Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi rektori Jasur Salixov rahbarligidagi delegatsiya Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyurdi.

Markaz direktori Shovosil Ziyodov mehmonlarni muassasaning bugungi faoliyati, erishilgan ilmiy natijalar va amalga oshirilayotgan xalqaro loyihalar bilan tanishtirdi. Muloqot davomida asosiy eʼtibor buyuk muhaddis Imom Buxoriy siyrati, allomaning ibratli hayot yoʻli va avlodlarga qoldirgan bebaho maʼnaviy xazinasining mazmun-mohiyatiga qaratildi.
Mehmonlar allomalar merosini tadqiq etish va nashr etish borasida Markaz tomonidan qisqa davrda amalga oshirilgan salmoqli ishlarni yuqori baholab, bu yerda yaratilgan ilmiy muhitning oʻziga xosligini alohida eʼtirof etdi. Muzey ekspozitsiyasi bilan tanishish asnosida hadis ilmining sultoni tomonidan toʻplangan sahih hadislarning islom sivilizatsiyasidagi oʻrni va ahamiyati haqida atroflicha soʻz yuritildi.

Suhbat davomida Imom Buxoriy merosi nafaqat diniy manba, balki yuksak axloq va ilmga sadoqat namunasi ekani qayd etildi. Mehmonlar ushbu oʻlmas qadriyatlar zamonaviy boshqaruv tizimi va davlat xizmatchilarining maʼnaviy qiyofasini shakllantirishda muhim dasturilamal boʻlib xizmat qilishini taʼkidlab oʻtdi.
Muloqot asnosida Markazning ilmiy yutuqlari kelgusida milliy merosni chuqurroq anglash va uning insonparvarlik gʻoyalarini jamiyat hayotiga tatbiq etishda mustahkam poydevor boʻlishi eʼtirof etildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





