshqa nopok maqsadlar bilan emas, xolisona, pok niyat bilan yaxshilik qilish, xayr-ehson, minnat va riyo kabi illatlardan chetlanish ham poklikdir.

Islomning besh ustunidan har biri chinakam maʼnaviy poklanish ramzidir. Imon – qalbni shirk va kufr barobarida, gʻalamislik va fosiqlikdan, tahorat, gʻusl va tayammum – jismni kir, chang-gʻubor va najosatdan, namoz – fahshu munkar ishlardan, roʻza – yurakni maʼsiyatlar va jismni isrofdan, zakot – mol-mulkni muhtojlar haqqidan, haj va umra – insonning borligʻini bu dunyoning oʻtkinchi tashvishlaridan poklaydi. Har qanday poklik xayr-barakaga sabab boʻlganidek, nopoklik qirgʻinlar, ofatlar, oʻlatlarga sabab boʻladi. Jismini, libosini, uyini pok tutgan inson sogʻlom hayot kechiradi. Niyati xolis, mehnati halol kishining topgan-tutganida baraka boʻladi, el-yurt orasida hurmati oshadi, turmushi osuda, hayoti mazmunli oʻtadi.

Jamiyatda poklikning ahamiyati katta boʻlib, u ijtimoiy barqarorlikning asosiy shartlaridan biri sanaladi. Aytaylik, korrupsiyaga qarshi immunitet shakllanishida muhim rol oʻynaydi. Halollik va qonunga itoat madaniyati yuqori boʻlgan yurtda huquqbuzarliklar kamayadi, iqtisodiy oʻsish surʼati oshadi, ijtimoiy-siyosiy barqarorlik mustahkamlanadi. Aholi manfaatlari poklik asosida taʼminlanadigan boʻlsa, ijtimoiy norozilikka oʻrin qolmaydi, inson qadri yuksaladi. Bu jamiyatning umumiy samaradorligini oshiradi. Shulardan kelib chiqib aytish mumkinki, poklik – bu nafaqat shaxsiy fazilat, balki iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy barqarorlikni taʼminlovchi muhim omil ham hisoblanadi.

Maʼnaviy masʼuliyat jamiyat quvvatidir. Alloh taolo Raʼd surasining 11-oyatida: “Albatta, to bir qavm (ahli) oʻzlarini oʻzgartirmagunlaricha, Alloh ularning holini oʻzgartirmas”, deya marhamat qiladi. Yaʼni inson bir narsaga erishmoqchi boʻlsa, oʻshanga munosib boʻlishi, shunga yarasha harakat qilishi lozim. Shundagina Alloh taolo uning ishini oʻnglaydi. Xalqimizning “feʼlingga yarasha” degan gapi ham shu xususda aytilgan.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan soʻng xalqimiz oʻzligini anglash, maʼnan pok turmush tarzini tiklash imkoniyatiga ega boʻldi. Milliy-maʼnaviy qadriyatlarga hurmat, xalqni – xalq, millatni – millat qiladigan yuksak fazilatlarga qaytish, ota-bobolardan meros boʻlib kelayotgan asl urf-odat, fazilat va ezgu gʻoyalarga tayanib ish koʻrish hayotimizning asosiy tamoyillariga aylandi. Endilikda yoshlar tarbiyasiga, taʼlim sohasiga, turmush tarzimizda ezgulik va poklikka eʼtibor kuchaydi. Darhaqiqat, mustaqil Oʻzbekiston jahon hamjamiyatidan oʻzining munosib oʻrnini egallagan hozirgi davrda maʼnaviy poklik bilan bogʻliq azaliy qadriyatlarimizga sadoqat, millatimiz gʻururi va shaʼnini tiklash, xalqaro munosabatlar tizimida mamlakat nufuzini yanada baland koʻtarish muhim ahamiyatga ega.

Soʻngsoʻz oʻrnidagi taʼkid shuki, jamiyatda yuz beradigan oʻzgarishlar avvalo insonning ichki olamini poklashdan boshlanishi kerak. Shunda natija kutilganidek boʻladi. Qonunlar kishining tashqi intizomini saqlashga xizmat qilsa, inson ichki olamining pokligi jamiyat aʼzolarini tom maʼnodagi yaxshilikka yetaklaydi. Shu sababli har bir shaxs oʻz maʼnaviy masʼuliyatini his etishi, vijdon amri va yoʻrigʻi bilan yashashi, soʻz va amalda poklikni hayot qoidasiga aylantirishi lozim. Bu esa, jamiyat taraqqiyotining barqaror va bardavom boʻlishida birlamchi omil hisoblanadi.

Sanjarbek DJUMANOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

EʼTIROF (3-qism)

Prezidentimiz tashabbusi bilan Yangi Oʻzbekistonda diniy ilmlarni oʻrganish borasida ham katta ishlar qilindi. Xususan, Imom …