Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Fransiyaning “College de France” oliy oʻquv muassasasi va Tillar va sivilizatsiyalar universiteti kutubxonasi (BULAC) bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Oʻrta Osiyo qoʻlyozmalari kodikologiyasi elementlari” mavzusidagi xalqaro seminar-trening 21-aprel kuni oʻz ishini muvaffaqiyatli yakunladi.

Mashgʻulotlarning soʻnggi kuni ishtirokchilar uchun qoʻlyozmashunoslikning eng murakkab va qiziqarli jihatlarini kashf etish davri boʻldi. Xususan, kun davomida qoʻlyozmalarning “pasporti” – kolofonlar mavzusi keng qamrovda tahlil etildi. Ekspertlar kolofonlarda yashiringan ijtimoiy, siyosiy va diniy ishoralar, xattotlar qoʻllagan maxsus shifrlash usullari hamda ramziy belgilarning ilmiy ahamiyati haqida qimmatli maʼlumotlar berdi. Taʼkidlanganidek, bu kichik qaydlar orqali muayyan davrdagi ilmiy muhit, kitobat anʼanalari va hatto tarixiy shaxslar oʻrtasidagi ijtimoiy munosabatlarni tiklash mumkin.

Seminar davomida mintaqamiz kitobat sanʼati tarixida alohida oʻrin tutgan qogʻoz ishlab chiqarish texnologiyasi va uning turlari, xususan, Samarqand va Qoʻqon qogʻozlarining oʻziga xos xususiyatlari muhokama markazida boʻldi. Tadqiqotchilar tabiiy xomashyodan tayyorlanadigan bu qogʻozlarning asrlar davomida saqlanishi, siyohni singdirish qobiliyati va manbashunoslikdagi beqiyos ahamiyatini amaliy misollar yordamida koʻrib chiqdi.
Kunning ikkinchi yarmida ishtirokchilar nazariy bilimlarini bevosita amaliyotda sinab koʻrish imkoniyatiga ega boʻldi. Professor Frans Rishar va doktor Mari Eftimiyu rahbarligida oʻtkazilgan amaliy mashgʻulotlarda qoʻlyozmalarning kodikologik tavsifini tuzish, muqova va bezaklardagi Temuriylar va Shayboniylar davri anʼanalarini aniqlash boʻyicha mustaqil vazifalar bajarildi.
Yakuniy qismda boʻlib oʻtgan savol-javoblar va fikr-mulohazalar almashuvi seminar muhitini yanada jonlantirdi. Ishtirokchilar ikki kunlik intensiv trening davomida yangi tahlil usullarini oʻrganganini, nodir merosimizni asrab-avaylash borasidagi ulkan masʼuliyatni bevosita his etganini taʼkidladi.

Tadbir yakunida barcha ishtirokchilarga maxsus diplom va sertifikatlar topshirildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





