Home / FOTO LAVHALAR / Qoʻlyozmashunoslik sohasidagi xalqaro seminar oʻz ishini boshladi

Qoʻlyozmashunoslik sohasidagi xalqaro seminar oʻz ishini boshladi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 16-aprel kuni “Oʻrta Osiyo qoʻlyozmalari kodikologiyasi elementlari” mavzusida navbatdagi oʻquv seminar-trening start oldi. Unda mamlakatimiz olimlari, tadqiqotchilar, restavratorlar, shuningdek, Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya sovrindorlari ishtirok etmoqda.

Taʼkidlash joizki, mazkur ilmiy tadbir anʼanaviy xarakterga ega boʻlib, oʻtgan yili oʻtkazilgan seminarning mantiqiy davomi hisoblanadi. Ushbu loyiha Markaz tomonidan Fransiyaning “College de France” oliy oʻquv muassasasi va Tillar va sivilizatsiyalar universiteti kutubxonasi (BULAC) bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Seminarning ochilish marosimida Markaz direktori Shovosil Ziyodov ishtirokchilarni qutlab, bunday mashgʻulotlar qoʻlyozma manbalarni saqlash va tadqiq etish sohasi mutaxassislarining malakasini oshirishda, shuningdek, oʻzbek va fransuz sharqshunoslik maktablari oʻrtasidagi oʻzaro tajriba almashuvini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida qayd etdi.

Tadbirning ilk kunida fransiyalik taniqli olimlar – Mari Eftimiyu va Frans Jan-Ogyust Rishar tomonidan nazariy mashgʻulot oʻtkazildi.

Maʼruzalar davomida Markaziy Osiyoda bitilgan qoʻlyozmalarning oʻziga xos xususiyatlari, kodikologik tadqiqotlarning zamonaviy usullari va qadimiy matnlar bilan ishlashning oʻziga xos jihatlari batafsil koʻrib chiqildi. Mutaxassislar ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarib, mavzu yuzasidan fikr almashdi.

Kunning ikkinchi yarmida seminar ishtirokchilari uchun Samarqandning qadimiy qogʻozchilik sanoati anʼanalari bilan tanishish maqsadida Konigil turizm qishlogʻidagi qogʻoz ishlab chiqarish korxonasiga safar tashkil etildi. Bu qisqa, lekin gʻoyat sermazmun sayohat nazariy bilimlarni amaliy taassurotlar bilan boyitishga xizmat qildi.

Xalqaro seminar 17-aprel kuni ishini davom ettiradi. Endi asosiy eʼtibor amaliy mashqlar va ishtirokchilarning taqdimotlariga qaratiladi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markazga joriy yilning ilk stipendiati keldi

Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiyaning joriy yildagi ilk sovrindori, Turkiyadagi Karabuk universiteti tadqiqotchisi Ayshenur Kumas …