Bemor birodarining holidan xabar olish moʻmin kishining burchidir, garchi gʻayridin boʻlsa ham.
Bemorning huzuriga yangi kiyimlar bilan kirilmaydi. Tabassum bilan kirilib, bemorning bosh tarafida oʻtiriladi. Bemorga ochiqyuzlilik, tabassum va shafqat bilan muomala qilinadi. Bemorning peshonasiga yoki qoʻliga kaftni qoʻyib, hol soʻrash yaxshi. Bemorning yuziga koʻp qaramaslik va koʻp gapirmaslik zarur. “Koʻnglingiz nimani tusaydi?” deb soʻrash kerak. Agar bemorning koʻngli tusagan narsa unga zarar boʻlmasa, uni keltirib berish yoki yaqinlariga keltirib berishlarini aytish zarur.
Bemorning oldida koʻp oʻtirilmaydi. Illo, bemorning oʻzi buni talab qilsa, koʻp oʻtirish joiz. Bemor bilan suhbatlashish asnosida uning koʻnglini koʻtaradigan soʻzlarni va hikoyalarni aytib berish kerak.
Kuniga emas, balki kunora hol soʻragan afzal.
Bemorning ham oʻziga xos odoblari bor. Bemor baʼzan yengil nola qilishi sunnatdir. Lekin nolasi hargiz shikoyat, gʻam sababli emas, balki boshini biror narsa bilan bogʻlab: “Voy boshim!” deb nola qilishi kerak boʻladi. Bundan maqsad tezroq sogʻayib ketishdir.
Dard-alam kuchayganda ham bemor sabr, shukr qilishi, hargiz oʻziga oʻlim tilamasligi kerak. Gunohlariga tavba qilib, istigʻfor aytishi lozim. Zimmasida odamlarning haqi boʻlsa, ado etishi, ziyoratiga kelganlardan rozi-rizolik soʻrashi kerak.
Ahvoli ogʻirlashsa, bemor dafn marosimi va kafanlash ishlarini vasiyat qilishi kerak. Yaʼni yaqinlariga, qavmu qarindoshlariga “menga biror kor-hol yuz bersa, sabr qilinglar, keyin meni shunday kafanlanglar, falon joyga koʻminglar”, deb vasiyat qilishi matlubdir.
* * *
Har bir moʻmin birodarining vafot etganini eshitsa: “Inna lillahi va inna ilayhi rojiʼun”, yaʼni: “Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz”, deyishi va musibat ahliga taʼziya bildirishi kerak. Dafndan avval yoki keyin boʻlsa-da, taʼziya bildirish mustahabdir. Imom Muhammad nazdida taʼziya uch kungacha joizdir, undan keyingisi makruh.
Tobut koʻtarib ketayotganda gaplashilmaydi. Ayollarga tobut ortidan ergashish joiz emas. Marhum uchun dod-faryod solib, baqirib yigʻlash – harom. Dafndan soʻng hamma oʻz ishiga tarqab ketishi kerak. Taʼziyaxonada dafndan keyin ham yigʻilib oʻtirish makruh.
Imom Majdiddin Firuzobodiy “Sirot al-mustaqim” kitobida yozishicha, dafndan soʻng jam boʻlish, xoh qabr boshida, xoh boshqa joyda boʻlsin, bidʼatdir. Ammo taom tayyorlab azador oilaga yuborish mustahab.
Qabr ustiga pishiq gʻisht, tosh va shunga oʻxshash narsalar bilan maqbara va imorat qurish, chiroq yoqish bidʼatdir.
“Islom nuri” gazetasining 2026-yil 6-sonidan
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





