Home / FOTO LAVHALAR / Nazariy bilimlar amaliyot bilan mustahkamlandi

Nazariy bilimlar amaliyot bilan mustahkamlandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida tashkil qilingan “Oʻrta Osiyo qoʻlyozmalari kodikologiyasi elementlari” mavzusidagi seminar-treningning ikkinchi kuni sermazmun amaliy mashgʻulotlarga boy boʻldi.

Tadbirning bu bosqichida asosiy eʼtibor tinglovchilarning mustaqil tadqiqotlari va qoʻlyozma manbalar bilan bevosita ishlash jarayoniga qaratildi. Dasturga muvofiq, fransiyalik ekspert Frans Rishar qoʻlyozmashunoslikning nazariy asoslari yuzasidan yakuniy xulosalar bergach, seminarning eng muhim qismi – ishtirokchilarning taqdimotlari boshlandi. Unda olim va restavratorlar oʻzi tadqiq etayotgan manbalar, qoʻlyozmalarni asrab-avaylashdagi shaxsiy tajribasi va sohadagi dolzarb muammolar yuzasidan maʼlumot berdi.

Kunning ikkinchi yarmida ishtirokchilar qoʻlyozmalarning kodikologik tavsifini tuzish, qogʻoz turlarini aniqlash va muqovasozlik sanʼatining nozik jihatlarini bevosita amaliyotda sinab koʻrdi. Bu jarayonda olimlar va yosh tadqiqotchilar oʻrtasida qizgʻin fikr almashuvlar boʻlib oʻtdi.

Ikki kunlik intensiv oʻquv kursi nihoyasida ishtirokchilarga olingan bilim va koʻnikmalarni tasdiqlovchi maxsus sertifikatlar topshirildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markazga joriy yilning ilk stipendiati keldi

Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiyaning joriy yildagi ilk sovrindori, Turkiyadagi Karabuk universiteti tadqiqotchisi Ayshenur Kumas …