Imom Buxoriy xalqaro stipendiyasining navbatdagi sovrindori, Kanada islom madaniyati instituti direktori, doktor Ahmad Badra ilmiy amaliyot oʻtash uchun Markazga keldi.


Markaz direktori Shovosil Ziyodov huzuridagi qabulda amaliyotchi oʻz izlanishlarining maqsad-vazifalari bilan oʻrtoqlashdi. Uchrashuvda, shuningdek, ikki muassasa oʻrtasida ilmiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va aloqalarni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Suhbatdan soʻng doktor Ahmad Badra Markaz muzeyi va kutubxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Kanadalik olimning tadqiqot yoʻnalishi bugungi kun uchun nihoyatda dolzarb boʻlib, uni sodda tilda “Zamonaviy taʼlim va tarbiya jarayonida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oʻgitlari va ilmiy uslublaridan foydalanish” deb ifodalash mumkin. Insoniyat maʼnaviy-ruhiy kamolotida nabaviy taʼlimotning oʻrnini ochib berish, qadimgi ilmiy anʼanalarni hozirgi davr pedagogikasi va jamiyat hayotiga tatbiq etishning samarali yoʻllarini ishlab chiqish tadqiqotchi izlanishlarining asosiy maqsadlari sirasiga kiradi.
Amaliyot dasturiga koʻra, doktor Ahmad Badra Markazdagi nodir manbalarni oʻrganish hamda yurtimizning tarixiy shaharlariga ilmiy safarlar uyushtirishni ham rejalashtirgan.
Eʼtiborli jihati shuki, kanadalik olim oʻz amaliyoti davomida Markazda oʻtkaziladigan yirik xalqaro ilmiy tadbirda alohida maʼruza bilan ishtirok etishi koʻzda tutilyapti. Bu esa mahalliy va xorijlik mutaxassislar uchun oʻzaro tajriba almashish imkonini beradi.
Mazkur xalqaro dastur doirasida yil yakuniga qadar Markazga yana bir qator xorijlik tadqiqotchilarning kelishi kutilmoqda.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





