Soʻnggi paytlarda ayrim doiralarda “moʻmin kishi odamlardan hech qanday eʼtibor yo mukofot kutmasligi, din yoʻliga chiqqan inson natija haqida oʻylamasligi kerak, shuningdek, odamlardan maqtov yo tashakkur eshitishga haqqi yoʻq” degan mazmundagi gap-soʻzlar tarqalmoqda. Bir qarashda bu fikrlar chin ixlosga daʼvatdek tuyulsa-da, aslida ilmiy va sharʼiy jihatdan jiddiy muammolarni oʻz ichiga oladi.
Islomda ixlos – amalni faqat Allohning roziligi uchun qilishdir. Biroq bu tushunchani notoʻgʻri talqin qilib, odamlar bildiradigan har qanday eʼtirofni, qoʻlga kiritiladigan natijani, erishiladigan nufuzni mutlaq inkor qilish shariatdagi muvozanatga zid boʻladi.
Alloh taolo moʻminlarning amallarini zoye qilmasligini, ularni dunyoda ham, oxiratda ham mukofotlashini bayon qiladi. Demak, dunyoviy natijani, xususan, odamlar orasidagi hurmat-eʼtiborni mutlaq yomonlik sifatida koʻrsatish toʻgʻri emas.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobalarning xizmatlarini ochiq eʼtirof etganlar, jasorat va fidoyilikni maqtaganlar, munosib insonlarni masʼuliyatli lavozimlarga tayinlaganlar. Masalan, Usoma ibn Zayd roziyallohu anhu yosh boʻlishiga qaramay, qoʻmondon etib tayinlangan. Dunyoviy eʼtirofning riyo boʻlganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunga yoʻl qoʻymagan boʻlardilar.
Gapning asli shuki, bu xususda muammo mukofot yo maqomda emas, balki ularni amalning asosiy maqsadiga aylantirib olishdadir.
Qurʼoni karimda Alloh taolo moʻminlarga nusrat, gʻalaba va izzatni vaʼda qilgan. Paygʻambarlar oʻz qavmlarining hidoyatini istagan va shuning natijasini orzu qilib, Allohdan soʻragan. Demak, natija ixlosga zid emas, muhim jihat – oʻsha natijani Allohning irodasiga topshirishdir.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlar esa, (bilib qoʻysinlarki) albatta, Biz yaxshi amallar qilgan kishining mukofotini zoye qilmasmiz” (Kahf surasi, 30-oyat).
Bu oyat Alloh bandaning amalini qadrlashini, bu qadrlash faqat oxirat bilan cheklanmay, dunyo hayotida ham turli shakllarda namoyon boʻlishi mumkinligini koʻrsatadi.
Islomda dunyoviy mukofotning oʻzi yomonlanmaydi. Taʼkidlanganidek, Nabiy sollallohu alayhi vasallam sahobalarni xizmatiga qarab maqtaganlar, ularga masʼuliyat yuklab, mansab berganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Odamlarga tashakkur aytmagan odam Allohga ham shukr qilmagan boʻladi”, dedilar (Termiziy rivoyati).
Bu hadis odamlar orasida minnatdorlik va eʼtirofni inkor qilish islomiy ruhga zid ekanini ochiq-oydin koʻrsatib turipti. Banda vazifani ado etadi, natija esa – Allohning inʼomi.
Odamlarning asl niyati va qalbidagi chin eʼtiqodi nima ekanini bilmasdan hukm chiqarish qanchalik toʻgʻri!? Islomda insonlarning ichki holatini bilmay turib, ularni riyo, manfaatparastlik yo ixlossizlikda ayblash qatʼiyan man etilgan. Hamma odamlarni bir xil holatda tasvirlash, biror kishi haqida riyo va beixloslik tasavvurini uygʻotish adolatdan yiroq va sharʼan asossizdir. Qurʼoni karimda marhamat qilinadi: “Alloh sizlardan imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarga xuddi ilgari oʻtgan (imonli) zotlarni (yer yuziga) xalifa (hukmron) qilganidek, ularni ham yer yuziga xalifa qilishni vaʼda qildi” (Nur surasi, 55-oyat).
Bu oʻrinda “xalifa qilmoq” faqat “hukmdorlik” maʼnosida emasligini anglash uchun katta olim boʻlish shart emas. Bandani “xalifa qilmoq” uni odamlar orasida nufuzli boʻlish bilan siylamoqdir. Bu nufuz mol-davlat, obroʻ-eʼtibor, amal-mansab va boshqa omillar shaklida namoyon boʻlishi, baʼzan ularning hammasini oʻzida jamlashi mumkin. Misol tariqasida suriyalik shayx Ramazon Butiyni keltiradigan boʻlsak, uning mansabi katta emas edi, lekin ilmi (faqihligi) tufayli orttirgan nufuzi butun islom olamiga yoyilgan boʻlib, fatvolari, oʻgitlari, nasihatlari, asarlari vafotidan keyin ham dolzarbligicha saqlanib turipti. Undan oʻz vaqtida hatto davlat rahbari ham maslahat soʻrab turgani yaxshi maʼlum. Bularning barchasi Alloh taoloning “xalifa qilmoq” bilan siylagani belgisidir.
