Samarqand viloyatida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar faollari, targʻibot guruhi aʼzolari va otinoyilar uchun tashkil etilgan malaka oshirish oʻquvlari yakunlandi.
Mazkur kurs Din ishlari boʻyicha qoʻmita huzuridagi Diniy-maʼrifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti tomonidan manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etildi. Jarayonda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari ham faol ishtirok etdi.
Mashgʻulotlarning soʻnggi bosqichida “Islom dinining asosiy qadriyatlari”, “Dunyoning diniy manzarasi va din bilan bogʻliq geosiyosiy jarayonlar tahlili”, “Ayollarga xos fiqhiy fatvolar (hududlardagi muammolardan kelib chiqqan holda)”, “Radikal diniy qarashlar taʼsiriga tushgan shaxslarni reabilitatsiya qilishning asosiy mexanizmlari” hamda “Diniy mutaassiblikning asosiy belgilari va oldini olish mexanizmlari” kabi mavzularda darslar tashkil etildi. Bu seminar-treninglarda Markaz ilmiy xodimlari T.Evadullayev va U.Muhammadiyev maʼruzalar bilan qatnashdi.
Ochiq muloqot tarzida tashkil etilgan darslarda ishtirokchilar oʻz bilim va koʻnikmalarini mustahkamlash bilan birga, amaliy faoliyatda yuzaga kelayotgan fiqhiy va ijtimoiy masalalar yuzasidan oʻzini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