Paygʻambarlar oʻz qavmlarining hidoyatini istagan, gʻalaba va islohni (eʼtiqodda sobitlikni) orzu qilgan. Demak, natijani istash mumkin, ammo uni yaratishni Allohga topshirish lozim. Har narsani ato etuvchi Parvardigor inʼomni ham faqat Oʻzi ato etadi. Shuning uchun odamning qalbida nima borligini bilmay turib, hukm chiqarish islomda qatʼiyan man etilgan. Hadisda quyidagicha keladi: “Usoma ibn Yazid roziyallohu anhumo aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizni Xuraqo tomon yubordilar. Biz u qavmga tongda hujum qildik va ularni yengdik. Men va bir ansoriy ulardan bir kishini uchratib qoldik. Biz uni qurshab olgan edik, u “Laa ilaaha illalloh!” dedi. Ansoriy oʻzini toʻxtatib qoldi. Men esa nayzamni sanchib, uni oʻldirdim. (Madinaga) kelganimizda bu xabar Nabiy sollallohu alayhi vasallamga yetib bordi. U zot: “Hoy Usoma! “Laa ilaaha illalloh”, deganidan keyin ham uni oʻldirdingmi?” dedilar. Men: “U qutulib qolmoqchi edi”, dedim. U zot oʻsha gapni qayta-qayta takrorlayverdilar, hatto oʻsha kundan avval musulmon boʻlmasaydim, deb orzu qilib qoldim”.
Hozirgi baʼzi yuzaki hukmlar bir tomondan oʻsha sahobaning holatini eslatadi.
Yana bir jihatni alohida taʼkidlash kerak – hurmat bilan ibodat oʻrtasida farq bor. Deylik, dunyo manfaati uchun biror mansab egasini koʻkka koʻtarib, xushomad qilmasdan (ilohiylashtirmasdan) dono rahbar, oqil boshqaruvchi, odamlarni foydali ishlarda oʻziga ergashtira oladigan yetakchi sifatida hurmat qilish shirk boʻlmaydi. Yoki aytaylik, biror yaqinimizni ogʻir xastalikdan xalos etgan (shunga sababchi boʻlgan) shifokorni eʼzozlasak, odamlar orasida uning qobiliyatlarini tilga olsak, bu ibodat emas, kasbining ustasi boʻlgan kishiga ehtirom va minnatdorlik boʻladi.
Islom rohiblik dini emas. Yaʼni, tarkidunyochilikni targʻib etmaydi, balki hayotning oxiratdagi natija uchun vosita-sabab ekanini uqtiradi. Qurʼoni karimda aytilganidek, “Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan boʻlgan nasibangni ham unutmagin” (Qasas surasi, 77-oyat). Dunyoviy izzat va maqom maqsadga aylantirilmasa, balki Allohning neʼmati va inʼomi sifatida qabul qilinsa, u ixlosga zid boʻlmaydi.
Islom dunyoni butunlay tark etishni buyurmaydi. Mazkur oyatda bandalarga Alloh bergan neʼmatlardan foydalanish, ammo oxiratni unutmaslik amr etilgan. Dunyoviy izzat, maqom yo mukofot maqsadga aylanib qolmasa boʻlgani. Yaʼni, bular sinov va neʼmat, xolos. Rohiblik va oʻzini oʻzi kamsitish (dunyoda xorlikni orzu qilish) – islomiy yoʻl emas.
Xulosa qilib aytganda, ixlos bahonasi bilan umumiy va keskin hukmlar chiqarish, odamlarning niyatini shubha ostiga qoʻyish xavflidir. Negaki, bu shariatdagi muvozanatni buzadi. Amal – Alloh uchun, natija – Allohdan, dunyoviy eʼtirof esa maqsad emas, balki neʼmat va inʼom boʻlishi kerak. Shu qatʼiy qoida unutilmasligi kerak, vassalom.
Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ixlosda eng yuksak boʻlganlari holda, eng ulugʻ maqom va hurmatga sazovor boʻlganlari, qariyb 15 asrdan buyon u zotga har kuni milliardlab salovat aytilib turgani bu haqiqatning eng yorqin dalilidir.
Bahodir MIRZAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





